Tangri nazari tushgan yurtimizning ulug‘lari qayerda bo‘lmasinlar, hamisha o‘zlarining faoliyatlari bilan buyuk hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lib kelishgan. Bugun biz yoriga sadoqati bilan dunyo ahlini lol qoldirgan, go‘zalligi bilan Chin imperatorini maftun etgan, Evropa san’at ahlining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lgan, bizga esa deyarli notanish malika Iparxon haqida so‘z yuritmoqchimiz. E’tiqod olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bu ayolning ajdodlari asli samarqandlik bo‘lgani haqida biz 2007 yili Qashqarga ilmiy safar bilan borganimizda ma’lumotga ega bo‘lgan edik.
Mahdumi A’zam Kosoniy Dahbediyning (Haqiqiy ismi – Sayid Ahmad ibn Mavlono Jaloliddin Xojagiy Kosoniy. «Mahdum» so‘zining lug‘aviy ma’nosi – Hazrat, Xoja; «A’zam» so‘zi – buyuk, ulug‘ ma’nolarini bildiradi) vafotidan (1542 yil) keyin to‘ng‘ich o‘g‘li Imomi Kalon (Eshon Kalon, Kalon xo‘ja, xo‘jayi Dahbediy) va kenja o‘g‘li xo‘ja Muhammad Isoq Vali Sharqiy Turkistonning nufuzli diniy arboblariga aylanishgan va ularning har biri alohida so‘fiylik tariqatini yaratishgan. Mahdumi A’zamning kichik bekasi, Xo‘ja Muhammad Isoq Valining onalari asli qashqarlik aslzodalardan bo‘lib, buyuk qoraxoniylar davlatining asoschisi, Qashqar va Ettisuv orasida yashagan ko‘chmanchi turkiylar orasida islomning yoyilishida muhim o‘rin tutgan Sulton Sotuq Bug‘roxon g‘oziy (942 – 955 yillar)ning avlodi bo‘lgan. Aynan shu holat Mahdumi A’zam Kosoniy avlodlarining Yorkent xonligida muqim qaror topishiga asos bo‘ldi.
Qashqar shahridagi Mahdumi A’zamning avlodlariga mansub bo‘lgan “Ofoq xo‘ja” maqbarasining yana bir nomi “Iparxon”dir.
Maqbaradagi markaziy binoda Jahon xo‘janing bevasi, keyinchalik Imperator Syanlunning suyuklisi Iparxon (Syanfey) ham dafn etilgan. Uyg‘uristonda tarixiy yodgorlik sifatida qadrlanib, ziyoratgohga aylantirilgan mazkur naqshinkor maqbara 1640 yilda qurgan. Unda Mahdumi A’zamning 5 avlod-ajdodiga mansub 72 kishining qabri joylashgan. Maqbaraga dastlab Ofoq xo‘janing otasi Muhammad Yusuf xo‘ja dafn etilgan. Me’moriy obida 1870–1877 yillarda Piskentlik Yoqubbek Badavlatning Ettishahar davlatida hukmronlik qilgan yillari qayta ta’mirlangan va hozirgi ko‘rinishga keltirilgan.
Mahdumi A’zamning og‘a-inilari Burxoniddin xo‘ja va Jahon xo‘ja, Ofoq xo‘janing ukasi Mo‘min xo‘janing evarasi Ali xo‘janing qizi Iparxon kabilar Qashqarning ijtimoiy-ma’naviy hayotida nihoyatda muhim o‘rin tutishgan.
Yurt va yorga sadoqat timsoliga aylangan Iparxon el orasida shunchalik mashhur bo‘lganki, u haqida nafaqat mahalliy adiblar, balki ovrupolik ijodkorlar ham ko‘plab kitoblar, roman va dostonlar, filmlar yaratishgan, uning surati esa go‘zallik timsoliga aylangan. Iparxon o‘z xalqining fidoyisi, madaniyat, adabiyot, san’at homiysi sifatida bemisl obro‘ga ega bo‘lgan.
Malika Iparxon 1734 yil 15 sentyabrda Yorkentda tavallud topgan. Keyinroq oilasi Qashqarga ko‘chib kelgan.
Iparxon haqida ijod qilingan badiiy asarlarning muxtasar bayoni shundan iboratki, Jahon xo‘janing bevasi Iparxonning go‘zalligi, ayniqsa undan doimo taralib turgan gul ifori Chin imperatori – Syanlun nomi bilan hukmronlik qilgan (1736 – 1795) Aysingyoro Xun Lining xayolini o‘g‘irlagan. Iparxonga g‘oyibona oshiq bo‘lgan imperator turli yo‘llar yordamida uni o‘zining Pekindagi saroyiga keltiradi.
Shaxsan Syanlunning talabi bilan Iparxonga xitoycha Syanfey (muattar) nomini berishib, saroydagilar uning qavmiga va urf odatlariga katta hurmat-e’tibor bilan qaraydigan bo‘lishadi. Biroq Iparxon nafaqat imperatorni o‘z yoniga yaqinlashtiradi, balki kiyimlarini kiyishda unga yordam beradigan kanizaklar xizmatidan ham voz kechadi.
Xizmatchilarga imperator haqida «agar menga hatto barmog‘ini tekkizsa, avval xanjarni uning yuragiga sanchaman, keyin o‘zimni o‘ldiraman», deya ogohlantiradi. Bunday tahdiddan Syanlunning kulgisini qistaydi. Keltirilishicha, imperator jismoniy jihatdan juda kuchli bo‘lib, u Girin o‘rmonlaridagi ovda o‘z qo‘llari bilan ayiqni ham qulatgan ekan.
Mahbubasining tabassumiga zor bo‘lgan imperator uning ko‘nglini olish uchun uning derazasi oldida ona yurti Qashqar va Sohibqiron Temur poytaxti sifatida Xitoyda mashhur bo‘lgan Samarqand madrasalari, muhiti aks etgan, hatto bozorlari va turkiycha hammomi bo‘lgan “Van szya lou” nomini olgan kichik shaharchaning nusxasini yaratadi. Manbalarda keltirilishicha, Pekinning Chanan ko‘chasida bu majmuani XX asr boshlarida ham ko‘rish mumkin bo‘lgan. Bu ham etmagandek, imperator o‘sha vaqtda saroyiga tashrif buyurgan milanlik missioner rassom Djuzeppe Kastilonega yog‘li buyoqlarda Qashqar va Samarqand manzaralarini chizishni buyuradi. Bu ulkan suratlar g‘ildiraklarga o‘rnatilib, Syanfey yurti tasvirini jonlantirish uchun navbati bilan harakatlanar edi. Biroq imperatorning barcha urinishlari zoe ketadi. Mag‘rur Qashqar qizi imperatorni yor sifatida qabul qilmaydi.
Iparxon ko‘pchilik qavmdoshlariga kabi Navoiy, Mashrab, xojasi Jahon xo‘ja Arshiy she’riyatining shaydosi edi. Ushbu shoirlarning sara she’rlarini to‘plab, o‘zi uchun majmua kitobat qildirgan. Iparxon Pekinga olib ketilayotganda doimiy yo‘ldoshi bo‘lgan o‘sha majmua qo‘lyozmasidan bo‘lak hech narsani o‘zi bilan olmagan. Bu majmua malikani so‘nggi kunlargacha tark qilmadi. Uning vafotidan so‘ng bu kitob imperator tomonidan Iparxon uchun taom tayyorlashga tayinlangan uning qavmdoshi bo‘lgan Nurmuhammad ismli usta oshpazda qoldi.
1781 yil 5-yanvar kuni Syanlun ziyofat chaqirib unda Nurmuhammadga mehmonlarni milliy taomlar bilan siylashni buyuradi. Oshpaz ikki xil o‘zining milliy qaylasini tayyorlab, maqtov va mukofotga sazovor bo‘ladi. 1788 yili yanvar oyida bo‘lib o‘tgan ziyofatda malikalar o‘z oshpazlariga taom tayyorlatishgan va Syanlunga tortiq qilishgan. Nurmuhammad imperatorning eng so‘ygan taomi palov bilan qo‘y go‘shtidan chuchvara tayyorlagan. Imperatorga aynan bu taomlar ma’qul kelib, u yana Nurmuhammadni mukofotlagan. Bu vaqtda esa Iparxon xastalanib to‘shakda yotgan edi.
Syanfeyning Syanlunni o‘ldirishi haqidagi tahdidi imperatorning onasi Syao Shenning qulog‘iga ham etib boradi. Imperatorning safarga ketganligidan foydalangan Syao Shen Syanfeyni qoshiga chaqirib “Nima xohlaysan?” degan savolni beradi. “O‘lishni”, deya javob beradi Syanfey.
Shu suhbatdan keyin Iparxonning xastaligi kuchayib boradi. Onasi va Iparxon o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatdan bexabar Syanlun 1788 yil 15 aprel kuni kasal yotgan malikaning yoniga kelib, uni apelsin bilan siylaydi. Bu ularning so‘nggi uchrashuvi bo‘ldi.
Garchi Syanlun Iparxon uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan, uning barcha istaklarini bajo keltirgan bo‘lsa ham, Iparxon baribir imperator saroyida o‘zini juda g‘arib sezdi. Yori Jahon xo‘ja yodi bilan umrini g‘am-anduhda o‘tkazdi. Sog‘inch adoyi tamom qilgan, siyratsiz suratga aylangan va begona muhitga ko‘nika olmagan Iparxon 1768 yili 19 aprel kuni vafot etadi. Imperatorning buyrug‘iga binoan uning jasadini 120 xizmatchi Qashqarga keltirib, Ofoq xo‘ja maqbarasiga dafn etishadi. Iparxonning jasadini olib kelgan taxti ravon hanuzgacha maqbaraga kirish joyining chap tarafida turibdi.
Iparxon vafoti Syanlunga qattiq ta’sir qildi. U avvalgidek podshohlik ishlariga g‘ayrat va shiddat bilan yondashmay qo‘ydi. Yolg‘izlikni qumsay boshladi. Oxir oqibatda 1796 yili fevral oyida Syanlun taxtidan voz kechadi va umrining qolgan to‘rt yilini o‘zlatda o‘tkazadi.
Xitoyda Lan Shinin nomi bilan tanilgan biz keltirib o‘tganimiz, Milan farzandi, rassom Juzeppe Kastilone mo‘yqalamiga mansub bo‘lgan Iparxonning qiyofasi aks etgan suratlar bizning kunlargacha saqlanib qolgan. Ularda Iparxon ham oddiy ko‘rinishda, ham harbiylar kiyimida tasvirlangan.
Bu suratlarning biri Londondagi Britaniya muzeyidan joy olgan bo‘lib, uning go‘zalligi va tarixi Evropalik muxlislarning cheksiz hurmati va e’tirofiga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Erkin Musulmonov “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi