21:50 / 24.08.2024
49

Shavkat Mirziyoyev: “Ozarbayjon — bizning muhim strategik hamkorimiz”

Shavkat Mirziyoyev: “Ozarbayjon — bizning muhim strategik hamkorimiz”
O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatda ittifoqchi do‘stlari safi yana bittaga ko‘paydi. 22—23 avgust kunlari Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida ikki mamlakat o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

Bu vaqtga qadar O‘zbekiston mintaqadagi qo‘shnilari Qozog‘iston va Tojikiston bilan ittifoqdoshlik to‘g‘risida shartnoma imzolagan edi. Xo‘sh, ittifoqchilik va strategik sheriklikning farqi nimada? Ittifoqchi davlatlar zimmasiga qanday majburiyatlarni oladi?

Siyosatshunos Farhod Tolipov ushbu savolga javob berar ekan, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar jadal sur’atlar bilan rivojlanib, o‘zaro ishonchning ortishi natijasida ittifoqchilik shakllanishini, ittifoqchi davlatlar birgalikda xavfsizlik hamda harbiy sohada umumiy siyosat yuritishini ta’kidladi.

Shu vaqtga qadar O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar bilan strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolagan. O‘zbekiston hozircha mintaqa davlatlaridan faqat Qozog‘iston va Tojikiston bilan ittifoqchilik haqida shartnoma imzolangan. Aslida davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, degani 3-4 ko‘rsatkichlar bilan ajralib turadigan munosabatlar tarzi hisoblanadi. Strategik sheriklar o‘zlarining hamkorliklarini keng qamrovli qilgan holda, uzoq muddatni mo‘ljal qiladi.

Shuningdek, strategik sherik mamlakatlar o‘zining tashqi siyosatida global dunyodagi yirik muammolar bo‘yicha, pozitsiyalarini bir-biriga yaqinlashtiradi. Ya’ni strategik sherik hisoblangan davlatlar tashqi siyosatda bir-biriga zid tarzda harakat qilmaydi. Bu hamkorlik aloqalari yanada o‘sib, ravnaq topib borgani sari o‘zaro ishonch yuqori darajaga ko‘tarilib, ittifoqdoshlik munosabati shakllanadi.

Ittifoqchilik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan davlatlar xavfsizlik va harbiy sohada umumiy siyosat yuritadi. Agar ittifoqchi davlatlarni biriga tashqi tahdid xavf solsa, ikkinchi ittifoqdosh davlat unga harbiy ko‘mak beradi. Ya’ni tashqi xavfga qarshi yelkama-yelka qarshi kurashadi. Mana shu ittifoqchilik hisoblanadi
”, deydi Farhod Tolipov.

Bugungi kunda Yaqin Sharq mintaqasidagi keskin holat va Ukrainadagi urush natijasida quruqlik yo‘llariga bo‘lgan talabni yanada oshirdi. O‘zbekiston Yevropaga chiqish uchun Ozarbayjondan o‘tadigan Boku—Tbilisi—Kars quruqlik yo‘lagidan foydalanmoqchi.

O‘zbekiston Xalqaro aloqalar bo‘yicha axborot-tahlil markazi direktori Sanjar Valiyev “Daryo” savoliga javob berar ekan, transport yo‘laklaridan hamkorlikda foydalanish masalasida shunday dedi:

Ozarbayjon mamlakat hududini Janubiy Kavkazdagi transport markaziga aylantirish uchun ko‘p sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Kaspiy dengizida port infratuzilmasi rivojlanmoqda, Boku—Tbilisi—Kars quruqlik yo‘lagi mavjud, yangi kommunikatsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda. Shu bois Ozarbayjon infratuzilmasidan Yevropa va Yaqin Sharq bilan savdoni rivojlantirish uchun hamkorlik qilish O‘zbekiston uchun juda muhim.

O‘z navbatida biz Markaziy Osiyoda juda jozibali yo‘llar tarmog‘iga egamiz. Afg‘onistonga yagona temir yo‘l O‘zbekistondan o‘tadi. Bizning sa’y-harakatlarimiz bilan Xitoy va Pokistonga temir yo‘l qurilishini boshlash bo‘yicha ishlarning chuqur bosqichiga yetdik. Bular dunyodagi ikkita yirik iste’mol bozoriga – Janubiy (Hindiston bilan) va Sharqiy Osiyoga (Xitoy bilan) kirish uchun juda jiddiy loyihalardir
.

O‘rta yo‘lak
Foto: “ekonomstrojdom.ru”

Shunday qilib, har ikki davlatning mavjud va kelajakdagi transport infratuzilmasi o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun qo‘shimcha platforma yaratadi va qit’adagi asosiy mintaqalarning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlaydi.

Boshqa bir siyosatshunos Farhod Karimov Ozarbayjon prezidentining O‘zbekistonga rasmiy davlat tashrifining ahamiyati haqida to‘xtalib, ikki mamlakat o‘zining imkoniyatlaridan to‘liq foydalanmayotganini aytib o‘tdi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari tarixiy asoslarga ega. Misol uchun, Alisher Navoiy Nizomiddin Ganjaviyning 'Xamsa' asaridan ilhomlanib, o‘zining 'Xamsa'sini yaratgan. Turkiy tilni rivoj topishida o‘zbek va ozarbayjon xalqlarining tarixiy ildizlari muhim ahamiyat kasb etgan. Bundan tashqari, savdo-munosabatlarida Boku shahrida Buxoro karvonsaroylari bo‘lgan. Ya’ni qarindoshlik aloqalari saqlanib qolgan.

Ozarbayjon bilan yaxshi aloqalar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, lekin hali imkoniyatlardan to‘liq foydalana olganimizcha yo‘q. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo hajmi bir necha million dollarni tashkil qiladi xalos. Ya’ni, biz imkoniyatlarning o‘ndan birini ham foydalanmadik
”, deydi siyosatshunos.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman
Farhod Karimovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston Boku orqali Qora dengiz va O‘rta yer dengiziga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

2023 yilning avgust oyida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifi bilan borgan edi. Ushbu uchrashuvda tadbirkorlik va investitsion dasturlarni almashish masalalari ko‘rib chiqilgandi. O‘shanda 400 million dollarlik shartnoma imzolangan.

Va shu bilan birga, Boku—Tbilisi—Kars yo‘nalishidagi transport yo‘lagidan foydalanish masalasi muhokama qilingan edi. Bu yo‘l orqali O‘zbekiston Qora dengiz va O‘rta yer dengiziga chiqadi. Bu O‘zbekiston uchun juda ham muhim hisoblanadi. Lekin bu yerda o‘ziga yarasha muammolar mavjud. Ozarbayjon ushbu muammolarni mintaqadagi kuch markazlari Turkiya yoki Rossiya orqali yechishga harakat qilmoqda. O‘zbekiston fursatni qo‘ldan boy bermasdan shu jarayonda bevosita ishtirok etmoqda. Ya’ni, O‘zbekiston bu hududdan o‘tuvchi yo‘laklarni shakllanishida ishtirokchi sifatida qatnashmoqchi
”, deydi u.

Rasmiy uchrashuvlar yakuniga yetgach, ikki qardosh mamlakatning san’at vakillari ishtirokida konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng Ozarbayjon prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi o‘z nihoyasiga yetdi. Ilhom Aliyev va uning rafiqasini O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov kuzatib qo‘ydi.

Ma’lumot o‘rnida, 1995 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. Shundan bir yil o‘tib, aniqrog‘i, 1996 yilda Toshkentda Ozarbayjon elchixonasi, 1998 yilda esa Bokuda O‘zbekiston elchixonasi ochilgan.

Haydar Aliyev va Islom Karimov
Foto: “avciya.az”

1997 yilda Ozarbayjonning umumxalq yetakchisi Haydar Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi davomida ikki mamlakat o‘rtasida 19 ta hujjat imzolangan. 2004 yil Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirgan. Tashrif davomida davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga doir deklaratsiya imzolangan. 2017—2022 yillar ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 29 mln dollardan 181,2 mln dollarga oshgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: “Ozarbayjon — bizning muhim strategik hamkorimiz”