16:36 / 12.06.2017
6 173

Mehnat migrasiyasi: qonuniy ishlagan kelajakda pensiyasiz qolmaydi

Mehnat migrasiyasi: qonuniy ishlagan kelajakda pensiyasiz qolmaydi
Bugungi globallashuv sharoitida mehnat migrasiyasi dunyo iqtisodiy hayotining muhim tarkibiy qismlaridan biriga aylandi. Buni nafaqat iqtisodchilar, ayni paytda Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham alohida e’tirof etmoqda. Tashkilot vakillari ta’kidlashicha, jahon iqtisodiyoti borgan sari mehnatkash-migrantlar zahmatiga uzviy bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Migrasiya taraqqiyotga eltadi, yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Mehnat resurslaridan turli yo‘nalishlarda oqilona foydalanish joylarda iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarning yaxshilanishida muhim o‘rin tutadi. Yurtimizda fuqarolarni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish, ularning huquqlari himoyasini ta’minlash bo‘yicha faol ish olib borilayapti. Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ham ushbu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Unda aholining tashqi mehnat migrasiyasini tashkil etish tizimini hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Aholi tashqi mehnat migrasiyasi agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar, yaqin istiqbolda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida Ruslan Kenjaev Aholi tashqi mehnat migrasiyasi agentligi huzuridagi Chet ellarga ketayotgan fuqarolarni oldindan ko‘niktirish va o‘qitish markazi direktori Shukur Burhonxo‘jaev bilan suhbatlashdi.

— Mamlakatimizda yangi sharoitlarda mehnat migrasiyasiga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarmoqda, — deydi Sh. Burhonxo‘jaev. — Migrantlarning yurtimiz iqtisodiyotiga, ayni paytda ular ishlayotgan mamlakatlar taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi katta. O‘z nav-batida, chet mamlakatlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya etishga ustuvor ahamiyat qaratilayapti. Hozirgi kunda Aholi tashqi mehnat migrasiyasi agentligining faol ishtirokida ushbu sohadagi huquqiy asoslar takomillashtirilmoqda. Ishga yollash (rekruting), mehnat migrasiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihalari ishlab chiqilayapti, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilmoqda. Ana shunday amaliy ishlardan bir misol. Yaqingacha xususiy mehnat shartnomasi asosida xorijda mehnat faoliyati uchun hujjatlarni rasmiylashtirish hamda lisenziya olishga ikki oygacha vaqt ketar edi. Endilikda bu muddat 15 kunni tashkil qiladi. Rasmiylashtirish jarayonini yanada soddalashtirish bo‘yicha ishlar olib borilayapti. Agentlik fuqarolarning ishlash uchun xorijga chiqishiga biror-bir tartib to‘sqinlik qilmasligi kerak, deb hisoblaydi. Shu sababli yurtdoshlarimizning xorijga chiqib ishlash jarayonini iloji boricha soddalashtirish ustida bosh qotirilayapti.

— Ma’lumki, mehnat migrantlarimizning katta qismi Rossiyada ishlashadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mazkur mamlakatga qilgan davlat tashrifida ushbu yo‘nalishda muhim kelishuvga erishildi. Bu Rossiyaga ishlash uchun bormoqchi bo‘lgan fuqarolarimizga nima beradi?

— Tashrif doirasida Rossiya Federasiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida hamda Migrasiya sohasida vakolatli organlarning vakolatxonalarini o‘zaro ta’sis etish to‘g‘risida bitimlar imzolandi. Shuningdek, migrasiya sohasida hamkorlikning xalqaro tan olingan shakllarini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Imzolangan bitimlar bu boradagi ahvolni o‘zgartirib, odamlarning qonuniy ishlashga bo‘lgan rag‘batini oshiradi. Mazkur hujjatlar mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilishning asosiy tamoyillarini belgilab beradi. Hozirgi vaqtda ularni hayotga tatbiq etish mexanizmlari ishlab chiqilayapti. Hukumatlararo bitim qoidalariga ko‘ra, mehnat migrantlarini uyushgan holda yollash va jalb qilishda ishtirok etayotgan ish beruvchi ularni tegishli standart va sanitariya-gigiena talablariga javob beradigan yashash joyi, xavfsiz mehnat sharoiti bilan hamda mehnat muhofazasini ta’minlashi kerak bo‘ladi. Binobarin, ish joyida xavfsizlik texnikasiga rioya etilishi, Rossiya Federasiyasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kam bo‘lmagan oylik-maosh to‘lovini kafolatlashi lozim. Ish beruvchilar xodimlarni Rossiya Federasiyasi qonunchiligi talablari bo‘yicha tuzilgan mehnat shartnomalari asosida yollaydi. Unga muvofiq, ishchi-xodim dam olish huquqiga ega bo‘ladi, o‘zaro kelishuvga asosan, O‘zbekistondagi rasmiy bayram kunlarida ham dam olishlari mumkin.

Shu bilan birga, yuqorida aytilganidek, ikki mamlakat hududida migrasiya sohasida vakolatli organlarning vakolatxonalarini o‘zaro ta’sis etish to‘g‘risida bitim imzolandi. Ular hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro shartnomalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish barobarida, fuqarolarning mehnat migrasiyasi to‘g‘risida axborot to‘plash, tahlil qilish, vakolatlari doirasida ularning huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanadi. 2017-2018 yillarda Moskva, Sankt-Peterburg, Belgorod, Krasnodar, Kaliningrad, Vladivostok, Xabarovsk, Krasnoyarsk, Novosibirsk, Ekaterinburg, Tyumen, Volgograd, Qozon va Mineralnie Vodida vakolatxonalar ochish ko‘zda tutilayapti.

— Fuqarolarimizning qaysi mutaxassisliklar bo‘yicha Rossiyada ishlashini uyushgan holda tashkil etish rejalashtirilayapti? Ushbu mamlakatda qonuniy mehnat qilish qanchaga tushadi?

— Rossiyadagi ish beruvchilar taklif etgan barcha mutaxassislik bo‘yicha uyushgan holda ishga qabul qilish tashkil qilinadi. Hozirgi kunda haydovchilar, tikuvchilar, quruvchilar, tokarlar va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha tanlov ketayapti.

Shu o‘rinda to‘lov to‘g‘risida. Huquqiy hujjatlarga ko‘ra, agentlik xo‘jalik tashkiloti bo‘lib, davlat byudjetidan mablag‘ olmaydi. Hujjatlarni, ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, berish va muddatini uzaytirish uchun olingan mablag‘lar idora faoliyatini moliyalashtirishda muhim manba hisoblanadi. Mavjud tariflar Bandlik va -mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Ish topish, chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish xizmatlari haqi eng kam ish haqining 4 baravari, ya’ni qariyb

600 ming so‘m miqdorida belgilangan. Bo‘lg‘usi mehnat migranti, shuningdek, Chet ellarga ketayotgan fuqarolarni oldindan ko‘niktirish va o‘qitish markazi kurslari uchun ham haq to‘lashi mumkin. Bu Rossiya, Polshaga borishni istaganlar uchun 600 ming, Janubiy Koreyaga boradiganlarga 900 ming so‘m atrofida. Mazkur kurslarda mehnat migrantiga borayotgan davlat qonunlari, an’analari tushuntiriladi, muloqot qilish va ish uchun etarli darajada til o‘rgatiladi, xavfsizlik texnikasi qoidalari va mehnat muhofazasi talablari haqida batafsil axborot beriladi. Yil boshidan beri ushbu markazda qariyb 500 kishi tahsil oldi.

Ayni paytda kompleks tibbiy ko‘rikdan o‘tish kerak bo‘ladi. Bunga 127 ming 500 so‘m ketadi. Agentlik doirasida sarflanadigan xarajatlar — shular. Ammo xodim, misol uchun, Rossiyada ishlaydigan bo‘lsa, patent uchun ham to‘lov qilishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, chipta, ish joyiga etib olish uchun yo‘l haqi, viza tartibi amal qiladigan davlat uchun esa viza to‘lovlarini amalga oshirishi lozim.

Albatta, hammada ham yuqorida qayd etilgan to‘lovlar uchun etarli darajada mablag‘ bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli ham agentlik moliya muassasalari va ayrim ish beruvchilarning e’tiborini mazkur muammoni hal qilishga qaratmoqda. Yurtimiz hamda -Rossiyaning qator banklari ishga ketayotganlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, o‘qitish, yo‘lkira hamda dastlabki yashash joyi uchun qisqa muddatli kreditlar ajratish istagini bildirishdi. Bunda kredit to‘lovi ish joyida oylik maoshidan ushlab qolish orqali qoplanadi. Bir qator ish beruvchilar nafaqat yo‘l haqini, ayni paytda patent uchun ketadigan mablag‘larni ham ko‘tarishga tayyor. Bu mablag‘lar keyinchalik xodimning oylik maoshidan ushlab qolinadi.

— Yuqorida Polshani tilga oldingiz. Yaqinda ommaviy axborot vositalarida ushbu mamlakat yurtimizdan ishchilarni yollashga qiziqayotgani haqida axborotlar paydo bo‘lgan edi. Shu xususda to‘liqroq ma’lumot bersangiz.

— Ushbu yo‘nalishda hamkorlik joriy yilning 8 fevral kuni boshlangan edi. O‘shanda Polshaning “JP Construct sp.z.o.o.” kompaniyasi bilan O‘zbekiston fuqarolarini mazkur mamlakatga ishga jalb qilish va yollash to‘g‘risida bitim imzolandi. Kompaniya Evropaning ushbu davlatida yiliga 2,5 ming yurtdoshimizni ish bilan ta’minlashni rejalashtirgan. Joriy yil mart oyida agentlik delegasiyasi Polshaga tashrif buyurdi. Lodzin va Lyublin hududlari gubernatorlari bilan uchrashuvlarda agentlik taqdimoti o‘tkazildi hamda mazkur hududlarning yirik biznes tuzilmalari uchun brifinglar tashkil qilindi. Ko‘plab etakchi kompaniyalar bilan kelajakdagi hamkorlik bo‘yicha hujjatlar imzolandi.

Hozirgi kunda “JP Construct sp.z.o.o.” kompaniyasi 50 nafar kishini tanlab oldi. Yaqin kunlarda ular ushbu mamlakatga ketishadi. “Arrou” kadrlar agentligi haydovchilar, muzlatkichli sexlar uchun ishchilar, boshqa ixtisosliklar bo‘yicha mutaxassislar so‘rab murojaat qilgan. Ular oddiy talablarni qo‘yishmoqda, ya’ni xodim mehnatga layoqatli va sog‘lom, malaka hamda tajribaga ega bo‘lishi, boradigan mamlakatning tili va qonunlarini ma’lum darajada bilishi lozim.

— Mehnat sohasida ko‘p yillik hamkorimiz — Janubiy Koreya bilan munosabatlar qanday rivojlanayapti?

— 2007 — 2017 yillarda Janubiy Koreyaga “erkin yollash” tizimi bo‘yicha 27 ming nafardan ortiq yurtdoshlarimiz yuborildi. Natijada minglab kishilar mamlakatimizga yangi tajriba va bilim bilan, eng zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirib qaytishdi. Bugun ular turli sohalarda faoliyat yuritishmoqda. Birgina joriy yil boshidan beri 343 kishi Janubiy Koreyada ishlashga qayta borish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Birinchi chorakda agentlik tomonidan ushbu mamlakatga 551 nafar O‘zbekiston fuqarosi yuborildi. Hozirgi kunda “Tong bokiraligi” o‘lkasida 16,5 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz mehnat qilmoqda. Agentlik muntazam mehnat migrantlari faoliyatini monitoring qilib bormoqda. Janubiy koreyaliklar esa yurtdoshlarimiz haqida ijobiy fikr bildirishmoqda.

Hamkorlarimiz bilan birgalikda yollash tizimi takomillashtirilayapti. Biz xodimlarning Koreya Respublikasiga borishiga tayyorgarlik muddatini qisqartirish mexanizmini ishlab chiqdik. Natijada ushbu muddat ikki barobar qisqartiriladi hamda 15 — 35 kunni tashkil qiladi.

— Agentlik orqali boshqa mamlakatlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz ham bor. Ushbu davlatlarda qanday mutaxassislarga ko‘proq ehtiyoj mavjud?

— O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda. Tegishli vazirliklar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan, boshqa qo‘shma shartnomalar ham mavjud. Joriy yilda

14 nafar O‘zbekiston fuqarosi Kunchiqar mamlakatning etakchi kompaniyalarida uch yil davomida malaka oshiradigan bo‘ldi. O‘mon va Turkiya davlatlari bilan ham ushbu sohada -bitim tuzish maqsadida muzokaralar olib borilayotir.

— Ma’lumki, mehnat migrasiyasi qoida tariqasida bir necha yil davom etadi. Odamlar ishlab bo‘lgach, Vataniga qaytadi. Albatta, qariganda pensiya olishi kerak. Ular Pensiya jamg‘armasiga to‘lovni qanday amalga oshirishadi?

— Xodim chet eldan qaytganidan so‘ng uch kun ichida vakolatli organ tomonidan uning pasportidagi chegarani kesib o‘tganligini tasdiqlovchi shtamp asosida qaysi mamlakatda va qancha muddat ishlagani to‘g‘risida ma’lumotnoma beriladi. U Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali to‘lash va mehnat daftarchasiga qayd kiritish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Chet elda bo‘lish muddatlari, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar va konsulliklar tomonidan ham tasdiqlanishi mumkin.

Xodim kelajakda qancha pensiya olish istagidan kelib chiqqan holda Pensiya jamg‘armasiga kiritadigan sug‘urta badali miqdorini o‘zi belgilaydi. Bunda oylik to‘lov miqdori eng kam ish haqining bir baravaridan kam bo‘lmasligi kerak. Sug‘urta badallarini naqd yoki naqdsiz to‘lash mumkin.

Chet elda ishlayotgan fuqaroning mehnat daftarchasi uning doimiy yashash manzili bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limida saqlanadi va yuritiladi. Pensiya jamg‘armasiga -badal kiritilgan davrgina mehnat stajiga qo‘shiladi. Shunday qilib, fuqarolar agentlik orqali qaysiki mamlakatda ishlamasin, mehnat staji to‘playdi, sug‘urta badallarini to‘laydi hamda qariganda o‘zi uchun munosib pensiyani kafolatlaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mehnat migrasiyasi: qonuniy ishlagan kelajakda pensiyasiz qolmaydi