Qachon oynai jahonda, gazeta-jurnal va radio orqali istiqlolga madhiya aytayotgan insonlarni ko‘rib, eshitib va o‘qib qolsam, “shu gapi chin yurakdanmikin...?” deya o‘ylab qolaman. Ko‘p holatlarda atrofdagilarga erish tuyuluvchi bu kabi so‘zlarning aksari shunchaki aytilgandek tuyulaveradi. Shu bois ham O‘zbekistonimiz tarifini aytib-yozguchi insonlarga og‘zingizni to‘ldirmay yarimta gapiring, ammo sidqidildan bo‘lsin, degim keladi.
Rosti, men ham hozir yozmoqchi bo‘lganlarim ustida uzoq o‘ylandim. Axir chetdan qaraganda bu yerda yozayotganlarim ham oddiy bir o‘rinsiz mazdohlikdek tuyulishi mumkin. Ammo Allohim meni shunday yurtda yaratgani uchun shukrona aytmaslik ham gunoh, deb o‘ylayman.
O‘zbekiston deganda musofir yurtda yurgan o‘zbekning yuragi bir hapriqib ketadi. Sog‘inch hissi ila qarshilik muhabbat tuyg‘usi shu yurt nomini ardoqlashga majbur etadi. Musofir kim bo‘lishidan (o‘zbek, rus, qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur, tatar va h.k.) qat’iy nazar u o‘zbekistonlik. Shu bois shu yurtning har bir kichik yutug‘ini quvonib, mitta xatosidan kuyunib yashaydi.
Bugun yurtimizdagi yoshlarga qarab havas qilaman. Sport bilan shug‘ullanishyapti, istagan chet tilini o‘rganyapti. Eng muhimi — dunyo miqyosida o‘zbek nomini har bir sohada tan oldirishmoqda. Axir bunga quvonmay bo‘ladimi?
To‘g‘ri, sobiq Ittifoq davrida ham chet tillari har bir maktabda o‘qitilardi. Ammo... u paytda ingliz tilini (boshqasini gapirmay) o‘rganishga o‘quvchilar qiziqmasdi. Faqat rus tiliga e’tibor qaratilardi. Chunki ingliz tilini o‘rgangani bilan hayotda o‘sha o‘rganganini qo‘llash uchun imkon yo‘q edi. Rus tili hech bo‘lmasa harbiyga borganda va ancha-muncha ruscha kinolarni ko‘rganda yaxshiroq tushunish uchun kerak bo‘ladi, deb o‘rganilardi.
Bugunchi!? Chet eldan kelayotgan tadbirkorlar bilan hamkorlik qilish, sayyohlar bilan muloqot qilish, chetga chiqayotgan tadbirkoru sayohatchilar, sportchilarimiz nemis, ispan, koreys tillarini o‘rganib, bemalol so‘zlashmoqda.
Kamina ham taqdir taqozosi bilan Rossiyada o‘n yil yurib kelganman. Musofirlik nima ekanini anchagina yaxshi tushunaman. Men ishlagan firmada men-yolg‘iz o‘zbek edim. Qolganlar rus, moldavan va ukrainlar bo‘lib, anchagina ahil edik. Qachon O‘zbekiston haqida so‘z ketsa, men ularga shunday so‘zlab berardimki, meni eshitib, boshida hayron bo‘lishardi. Chunki ular O‘zbekiston faqat cho‘l va tog‘dan iborat, deb tasavvur qilishar ekan. Bir necha marotaba aytgan hikoyalarimdan so‘ng nafaqat O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxorosi, balki go‘zal, deyarli Moskvadan farq qilmas Andijon degan go‘zal shahri ham borligini bilib olishdi. Ular biron yerda o‘zbekni uchratishsa “bizda andijonlik bola bor” deya aytisharkan. Ba’zi soddaroq yurtdoshlarimiz “bular Andijonni qayerdan bilishadi?” deb hayron ham bo‘lisharkan.
Hozir Rossiyadagi ayrim guruhlar millatchilik, ishlab pul topgani kelganlarga mahalliy aholini qayrab nizo keltirib chiqarishga astoydil harakat qilmoqdalar. Ayrim hollarda ular o‘z maqsadlariga ham erishmoqdalar.
Ba’zan esa bizning yurtdoshlarimiz tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlardan boshimizni egamiz... O‘zbek degan nomga dog‘ tushirib qo‘ymadimmi, deyish o‘rniga o‘zlarini tengi yo‘q zo‘ravondek tutishlarini ko‘rib yana battar xijolat tortasan, odam.
Erkaklarning bunday yurish-turishlaridan ajablanib, ayollarga bir nazar tashlab “dod!” deb baqirging keladi. Chunki el ko‘zida “oilam, bola-chaqamga pul topay, erimga yordam bo‘lsin” deb uyidan chiqib ketgan aksariyat ayollarning Rossiya va yoki Turkiyadagi “yurish”larini ko‘rib til so‘zga aylanmaydi. Eri va nikohi bo‘la turib boshqa erkak bilan yashirincha yashab yurgan ayollarimiz, afsuski, oz emas.
Ochig‘ini tan olish kerak, agar erkak xotiniga xiyonat qilsa kechirimli. Nega deysizmi? Chunki ayol o‘sha erkakka uyidan istaganini topib berolmagan. (juda kam holatda esa erkak shunchaki ermak uchun xiyonat ko‘chasiga kiradi). Yana “erkak kishi ko‘cha odami” degan ibora bor. Shundan kelib chiqib ham xulosa qilish mumkin. Ammo men bu bilan erkaklarni aslo oqlamoqchi emasman. Xiyonat qildimi-aybdor!
Istanbulda ikki yosh o‘zbek yigitining hasratidan cho‘g‘ sachraydi:
—Aka, o‘zbekman degani cho‘chib qoldik. O‘zbekligimizni bilgan turklar “ayol hamyurtingdan topib ber?” deb jonga tegishadi. Bir kuni bironta “zemlyachkamizni” bir narsa qilib qo‘yamizda, bu ketishda. Zora, shundan keyin o‘zbek ayollari sal odamga o‘xshab yurishsa...
Ularni “bir narsa qilish” fikridan qaytardim. Ammo millatidan qat’iy nazar, o‘zbekistonlik bo‘lgan ayollarning aksariyati Turkiyada yumshoq qilib aytganda, o‘zlarini yaxshi tutmayotganliklarini ko‘rib xafa bo‘ldim.
Bugungi kunda millatdosh va yurtdoshlarimiz orasida o‘z yurtimizdagi o‘zaro munosabatlarini ko‘rib, mavjud salbiy holatlarning ildizini izlab hayron bo‘lamiz. Ayrim dag‘al muomalali yigit-qizlar o‘sha o‘zlaricha chet elni “ko‘rib qo‘ygan...” ota-onalarning bergan “tarbiya”sidan shundaymikan? Bilmay boshimiz qotadi. O‘zingni bil, o‘zgani qo‘y, degan naqlni hamma biladi va hamma o‘zicha hayotga tadbiq qiladi.
Ana shunday insonlar o‘zbek nomini dunyoga taratib, butun yurtimiz hurmat-e’tiborini qozonayotgan yurtdoshlarimizdan ibrat olsa, o‘shalarga o‘xshashga harakat qilsa qani?! Yo‘q, ular o‘zlaricha aqlli, “ali” desangiz “bali” deb turadi. Qilayotgan ishlari noto‘g‘ri ekanligini isbotlab, xatosini bo‘yniga qo‘ygan taqdiringizda ham betini sidirib, “hozir hamma shunday!” deya o‘zini oqlaydi. Qiziq, o‘zi uchun javob berish qo‘lidan kelmasa, nega shunday nojo‘ya ishlar bilan shug‘ullanadi? Tushunarsiz...
Hozirda mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy va ma’naviy islohotlarni ko‘rib, yurtdoshlarimizning ertasidan katta umid qilib qolish bilan birga, barchamiz o‘zbekona odob-axloq normalarini o‘zlashtirishimiz, farzand tarbiyasida ham ana shu me’yor va mezonga suyanishimiz kerak, deb umid qilib qolamiz.
Yurtimizda erishilayotgan yutuqlarimiz o‘zimizniki. Hadeb ularni takrorlash, sanash bilan yangi natijaga erishib bo‘lmaydi. Yaxshisi, tuzatishimiz kerak bo‘lgan xato hamda kamchiliklarimiz xususida ko‘proq so‘z yuritsak va ularni tan olib tuzatishga harakat qilsak, ana shundagina barchamiz uchun foydali bo‘lar edi.
Ma’naviy boylik moddiy boylikdan ham zarurroq sifat. Dunyoparastlik, pul-mol ketidan quvish insonni halok qilishgacha boradi. Ma’naviy boylik ortidan hurmatsizlangan insonni esa hali birov eshitmagan bo‘lsa kerak.
Har bir taraqqiyot eski holatning biroz qo‘shimchalar bilan qaytishidir. Biz bugun qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz kecha yoki ilgarigi kunimizda ham sodir bo‘lgan. Faqat bugunga kelib biroz takomilroq ko‘rinishda. Hech qachon ilgari bunday bo‘lmagandi, desak adashgan bo‘lishimiz aniq. Farzandlarimizga tarbiya berarkanmiz, shu narsani ham uqtirib qo‘ysak yomon bo‘lmasdi.
Xulosa qilib aytganda, o‘zbekona axloq, musulmonga xos barcha zarur sifatlarni oiladagi farzand tarbiyasida qo‘llamas ekanmiz, yuqorida aytilganidek — millatimiz va yurtimiz sha’nini bulg‘ovchi, bir chaqaga qimmat zo‘ravonligi bilan gupiruvchi o‘g‘il-qizlarni uchrataveramiz. Bu esa juda ham noqulay va achinarlidir. Zotan, jamiyatni poklash har bir fuqaroning burchidir.
Nozim RASUL
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Sirdaryoda YTH sodir etgan haydovchidan pul olgan YPX xodimi qamaldi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?