
Islomning ustuni beshta: iymon keltirish, namoz oʻqish, roʻza tutish, zakot berish hamda boyligi va sogʻligʻi etarli boʻlsa, haj qilish.
Alloh taolo Qur'onda: «Yoʻlga qodir boʻlgan odamlar zimmasida Alloh uchun baytni haj qilish (farzi) bordir», — deydi («Oli Imron» surasi 97-oyat).
Shuni bilib olish lozimki, namoz, roʻza va zakotning farzligini inkor qilgan kishi dindan chiqqanidek, hajning farzligini inkor qilgan kishi ham dindan chiqadi. Demak, «Etim-esirga xayru ehson qilsang, hajning savobini topasan», «Mahallangga suv chiqarsang, hoji boʻlasan», «Qishlogʻingga yoʻl qurib bersang, hajga bormasang ham boʻladi» deb fatvo beruvchilar oʻzlariga, oxiratlariga ehtiyot boʻlishsin! Ularning fatvosi bahona boʻlib, «Savob ishni koʻp qilib qoʻydik, bizniki hojilarnikidan ham zoʻr ekan» deb hajga bormay yurgan odam ham savol-javobdan ehtiyot boʻlsin!
Endi «Haj bir marta, u yogʻi riyo, u yogʻi tijorat» deb hojilarni malomat qilib yurganlarga aytar soʻzimiz: hajning miqdori pastdan chegaralangan, ya'ni bir marta haj qilish farz. Bu bir marta haj qilgan odam boshqa bormasin degani emas. Yana borsa, hech qanaqa riyo ham emas, maqtanchoqlik ham emas. Bunisi niyatga qarab boʻladi. Keyingilari nafl ibodat boʻlaveradi va har gal haj savobini topaveradi. Birinchi martada ham, keyingi martalarda ham inson hajga qanday niyatda, qanday maqsadda ketayapti? Hajga borish roʻyxatiga qanday yoʻllar bilan tushib qolayapti? Bunisi oʻsha odamning iymoniga, vijdoniga havola. Umrida 50 martalab haj qilgan ulugʻlarimiz, har yili haj qilgan ulamolarimiz boʻlgan.
Tijoratga kelsak, hoji haj amallarini qilib boʻlgach, istagancha tijoratini qilaveradi. Bu borada unga cheklov ham yoʻq, hech kim ta'na ham qilmasin! Ziyoratdan keyin tijorat qilish joizligi haqida hadislar koʻp. Ammo hajning puli haloldan topilgan boʻlishi, qarzdor avval qarzini uzishi, zimmasida kimningdir omonati boʻlsa, omonatini berishi shart. Ranjitganlari boʻlsa, kechirim soʻrashi ham shart. Shuningdek, hajning barcha arkonlarini xolis niyat bilan, ibodatdan chalgʻimay, xayolda zarracha dunyoviy manfaatni koʻzlamay ado qilib boʻlgandan keyingina tijorat qilish joiz.
Haj borasida Alloh yoshni cheklamaydi, tilini, millatini, martabasini cheklamaydi. «Falon yoshdan kattalar bormasin» yoki «Falon yoshdan kichiklar bormasin» degan qoidalarni ilmsiz kishilar toʻqib chiqarishgan. Bundan esa ba'zi kimsalar talabgorlardan moʻmay pul undirish maisadida foydalanib qoladi. Islomda yoʻq bu cheklovlar.
Haj ziyorati narxi xususida
Ziyorat narxi yildan yilga oshib borayapti. Aslida nimaning narxi oshmayapti?
2018 yilgi ziyorat narxining oshishini Saudiya Arabistonida haj xizmatlarini koʻrsatayotgan kompaniyalarning tariflari koʻtarilishi bilan bogʻlab izohlashmoqda. Makka va Madina hamda Jidda shaharlari orasida qatnovchi transport, Minoda va Arafot togʻida chodirlarning xizmat narxlari oshganini aytishmoqda. Qurbonlik uchun har bir hojidan majburiy tarzda, viza rasmiylashtirilayotgandayoq 170 dollar olinishi koʻzda tutilgan (menimcha, qurbonlikka yaraydigan qoʻy oʻzimizda ham bundan kam turmaydi).
«Dastlabki ma'lumotlarga koʻra, 2018 yilda ibodatni bajarish narxi 2600 dollardan 3400 dollargacha boʻladi», — deydi «islamcenter.uz» sayti.
«Muslim.uz» saytida 2017 yil 30 dekabr kuni berilgan maqolaning sarlavhasida «Haj va umra narxi bilan bogʻliq ma'lumotlarga aniqlik kiritildi» deb yozilgan boʻlsa-da, u erda hech qanday raqam aytilmagan.
«Yanvar oyida haj va umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish masalalari boʻyicha jamoatchilik kengashi yigʻilishida ziyoratchilar toʻlaydigan mablagʻ muhokama qilinadi va narxi belgilanadi», — degan edi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning matbuot xizmati. Ammo fevral boshlandiyamki, 2018 yilgi haj ziyoratining aniq narxini haligacha hech kim bilmayapti. Jamoatchilik kengashi yigʻilmadimikan yo narx borasida bir toʻxtamga kela olishmayaptimikan?
Haj va ziyorat narxlari xususida ayrim mulohazalarimni bildirmoqchiman
Haj ziyoratining narxi baland boʻlishiga yana bir sabab bor: ma'lumki, samolyotlar hojilarni Madinaga tashlab keladi va bir oydan keyin yana uchib borib, qaytarib olib keladi. Ya'ni, hojilar bir marta haj qiladi, samolyotlar ikki marta borib keladi. Ikki borib kelishning xarajati, tabiiyki, hojilarning gardanida. Haj ziyorati muddatini bir oy qilmasdan, masalan, 12-14 kun qilib, uchuvchilar ham qaytib ketmasdan, hojilar bilan birga ziyorat qilib, birga qaytsalar, ziyorat narxi sezilarli darajada kamaygan boʻlarmidi. Aslida «Haj – Arafotdir» degan hadisi sharifga koʻra hajning asosiy rukni Arafot togʻida turish. Bunga uch kun shaytonga tosh otish, avvalgi va oxirgi Ka'batulloh tavoflarini ham qoʻshib hisoblansa, hajni uzogʻi bilan bir haftada ado qilsa boʻladi. Madina ziyoratiga ham uch kun ajratilsa, 10 kun etadi. Albatta, bu mening fikrim. Hojilar «Umrimizda bir keldik, biron oy yuraylik» deyishlari ham mumkin. Ammo uch oy yursangiz ham birov sizni uch oy yurgan hoji demaydi.
Ziyorat narxi oshishiga «hissa qoʻshadigan» omillardan yana biri Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning matbuot xizmati ta'kidlagan «Haj mavsumida oʻzbekistonlik ziyoratchilarga xizmat koʻrsatish uchun safarbar etiladigan va ularning ibodatlarini emin-erkin, toʻla-toʻkis amalga oshirishini ta'minlaydigan soha mutaxassislaridan iborat 230 nafar malakali ishchi guruhi, guruh rahbarlari, tibbiyot guruhi, oshpazlar guruhidir. Hammasining xarajati hojilarning hisobidan boʻladi. Men bir oy hajda yurib, «ibodatlarimni emin-erkin va toʻla-toʻkis» amalga oshirishimni ta'minlaydigan ishchi guruhining birortasiga ishim tushgani yoʻq.
Taklifim: hojilarning ichidan (bepul yuboriladigan alohida roʻyxatdagilardan emas!) til biladigan bir ellikboshini oʻzlari saylab olishsa va har viloyat hojilari oʻzlari bilan bittadan shifokorni olib ketishsa, etarli.
10-12 kunda qaytib keladigan qilib moʻljallansa, oshpazlarning ham keragi yoʻq, har qadamda ovqat, buning ustiga Saudiyada ovqatdan arzon narsa yoʻq. Qolaversa, hoji Makkaga maza qilib eb-ichgani ham bormaydi.
«Ziyoratchilar nafaqat mehmonxonalarda, balki Mino, Muzdalifa, Arafot vodiylarida ham uch mahal issiq ovqat, 24 soat issiq choy va tibbiy xizmat bilan ta'minlanadilar. Bu xizmatlar qoʻpgina boshqa davlatlar ziyoratchilariga koʻrsatilmaydi» degan gaplar unchalik toʻgʻri emas. Boshqa mamlakat hojilari bizdan non, choy yo ovqat soʻraganini men koʻrmaganman.
Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning matbuot xizmati mana buni ham e'lon qilgan: «2018 yilgi haj mavsumi ziyoratchilarini saralashda uning moddiy va jismoniy jihatdan haj safariga tayyorligi, avval hajga bormaganligi, islom dini va haj ibodati haqidagi tushunchalari, ma'naviyati, ma'rifati va odob-axloqi, mahalladagi obroʻ-e'tibori, oilasidagi muhitning sogʻlomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalladagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilashga qoʻshayotgan hissasi, yoʻldan adashganlarni sogʻlom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishiga alohida e'tibor qaratiladi».
Agar bu narsalarga «alohida e'tibor» emas, salgina e'tibor qaratilsa ham Oʻzbekistondan 7200 emas, 200 kishi ham hajga borolmaydi. «Avval hajga bormaganligi» deyilganda talabgorlarning anchasi ketadi. «Haj ibodati haqidagi tushunchalari» deganda yana anchasi ketishi shubhasiz. «Ma'naviyati»ga e'tibor berilsa, talabgorlar tutdek toʻkiladi. «Ma'rifati» degan joyida 50 ga 50 deyavering! «Odob-axloqi»ga indamang, «Mahalladagi obroʻ-e'tibori» deyilganda yana anchasi ketadi. «Oilasidagi muhitning sogʻlomligi»ni kim va qanday aniqlashiga mening aqlim etmaydi. Masalan, mening oilamdagi muhitning sogʻlom yoki buzuqligini mendan boshqa odam bilmaydi. «Farzandlarining ijobiy tavsiflanishi» degan shartda ham ancha odam toʻkiladi. «Mahalladagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilashga qoʻshayotgan hissasi» degan sharti ham juda koʻpchilikka ogʻirlik qilishi shubhasiz. Ammo shartlarning ichida eng qizigʻi va bajarish oson boʻlmaydigani mana bunisi: «Yoʻldan adashganlarni sogʻlom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishi». Toʻgʻri, «Yoʻldan adashganlarni toʻgʻri yoʻlga solganlar hajga boradi» degan gapni yaxshi niyat bilan prezidentimiz Shavkat Mirziyoev aytdi. Ammo buni barcha hojilarga majburiy shart qilib qoʻyinglar degani yoʻq. Ana shunday insonlar birinchi navbatda boradi degan ma'noda aytdi. Endi 7200 hoji agar shartni bajarish uchun bittadan «adashgan»ni toʻgʻri yoʻlga solaman deganda ham 7200 ta «yoʻldan adashgan»ni qaerdan topadi? Har yili hajga boradigan 7200 hojiga 7200 ta «yoʻldan adashgan» qaerdan topiladi? Xudoga shukur, elning buncha bolasi «toʻgʻri yoʻldan adashib» ketgani yoʻq.
Buning ustiga OʻMI matbuot xizmati e'lon qilgan Vazirlar Mahkamasining qarorida mana bunday bandi ham bor ekan: «Jamiyatdagi ijtimoiy muhitni yanada sogʻlomlashtirish hamda mahallalardagi yoʻldan adashganlarni sogʻlom e'tiqodga qaytarishda alohida namuna koʻrsatgan imom-xatiblarning imtiyozli ravishda haj safariga borishiga tavsiya berish koʻzda tutilgan». Ana boʻlmasa! Qoʻrqamanki, imomning imtiyozi ham 7200 kishining gardaniga tushadi.
Takliflarim shuki, haj ziyoratini Alloh qanday buyurgan boʻlsa, paygʻambarimiz alayhissalom qanday oʻrgatgan boʻlsa, shunday bajarish kerak. Sun'iy cheklovlar, taqiqlar, har xil shartlar qoʻyish kerak emas.
Aslida prezidentimiz hajga boruvchilarga qoʻyiladigan bu talablarni cheklov emas, tavsiya sifatida aytdi. Oʻzimizdan qolar gap yoʻq, hajga borayotganlarning hammasi ham qaerga, nima uchun borayotganini bilmaydi. U erga borvolib, imom Buxoriy, imom Termiziydek buyuk allomalarimizning, vatanimizning, oʻzbek xalqining sha'niga dogʻ tushirayotganlar anchagina. Chunki shu paytgacha hajga borish ham qandaydir soxta obroʻ topish, kimoʻzarlikka aylanib, xuddi kurortga yoki sayohatga borib kelishga oʻxshab qolayozgan, shuning uchun u erga borish qiyinlashib, kimlarningdir harom pul topish manbaiga aylanib qolayotgan edi. Yurtboshimiz mana shu narsaga chek qoʻydi, bundan buyon hajga haqiqiy ixlosli, chinakam iymonli, munosib yurtdoshlarimiz borsin degan ma'noda aytdi. Shuning uchun u kishining bu purma'no soʻzlarini aynan tushunib olib, ularni yana qandaydir cheklovga aylantirib qoʻymaslik kerak.
Haj ziyoratini esa oddiy sayyohlik firmalari amalga oshirsa ham boʻlaveradi. Masalan, 250 kishilik samolyotni ijaraga olgan firma 250 kishini bir marta olib borib, olib kelsin. 10-12 kun, uzogʻi ikki haftada haj ziyoratlarini ado qilib kelishsin. Buning uddasidan chiqa olaman degan har qanday sayyohlik firmasiga ruxsat berib qoʻyilsin!
Ana shunda 32 million aholisi bor Oʻzbekistondan yiliga 7200 emas, 32000 hoji haj ziyoratiga boraveradi!
Ana shunda odamlar «Mana buni olib qoʻyingu meni oldinroq yuboring» deb hokimliklarning orqa eshiklarida sarson boʻlmaydi, Allohning huzuriga pora berib, yuzlari qora boʻlib bormaydi.
Mening bu gaplarimga isbot, dalil talab qiladiganlar Oʻzbekiston televideniesida namoyish etilgan, odamlarni hajga yuboraman deb pora olgani uchun sud qilinganlar haqidagi koʻrsatuvni eslasinlar! Bor ekanki, sud qilishgan! Bor ekanki, Oʻzbekiston televideniesi koʻrsatgan!
Xullas, prezidentimiz ta'kidlagan «Korruptsiya aralashmaganda nima boʻlishini 23 ga kirgan jaydari futbolchi bolalar isbotlab qoʻygani»dek, hajga ham korruptsiyani yaqinlashtirmaslik kerak.
Takror aytaman, bular mening shaxsiy fikrlarim.
Eslatib oʻtamiz, 2017 yilning 28 dekabrida «Xabar.uz» kolumnisti Davronbek Tojialiev «Haj ziyorati narxi qancha» nomli maqola e'lon qilgan, unda «Doʻmbirobod» masjidining rasmiy imomi Shermurod Togʻay domlaga tayanib, oʻzbekistonlik ziyoratchilar uchun Haj narxi 45 mln. soʻm boʻlgani haqida xabar bergan edi. Imom bu xabarni Oʻzbekistonda valyuta bozorining erkinlashtirilishi oqibatida bozor va davlat kurslari bir xil boʻlgani uchun soʻmda Haj narxi oshib ketgani bilan izohlagan edi.
Maqola oʻzbekistonlik ziyoratchilar uchun Haj ziyorati narxi uchun belgilangan narx, ya'ni 45 mln. soʻm bugungi kurs bilan 5541 AQSh dollarini tashkil etishi, bu ma'lumot ijtimoiy tarmoqda turli fikrlar, tortishuvlarga sabab boʻlayotgani aytilgan hamda Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi, Hajga mas'ul tashkilotlar bunga oʻz munosabatlari va narx boʻyicha izohlarini berishlari soʻralgan edi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning matbuot xizmati bunga rasman izoh berib, «internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalarida Haj mavsumining narxi masalasida bildirilgan ma'lumot fuqarolar orasida turli xil asossiz muhokamalarga sabab boʻlayotganini» bildirdi.
2017 yildan boshlab oʻzbekistonlik fuqarolar uchun haj kvotasi 7200 nafar qilib belgilangandi (ilgari bu koʻrsatkich 5200 nafar edi). 2018 yildan 10000 nafar ziyoratchilar Umraga yuborilishi ma'lum qilingan. Joriy yilning bahorida 8500 nafar, ramazon mavsumida 1500 nafar yurtdoshlarimiz umra ziyoratini ado etishi belgilangan. «Umra — 2018» bahor mavsumi 2018 yil 1 fevraldan boshlandi.
Karimberdi Toʻramurod
Manba: xabar.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar