date

Qaysi hudud kartoshka yetishtirishda yetakchi o‘rinda?

Qaysi hudud kartoshka yetishtirishda yetakchi o‘rinda?

Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–sentyabr oylari davomida respublikadagi barcha toifadagi xo‘jaliklar jami qariyb 3,1 million tonna kartoshka yetishtirgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan barqaror o‘sishni namoyon etmoqda.

Hududlar bo‘yicha tahlil shundan dalolat beradiki, kartoshka yetishtirishda Samarqand viloyati mutlaq yetakchilikni saqlab qolgan — bu yerda 631 922 tonna mahsulot olingan. Bu hajm mamlakatda yetishtirilgan umumiy kartoshkaning qariyb beshdan bir qismini tashkil etadi.

Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda mos ravishda Toshkent viloyati (320 053 tonna) va Farg‘ona viloyati (317 426 tonna) joy olgan. Ulardan keyin Surxondaryo (316 052 tonna) va Andijon (306 060 tonna) viloyatlari kelmoqda.

Namanganda 298 992 tonna, Buxoroda 278 682 tonna mahsulot yetishtirilgan. Qashqadaryo viloyatida ham ko‘rsatkich anchagina yuqori — 168 317 tonna. Navoiy (83 552 tonna), Jizzax (68 103 tonna) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (66 102 tonna)da hosil hajmi nisbatan kamroq bo‘lsa-da, barqaror o‘sish kuzatilmoqda.

Sirdaryo viloyatida 60 131 tonna, Xorazmda esa 140 672 tonna kartoshka yetishtirilgan. Poytaxt Toshkentda bu ko‘rsatkich 429 tonna atrofida bo‘lib, asosiy ehtiyoj boshqa hududlardan keltirilayotgan mahsulotlar bilan qoplanmoqda.

Mutaxassislar fikricha, joriy yilda ob-havo sharoiti va irrigatsiya tizimining yaxshilanishi sababli kartoshka hosili ko‘plab viloyatlarda yuqori darajada bo‘lgan. Shuningdek, agrotexnologiyalar va yangi urug‘lik navlarini joriy etish natijasida hosildorlikda barqaror o‘sish kuzatilmoqda.

Shu tariqa, Samarqand viloyati yana bir bor mamlakatda kartoshka yetishtirish bo‘yicha yetakchi maqomini tasdiqladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Qaysi hudud kartoshka yetishtirishda yetakchi o‘rinda?