Hali-hanuz o‘sha voqea esimga tushsa, hayot qonuniyatining beshafqatligi, yashash uchun berilgan umrning nechog‘li qiymatga egaligiga ich-ichimdan iqror bo‘laman. Shuning barobarida, vaqti kelsa, yosh bola ham senga saboq berishi, murakkab voqealarga yoshiga xos samimiyat bilan yechim topishi sabab faqat bolalarga yarashadigan buyuklik oldida ta’zim qilgim kelaveradi. O‘sha voqea sakkiz yoshli singilcham bilan yozning so‘nggi shomida yuz bergan edi. Oradan bir necha yil o‘tgan bo‘lsa-da, o‘sha iqror, xulosa, tushunish va anglash hayotimni boshqarib borayotganini his qilaman. Gohi kunlari, shu jajji singlimning teran mulohazasi, sodda falsafasi va hayot haqidagi buyuk xulosasiga hayron ham qolaman. Xayolimga «Bola — buyuk donishmand» degan jumla keladi. Bunga judayam ishonaman shunday damlarda.
Yozning so‘nggi shomi edi o‘shanda…
Men hamma narsadan — yeru osmondan, yaxshi-yomondan, jamiki yaratiqlardan, bari-baridan xafa va alamzada edim. Hammaga quvonch, sevinch, baxt ulashadigan saxiy qismat menga kelganda xasislik qilganday, avval ne’matini berib, keyin rashkimi, qahrimi kelib, beshafqatlarcha tortib olganday yoki meni tubi ko‘rinmas quduqqa tashlab yuborganday edi. Ko‘ksimda qo‘rg‘oshin quyilgan-u, u lahza sayin vujudimni kuydirar, og‘riq butun tanamga tarqalar, «Dod!» deb toshlarga boshimni urib yorgim, daraxtlarni ildizi bilan sug‘urib olgim, katagiga qamalib yotgan tovuqlarni tirqiratib quvgim, qurillab uyqusini uradigan mushugu kuchuklarni tayoq bilan solgim kelardi. «Nega?», «Nima uchun?» degan savollar tomog‘imga tiqilib qolganday edi go‘yo.
Atrofimdagi odamlar beg‘am va behis ediki, bu holat meni aqldan ozdirishi hech gap emasdi. Mendan kaltak yeb yurgan sinfdoshlarim shunchalik baxtiyor ediki, maktabda barcha fandan uch baho oladigan, hatto jismoniy tarbiya darsini eplab topshirolmaydigan jo‘ralarim ham taqdirdan xursand, qismatidan mamnun edi o‘shanda. Go‘yo baland tog‘ cho‘qqisi yelkalarimga ko‘chib tushgandek, toshqin daryo faqat mening bog‘imni oqizib ketgandek, kuchli bo‘ron uyimni vayron qilgandek, hatto yomg‘iru qor ham yolg‘iz mening boshimga yog‘ilayotgandek. Hammaga hamma narsa bor-u, birgina mening umidim kesilgan, yuragi zardobga to‘la edim o‘shanda.
O‘shanda bor-yo‘g‘i besh oygina yashagan qizalog‘im olamdan o‘tgan edi.
Yuz yildan ortiq umr ko‘rsa bo‘ladigan dunyoda bir hayqiriqday kelib-ketgan qizalog‘imning dog‘ida ado bo‘layozgandim o‘sha kezlari.
— Shox ketsa-ketsin, butoq ketmasin, — deb onam meni yupatgan bo‘ladi. O‘zining ham birinchi farzandi o‘lganini, yuragi teshilganini aytib, yig‘laydi mushtiparim. — Agar senga bir gap bo‘lsa, nima qilaman, qayerga boraman? Menga ham rahming kelsin, — deydi ko‘z yoshi yuzini yuvib.
— Meni jin urarmidi?! Yuribman-ku, dunyoga kelib «dada» deyolmagan, «ona» deyolmagan, qiqir-qiqir kulolmagan qizimni tuproqqa ko‘mib kelib, baloday yuribman-ku! Yuribman-ku!
— Xudoning qahri keladi, bolam! Bergan ham U, olgan ham O‘zi… — deydi sakson yoshni qoralagan momom. — U bir qush edi, uchdi-ketdi… Nima ham qilardik…
— Olar ekan, nega beradi? — degan olovdek hayqiriq bo‘g‘zimni kuydiradi.
— Tavba qil, tavba qil-e! — deydi otin xolam. — U dunyoda yosh bola jannat eshigining oldida yig‘lab turarkan. «Sen kiraver, sening gunohing yo‘q», degan farishtalarga qarab: «Avval ota-onam kirsin, keyin kiraman. Menga u dunyoni bermading, nega endi bu dunyoda — jannatda ota-onam bilan birga bo‘lmas ekanman?» deb zorlanib yig‘larkan…
— E, gapirmang. Bu dunyoda shuncha yonyapman-ku… U…
Onam yuzimga tarsaki tushiradi. Keyin yosh boladay ho‘ngrab yig‘laydi. Yig‘layveradi. O‘rnimdan turib ketaman. Kuchukni tayoq bilan solib qolaman, mushukni tepaman, tovuqqa kaltak otaman, yuragimdagi olov pasaymaydi. Kuydiraveradi, kuydiraveradi…
* * *
Qo‘rada oltita ozg‘in qo‘zichoq bor. Ba’zisining onasi o‘lgan, ayrimi o‘smay qolgan. O‘pkasi sob bo‘lgan: yo‘talgani-yo‘talgan. Cho‘ponlar boshimizga balo bo‘lmasin, deb tashlab ketgan. Shu dardisarlar boshga bitgan balo, goh otam, goh onam boqadi. Bog‘imizning tepasida adirlik bor — shu yerda qorni to‘yadi jonivorlarning.
O‘sha kuni, bilmayman, qandaydir yumush bilan otam shaharga tushgan, ukam bundan 4-5 oy oldin nom-nishonsiz, bedarak yo‘qolgan ho‘kizlarni izlab dashtga ketgan. Onam o‘sha yig‘laganida qon bosimi oshibdimi, yotibdi: momom, xolam, xotinim atrofida musichadek tizilib turibdi. Faqat jajji singilcham ho‘ng-ho‘ng yig‘laydi.
— Bir o‘zim qanday boqaman, tepada ilon bor, qo‘rqaman, — deydi menga qarab yana yig‘iga zo‘r berarkan.
— Sen qol, o‘zim… — deya tayoqni qo‘lga olaman.
Onam boshini ko‘tarib, «Birga bor», deb ishora qiladi, joni og‘riyotganini-da unutib. «O‘zini bir balo qilib qo‘ymasin», deb xavotirlanadi. Singlim menga ergashadi. U tayoqni qo‘limdan oldi, qo‘zilarni tushirib qolishimdan qo‘rqadi-da.
Adirga chiqamiz. Qo‘zilar sarg‘aygan o‘tlarga o‘zini jon holatda urishadi. Sekin yesa to‘ymayotganday yugurgilab o‘tlaydi. Singlim goh u tomonga, goh bu tomonga chopadi.
Qo‘limni boshimga yostiq qilib tabiatni hissiz kuzataman: quyosh qizarib botyapti, salqin shabada dimoqqa nariroqdagi balchiqning hidini olib keladi. Qishloqning daryo tomonidan chang-to‘zon ko‘tarib poda qaytyapti. Ro‘paramizdagi qirda yakkam-dukkam mollar o‘tlab yuribdi. Kamar boshida o‘ndan ortiq ko‘k kaptar qo‘nib turibdi. Sal pastda bolalar kurash tushyapti. Qishloqdagi oshxonalardan tutun ko‘tariladi: kechki ovqatga qozon osilgan. Yana kimlarningdir hovli supurayotgani, darvoza oldida besh-oltita xotinning suhbatlashayotgani, qizlarning suvga navbat kutib qaldirg‘ochlarday tizilib o‘tirgani ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Qishloqning pastki tomoni — chinor shoxidagi qushlarning shovqini ham shu yerga aniq eshitilib turardi. Uch tomondan kelayotgan uch daryo noz bilan soch o‘rayotgan qizni eslatadi. Kimdir dashtdan bir eshak o‘tin olib kelyapti. Ortidan bolasi otasiga yetolmay deyarli yugurgilayapti. Balandlikdagi uyning darvozasi oldida bir juvon ikki bolasi bilan tik turibdi, aftidan, erini kutyapti.
— Aka, aka, qarang, anavi qushni qarang! — dedi singlim hayajonlangancha. U barmog‘ini nuqib turgan tomonga — ikki qirning o‘rtasida soylikda bir katta qush osmonga ko‘tarilolmay lapanglardi. Atrofini yuzdan ortiq qarg‘alar o‘rab olgan, yaqin borolmay qag‘illashar, sho‘rlik qush qo‘rqqanidan o‘zini goh u tomonga, goh bu tomonga uradi. Qamaldan qutulib ketolmaydi. «Qayerdan keldi bu maxluq? Qiziq, burgutmikin, yo‘q, burgut bo‘lishi mumkin emas…»
— Ana ularni qarang, — dedi singlim osmonga tikilib.
Osmonda yuzga yaqin maxluqsifat yirtqichlar uchardi. Ba’zilari qanotini qoqmay, bir necha soniya turar, so‘ng shiddat bilan goh tepaga uchar, goh pastga sho‘ng‘irdi.
— Ular do‘stini qutqargani keldi-ya? — dedi singlim soddalik bilan.
Men o‘rnimdan turib, ularni kuzatardim.
«Ha, — deb o‘ylardim qushlarga boqib. — Bular o‘laksaxo‘rlar. Tasqara ham deyishadi ularni. Aytishlaricha, qayerda hayvon o‘lganini bir kecha oldin tushida ko‘rishar ekan. Qushlar ham tush ko‘rar ekan-da?! Tabiatda qancha yaratiq bo‘lsa, shundan ming barobar ortiq sir-sinoat borligini eshitgandim, demak, rost ekan…»
Men zo‘r qiziqish va hadik bilan bo‘layotgan voqeani kuzatardim. Singlim bo‘lsa, tinimsiz savol berar, «Nega?», «Nima uchun?» deb chug‘urlardi.
Qiziq, katta ko‘chadan ayni shu paytda bittayam odam o‘tmasdi. Men shoshib yo‘l boshiga qaradim. Hech zog‘ yo‘q edi. Hayratim oshdi.
Pastdagi qush hamon qurshovda. Qarg‘alar uning ustiga bostirib borar, hatto tepishardi ham. Tasqara bo‘lsa, ulkan qanotini yoyib lapanglar, har qanot qoqqanida qarg‘alar undan uzoqlashar, u xuddi shu payt o‘n quloch qirga qarab uchardi. Qarg‘alar yana yoppasiga hujumga o‘tar, u esa boshini qanotining orasiga qisib olardi. Ko‘kdagi sheriklari aylana hosil qilib uchar, biroq yerga tushib, uni ko‘tarib ketisholmasdi. Beo‘xshov ovoz chiqarishardi, xolos.
Tasqara yana qanotini keng yoydi. Qarg‘alarni hurkitib tepaga ko‘tarildi. U endi qirning yarmida edi. Qarg‘alar uning to‘rt tomonini o‘rab olishdi. Ular shunchalik yaqin kelishdiki, sho‘rlik tasqara qanot qoqsa, bemalol qarg‘alarga tegardi. U boshini qanotining orasiga yanada qisib oldi. Endi qarg‘alar uni ayovsiz cho‘qishardi. U pastga sirpanib ketdi.
— Aka, jon aka, qarg‘alarni haydang, u uchib ketsin, — deb yig‘lardi singlim.
Men borsammi, bormasammi, deya ikkilanib turgandim, shunda singlim:
— Bormang, zo‘r bo‘lsa, o‘zi uchib ketsin, — dedi yoshiga xos bo‘lmagan bir ohangda.
Men joyimda qotib qoldim. Bor-yo‘g‘i sakkiz yoshli qizdan shunday o‘ktam so‘z chiqsa-ya. Singlimga qaradim, u kiprik qoqmay qushlarga tikilar, uning jajji qo‘llari musht edi…
Ko‘kdagi tasqaralar pastladi. Daryo yoqasidagi teraklarning bo‘yi qadar pastlashdi. Lekin negadir yerga qo‘nishga shoshilmasdi. Endi ularning ovozi dahshatli ediki, hozir nimadir ro‘y beradiganday go‘yo.
Yolg‘iz tasqara yana qanot qoqdi. U so‘nggi kuchini yig‘ib, hayqirib jangga kirgan bahodirni eslatdi menga. Taxminan o‘ttiz metr balandlikka ko‘tarildi va tepada ko‘rinib turgan qoyani ko‘zlab parvoz qildi. Qoya ustidagi kaptarlar qayoqqadir g‘oyib bo‘lishgandi. Qarg‘alar qag‘illab uning yo‘lini to‘sishga urindi. Tepadagi qushlar ham qoya tomon ucha boshladi. Yolg‘iz tasqara qanotini uzun sermar, uning uchishi sheriklarinikiga o‘xshamas, uning parvozida o‘ktamlik, salobat bor edi. U qoyaga yaqinlashib qoldi. Qarg‘alar yo‘lini to‘sar, u esa parvo qilmay uchardi. Mana, qoyaga yetishiga ikki qanot qoqim qoldi. Agar manzilga yetsa, keyin damini olib, bemalol osmonu falakka ko‘tarilsa bo‘ladi… Shu payt ikki yuzdan ortiq qarg‘a yerdan chiqdimi, ko‘kdan tushdimi, birdan paydo bo‘ldi va bari qoyaga qo‘ndi. Men shoshib chinorga qaradim: u yerda bittayam qush yo‘q edi. Tasqara tek qotdi. Lahzalar ichida qanot qoqmadi. Qarg‘alar bo‘ronday unga yopirildi. U pastga quladi. Qular ekan, xuddi mohir, chapdast polvonday bir aylanib, yana parvoz qila boshladi. Men quvonchdan titrab ketdim. Singlim qichqirib yubordi. Biroq qush endi tepaga qarab emas, pastga — qishloqning quyruq tomoni, eski qabristonni ko‘zlab uchardi. Uning bir qanoti osilgan, o‘sha birgina parvoz uni xuddi dengizda ohista suzib borayotgan kemaday manzili tomon yetaklardi. Qarg‘alar ergashdi. Kalxat qishloqning ustidan o‘ktam suzib o‘tdi. Qanoti chinorga urildi va eski qarovsiz, egasi o‘lib ketgan boqqa quladi.
Osmondagi qushlar borgan sari yuqorilar, yuqorilayverardi.
Bora-bora nuqtaga aylanib ketdi ular.
Qop-qora nuqtaga…
— Bechora… Agar kamarga qarg‘alar kelmaganda u uchib ketardi, to‘g‘rimi? — dedi singlim.
Uning so‘zlarida shu qadar achinish mujassam ediki, men haligacha uning so‘zidek o‘kinchli nidoni eshitganim yo‘q.
Taqdirmi, deyman, qismatmi, deyman, nima deyishni-da, bilolmayman. O‘n daqiqa orasida ro‘y bergan bu dahshatli voqea dunyoimni ostin-ustun qilib yubordi. «Nega shu vaqt oralig‘ida yo‘ldan bittayam odam o‘tmadi? — deyman. — Ana, odamlar ko‘chani to‘ldirib dashtdan qaytishmoqda. Tepada kurashayotgan bolalar ham kamarga chiqib olibdi. Nega shular sal oldinroq kelishmadi, nima uchun o‘zim bormadim? Singlim ham achinarkan-ku, borsam bo‘lmasmidi? Agar bolalar kamarga oldinroq kelganda, odamlar ham sal avval ko‘rinish berganda, qarg‘alar qochib ketar, u tirik qolarmidi?! Agar… Agar… Voh, xomkalla, hamma gap shu agarda. Shunda…»
Tushundimki — taqdirga tadbir yo‘q.
Yana bildimki — qismati shunday edi qushning.
Tavba qildimki — menga saboq berildi.
Boshqa hech qanday gap yo‘q.
Yaratuvchi U. Qanday xohlasa, shunday bo‘ladi.
Qorni to‘ygan qo‘zilarni uyga hayday boshladik.
— Aka, ertaga bayramimiz, qaysi she’rni aytay, — deb so‘raydi singlim va bir qancha she’rni o‘qib tashlaydi.
— Hammasini ayt, — deyman to‘lqinlanib.
U menga tikilib qoladi.
— Ertaga sening bayramingdan keyin Toshkentga ketaman yangang bilan, — deyman.
U suyunchi olgani onamning oldiga yuguradi. Men bo‘lsam qo‘zilarni endirib kelaman.
Sanjar TURSUNOV
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi