Buxorolik ayol birgina qo‘ng‘iroq ortidan 1 milliard pulidan ayrildi

Buxoro shahrida yirik tashkilotlardan birida hisobchi sifatida faoliyat yurituvchi ayol atigi bitta telefon qo‘ng‘irog‘i ortidan 1 milliard so‘mdan ziyod mablag‘idan mahrum bo‘ldi. Bu haqida 10 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Qayd etilishicha, ushbu holat 2025 yilning 1 dekabr sanasida yuz bergan. Shu kuni jabrlanuvchiga Telegram orqali o‘zini O‘zbekiston Markaziy banki mas’ul xodimi sifatida tanishtirgan noma’lum shaxslar qo‘ng‘iroq qilgan. Ular ayol nomidagi tijorat banklarida saqlanayotgan omonat mablag‘lari bank xodimlari tomonidan talon-toroj qilinayotganini aytib, pullarni “xavfsiz” hisoblangan boshqa plastik kartalarga zudlik bilan o‘tkazish kerakligiga ishontirgan.
Mablag‘larini yo‘qotishdan xavotirga tushgan ayol turli to‘lov ilovalari orqali to‘rtta bankda saqlanayotgan jami 1 milliard 9 million so‘m omonat pulini firibgarlar aytgan kartalarga o‘tkazib yuborgan. Bir necha kundan keyin esa aldanganini anglab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.
Shundan so‘ng Buxoro viloyati IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazilib, Toshkent shahridagi operatsiya davomida pullarni naqdlashtirish va jinoiy guruh faoliyatini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullangan ikki asosiy gumonlanuvchi ushlangan.
Hozirda ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlikning 4-qismi “a” bandi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda. Shuningdek, o‘zlashtirilgan barcha plastik kartalarga maxsus tizim orqali cheklovlar qo‘yilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar pullarni izsiz yo‘qotish uchun murakkab va ko‘p bosqichli sxemadan foydalangan.
O‘g‘irlangan 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ besh nafar fuqaro nomiga ochilgan drop-kartalar orqali tarqatilgan. Xususan, mablag‘ning 325 million so‘mi poytaxtlik yigitning kartasiga tushgan. U o‘z nomiga ikki dona bank kartasi ochib, ularni 1 million so‘m evaziga boshqa shaxsga sotgan. Vositachi esa kartalarni 2 million so‘mga jinoiy guruhning asosiy ishtirokchilaridan biri — asli xorazmlik bo‘lgan shaxsga bergan. Keyinchalik ushbu mablag‘ ikki nafar sherik orqali bankomatlardan naqdlashtirib olingan.
Yana 274 million so‘m Xorazm viloyatida yashovchi boshqa bir fuqaroning kartasiga o‘tkazilgan. U o‘z nomidagi oltita bank kartasini tanishiga 1 million so‘mga sotgan. Keyin esa bu mablag‘lar Toshkent shahridagi turli bankomatlar orqali yechib olingan.
Shuningdek, 238 million so‘m poytaxtda tahsil olayotgan talabaning ikki kartasiga kelib tushgan. Talaba mazkur kartalarni ikki nafar o‘smirga, jumladan voyaga yetmagan maktab o‘quvchisiga 600 ming so‘mga sotgan. Keyinchalik ushbu kartalar ijtimoiy tarmoq orqali noma’lum shaxslarga pullangan va mablag‘lar kriptovalyutaga ayirboshlangan.
To‘rtinchi holatda esa 72 million so‘m Andijon viloyatida yashovchi voyaga yetmagan yigitning virtual kartasiga kelib tushgan va u yerdan boshqa hisoblarga tarqatib yuborilgan. Ma’lum bo‘lishicha, u virtual kartasini tanishiga 100 ming so‘mga sotgan. Mablag‘ning bir qismi Qo‘qon shahridagi bankomatlar orqali naqdlashtirilgan.
Qolgan 100 million so‘m esa Toshkent viloyatida yashovchi shaxsning kartasiga, keyin esa sirdaryolik yigit nomidagi kartaga o‘tkazilgan. U ham o‘z kartalarini vositachilarga 1 million so‘m evaziga sotib yuborgan. Bundan tashqari, jinoyat izlarini yashirish maqsadida mablag‘larning bir qismi Namangan viloyati, Jizzax viloyati hamda Andijon viloyatidagi fuqarolar kartalariga ham tarqatilgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari va raqamli izlarni sinchiklab tahlil qilish natijasida Toshkentda qo‘lga olingan ikki gumonlanuvchining qimmatbaho avtomashinalari ko‘zdan kechirilgan. U yerdan ashyoviy dalil sifatida turli rusumdagi mobil telefonlar, SIM-kartalar, o‘nlab bank plastik kartalari hamda 100 million so‘mdan ortiq naqd pul olingan. Gumonlanuvchilar voqea joyidayoq qamoqqa olingan.
Eng muhimi, jabrlanuvchi ayolning o‘g‘irlangan jami 1 milliard 9 million so‘m mablag‘i to‘liq qaytarilgani ma’lum qilindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!