
Superliga 28-turidan o‘rin olgan “Buxoro” – “Neftchi” uchrashuvi 1:1 hisobida yakunlandi. Uchrashuvdan so‘ng “Buxoro” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida ishtirok etib, jamoaning o‘yini, yo‘qotilgan ochkolar va mavsumning qolgan qismi haqida fikr bildirdi.
“Har bir bahs finalga teng, lekin g‘alabalar kerak”
— Durang uchun tabriklaringizni qabul qilmayman, — dedi Xomyakov ochiqcha. — Chunki biz uchun har bir uchrashuv final kabi ahamiyatga ega. Har safar faqat g‘alaba uchun maydonga chiqamiz. Afsuski, oxirgi ikki bahsda — “Andijon”ga qarshi o‘yinda ham, bugun “Neftchi”ga qarshi bellashuvda ham kutilgan natijaga erisha olmadik.
Murabbiyning ta’kidlashicha, jamoa rejalashtirilgan o‘yin uslubini to‘liq amalga oshira olmagan. — Bugun bizda ko‘p narsa o‘xshamadi. Hujumda yetarlicha xavf tug‘dira olmadik. Ilk 15–20 daqiqa yaxshi harakat qildik, ammo keyin maydon markazini raqibga berib qo‘ydik. Bir kishi kam bo‘lib qolganimiz ham ta’sir qildi. Shunga qaramay, bir ochkoni saqlab qoldik.
“Tempni ushlab turish futbolda hal qiluvchi ahamiyatga ega”
Jurnalistlar “Buxoro”ning ko‘pincha o‘yin boshida faol harakat qilib, keyin tempni tushirib yuborayotgani haqida so‘rashdi. Bu safar esa aks holat kuzatildi — gol o‘tkazilgandan keyin jamoa faollashdi.
— Bu taktik qaror emasdi, — dedi Xomyakov. — Aksincha, har bir bahsda faollikni saqlab qolishni talab qilamiz. Chempionat oxiriga yaqinlashgani sayin, har bir ochkoning qiymati ortadi. Shuning uchun ritmni yo‘qotmaslik, raqibni o‘z o‘yinimizga moslashtirish juda muhim. Biz faqat kurash orqali natijaga erishishimiz mumkin.
“Tabatadzening yo‘qligi o‘yinga ta’sir qildi”
Bosh murabbiyning fikricha, jamoadagi asosiy hujumchi Toma Tabatadzening jarohati ham natijaga ta’sir ko‘rsatgan.
— Bizdagi o‘yin uslubi ko‘pincha bo‘ydor futbolchilarga tayanadi, havodan uzatmalar va standart vaziyatlar muhim rol o‘ynaydi. Tabatadze bo‘lganida ehtimol g‘alabani saqlab qolgan bo‘lardik. Albatta, Dominik Begich ham yaxshi o‘ynadi, jamoa foydasi uchun ko‘p mehnat qildi va muhim gol urdi. Ammo markaziy hujumchi sifatida Tabatadzening yo‘qligi sezildi, — dedi Xomyakov.
“Minus to‘rt — bugungi bahoni shuncha qo‘yaman”
Murabbiy o‘yinni baholashni so‘rashganida shunday javob berdi:
— Agar 5 ballik tizim bo‘yicha baholasak, ehtimol minus to‘rt deb aytardim. Chunki birinchi bo‘limdayoq bir nechta asosiy futbolchilarimizni yo‘qotdik. Bu ham o‘yin ritmiga ta’sir qildi.
“Buxoro” Superligada qolish uchun keskin kurashni davom ettirmoqda. Xomyakovning so‘zlariga ko‘ra, jamoa har bir bahsni “hayot-mot” sinovi sifatida qabul qilmoqda va qolgan turlarda faqat g‘alaba uchun harakat qiladi.
Uning so‘zlari bilan aytganda, “agar tempni saqlab, ishonchni yo‘qotmasak, bizda hali imkoniyat bor.”
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!