
Bolalarni shovqinli “o‘yin” orqali internetda mashhur qilmoqchi bo‘lgan bloger ayol noqulay vaziyatga tushdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar jamiyatda jiddiy muhokamalarni keltirib chiqardi. Bu videolarda bolalarning bir-biriga nisbatan pichoq bilan tahdid qilishi aks etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea 13 iyul kuni Toshkent viloyatida sodir bo‘lgan. 32 yoshli fuqaro dam olish vaqtida o‘z farzandi va jiyanini "hazillashib mushtlashishga" chorlab, bundan zavq olgani ko‘zga tashlanadi. U ushbu lavhalarni ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifasiga joylab, odamlar e’tiborini qozonishni ko‘zlagan.
Biroz vaqt o‘tib, mazkur video jamiyatda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Video kontenti nafaqat bolalar huquqlariga, balki umumiy axloqiy me’yorlarga ham zid ekani aytiladi. Videoda bolalarning bir-biriga nisbatan pichoq bilan tahdid qilishi, kattalarning esa bu holatni qiziqarli deb baholashi qayd etilgan.
Bolalar Ombudsmani idorasi ushbu videolavhalardan so‘ng tekshiruv o‘tkazdi. Shu asosda 14 iyul kuni Ichki ishlar vazirligiga rasmiy xat bilan murojaat yo‘llandi. Xatda ushbu holatga huquqiy baho berish so‘raldi.
Qonunchilikka ko‘ra, bolalar xavfsizligi va ularning sog‘lom rivojlanishiga xalaqit beruvchi harakatlar javobgarlikka sabab bo‘ladi. Aynan shu asosda 15 iyul kuni bloger ayol Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi bilan javobgarlikka tortildi. Ushbu modda bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik holatlarini o‘z ichiga oladi.
Jarima miqdori 1 dan 5 BRVgacha, ya’ni 375 ming so‘mdan 1,9 million so‘mgacha etib belgilangan. Ayolga jarima qo‘llanildi, oila esa mutasaddi tashkilotlar nazoratiga olindi.
Fuqarolar orasida "blogerlar haddan oshib ketdi", "salbiy kontent orqali shon-sharf izlash to‘g‘ri emas", degan kabi munosabatlar yangradi. Jamoatchilik ko‘pincha bunday videolar orqali bolalarga zarar yetkazilish ehtimolini ta’kidlashdi.
Bolalar Ombudsmani o‘z munosabatida ota-onalar va kattalarni farzandlar tarbiyasida yanada mas’uliyatli bo‘lishga chaqirar ekan, tajovuzkorlikni “hazil” sifatida ko‘rsatish mumkin emasligini urg‘uladi.
Bu kabi voqealar ota-onalar, ta’lim muassasalari va jamiyatni yanada ogoh bo‘lishga undaydi. Bolalar uchun yaratilayotgan muhit nafaqat sog‘lom, balki xavfsiz bo‘lishi shart. Chunki ular kelajagimiz, va ularning hissiyotlari, ruhiy holati internet shov-shuviga qurbon bo‘lmasligi kerak.
Yuqoridagi voqea orqali yana bir bor ayon bo‘lmoqda: internet orqali mashhurlikka erishish niyati ba’zan ijtimoiy me’yorlar va qonun talablarini mensimaslikka olib keladi. Bunday harakatlar esa nihoyatda xavfli oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Ayni vaqtda mas’ul idoralar tomonidan oila nazoratga olingan, farzandlarning huquqlari muhofaza qilinishi yuzasidan qo‘shimcha ishlar olib borilmoqda. Agar ehtiyoj tug‘ilsa, psixologik yordam va ijtimoiy xizmatlar ham jalb qilinishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar