— Keling, keling qandaysiz, uzoqdanmi, yaqindanmi? — deya hazillashgan bo‘ldim.
— Ismim Odil, yoshim qirq ikkida, asli qashqadaryolikman. Anchadan buyon poytaxtda yuribman, mardikorchilik qilib kun ko‘raman. Ba’zida ish bor, ba’zida esa yo‘q. Topish-tutishim ham shunga yarasha-da! — dedi suhbatdoshim o‘zi haqida gapirib.
— Menga qarang, uka! Ayni tog‘ni ursa talqon qiladigan yoshda ekansiz. Hoynahoy boshingizda oila, farzand tashvishi bordir? Ba’zida ish bor, ba’zida yo‘q deguncha, erkak kishi biror ishning boshini tutishi, jonini ayamay harakat qilishi kerak emasmi? — Negadir uning so‘zlaridan biroz jahlim chiqqandek bo‘ldi. Go‘yo ro‘paramda noshud va uquvsiz bir erkak gavdalangandi. Shunday bo‘lsa-da, kasbimiz taqazosi bilan uni to‘g‘ri tushunishga harakat qildim. — Ish masalasida yordam so‘rab keldingizmi?
— Yo‘g‘-a, men butunlay boshqa masalada kelgan edim.
— Xo‘sh nima ekan? Oilangiz notinchmi yo uy-joydan kamchilik bormi?
— Bilasizmi, dardimni hech kimga aytolmayman. Saytlaringizni o‘qib boraman. Goh-goh oilasi buzilgan yolg‘iz ayollar haqida yozib qolasizlar. Shuning uchun… Bu yerga kelganimni hech kim bilmaydi. Nima qilay, biron kishiga ko‘nglimni yorib yengillashgim keldi.
— Qani, ko‘nglingizdagilarni aytingchi?
— Hammaga ham tushuntira olmayman-da, bu dard qurg‘urni. Qolaversa, hech kim meni diqqat bilan eshitib, siz jurnalistlarchalik tushunishga harakat qilmaydi. Yashirib nima qildim, uch marotaba uylanib, uchchalasi bilan ham ajrashib ketganman. O‘ozirda bir ayol mehr-muruvvatiga zorman. Uddaburon, uquvli ayol bo‘lsa-yu, jilovimni mahkam ushlasa mendan ham binoiydek, uyim-joyim deydigan er chiqarmidi? Axir erni er qiladigan ham, qora yer qiladigan ham xotin degan gap bejizga aytilmagan-ku!
— Ko‘nglingizga kelmasinu, xotinlaringiz bilan nega ajrashgansiz?
— Birinchi xotinim bilan ko‘p yashamadik. Qisqa vaqt yashasak-da, ahil-inoq yashadik. Bizga ko‘z tegdimi, bitta qizli bo‘lgach ajrashib ketdik. O‘sha paytda yaxshi ishlar edim. Topish-tutishim tuzuk bo‘lgani uchun maishatga berildim. Oilamga xiyonat qildim. Buni xotinim bilib qolib, qizimni oldi-yu, meni tashlab ketdi. Oradan bir necha kun o‘tib, achchiq ustida arazlab ketdi-da, hovuridan tushgandir deb uyga olib kelgani borsam, “Xiyonatkor er bilan yashamayman!” dedi qat’iy. Xotinim shu gapida turib oldi. Oilamizni qayta tiklay olmay yana uylanib, ikkinchi xotinimdan to‘rt nafar farzand ko‘rdim. Farzandlar ko‘payib oilamiz kattalashgani sari ko‘proq ishlab pul topay derdimu, ammo oylik maoshim bilan oilani tebratishim ancha mushkullashdi. Xotinim hech qayerda ishlamas, birgina mening topganim ro‘zg‘orning yirtig‘iga yamoq ham bo‘lmay qoldi. Xotinim “bo‘sh”ligimni, yaxshi pul topolmayotganimni yuzimga solib, kunda-kunora janjal qilardi. Oxir-oqibat ikki o‘g‘lim va bir qizimni olib, katta qizimni menga qoldirib ajrashib ketdi. Hozir qizim katta bo‘lib qolgan. Ota-onam bilan birga turadi. Onam sho‘rlik shu qizimni yoshligidan bag‘riga oldi. O‘z farzandidek katta qildi.
— Ikki xotinga uylanibsiz, farzand orttiribsiz. Sizni topgan-tutganingiz bolalar alimentidan ortmagandir. Uchinchi xotin shularni bilib tursa-da, indamay tegaverdimi?
— Uchinchi xotinim befarzand ayol edi. “Serfarzand erkak ekan, zora bola ko‘rsam”, deb menga turmushga chiqishga rozi bo‘ldi. Afsus otasiz o‘sayotgan go‘daklarimning uvoli tutdimi, ayolim mendan ham farzand ko‘rmadi. Keyin, keyin ajrashib ketdik.
— Shunday qilib shahri azim Toshkentga ishlagani kelib qoldim deng? Musofir ekansiz, ish, yashash deganlaridek, bu yog‘i oson kechmayotgandir?
— Qishlog‘imizdagi yigitlar shu yerda ishlashardi. “Toshkentda topish-tutish yaxshi” deb maqtashganlari uchun men ham kelib qoldim. Ish bo‘lsa-ku uncha-muncha muammolar, qiyinchiliklar bilinmaydi. Ammo o‘sha ish doimo topilavermaydi. Ba’zan ish bo‘lmagan kunlari och qolaman. Ish topilib, qo‘limga pul tushsa menga shunisi yetadi deb ishlagim kelmay qoladi.
— Pulingiz yo‘q bo‘lsa qayerda yashaysiz. Pulsiz odamni hech kim ijarada yashashga qo‘ymasa kerak?
— Har doim pulsiz emasman, ahyon-ahyonda shunday bo‘ladi-da. Qo‘yliq bozori yaqinidagi bir xonadonda ijarada yashaymiz. Ijara pulini esa kunlik to‘laymiz. Uy egalari meni yaxshi bilishadi. Pulim bo‘lmay qolsa uch-to‘rt kungacha bepul qo‘yaverishadi. Qo‘limga pul tushishi bilan darhol hisob-kitob qilaman. Juda chorasiz qolganimda tanish-bilishlarni yoniga yordam so‘rab boraman.
— Hozirgi paytda eridan ajrashgan ayollarning ko‘pchiligi qaytib erga tegishmayapti. O‘zingiz aytganday, xotinlikka “uddaburon, uquvli ayol”ni topa olarmikinsiz?
— Yaxshi niyat yarim mol deyishadi-ku. Ajabmas, gazeta sababchi bo‘lib, bironta menga mos ayol topilib qolsa!
— Xotin ham topildi deylik, keyin qayerda yashaysiz? Ota-onangiz, qizingiz yangi xotiningizni qanday qabul qilisharkin?
— Kenja o‘g‘ilman, ota-onam bilan birga yashayman. O‘ovli katta, yashashga hamma sharoit yetarli. Uydagilar qarshilik qilishmaydi. Ota-onam doim “Ko‘zimiz tirikligida o‘zingga mos bironta ayolga uylan” deyishgani deyishgan. Kecha otam qo‘ng‘iroq qilibdi. “Tezda uyga yetib kel, qizingga sovchilar kelib, tinchlik berishmayapti. Biz ham qariyapmiz, qizingning bozori qiziganida uzatib yubormasak bo‘lmaydi” desa bo‘ladimi? Buni qarang, qizim katta bo‘lib qolipti. Shu kungacha buni his qilmabman. Xayolimda haliyam u go‘dakdek. Qiziq-a, ota hali hayotda o‘ziga mos bir ayolni topib ulgurgani yo‘q. Bu yoqda esa qizini erga berish kerak…
— Dunyoning ishlari qiziq-da! Ko‘z ochib yumgunimizcha farzandlar ulg‘ayib qolishadi. Birinchi xotinimdan ham qizim bor edi dedingiz, hali u qizingizni uzatmadingizmi?
— Katta qizimning ismi Nafisa, singlisi Charosdan ikki yosh katta. Onasi qaytib turmush qilmadi. Ona-bola binoyidek yashashadi.
— Ulardan xabar olib turasizmi?
— Ona-bola qo‘shni tumanda turishadi. Dastlab oilamiz buzilgan paytda qizim Nafisani ko‘rgani borib turardim. Keyinchalik onasi menga ko‘rsatmay qo‘ydi. Mening xiyonatimdan qattiq ranjib, dili og‘rigan shekilli, Nafisaga olib borgan narsalarimni yuzimga otib “Sizday odamning hech narsasi kerak emas. Uyimizga qaytib kelmang, qizingiz borligini unuting”, dedi. Shu-shu tilim qisilib, o‘sha xonadondan qadamimni uzdim. Eshitishimga qaraganda, qizim Qarshidagi universitetda o‘qir ekan. O‘qishni bu yil tamomlasa to‘yi bo‘larmish. O‘ali meni to‘yga chaqirishadimi yo‘qmi xudo biladi.
— Qizingiz Nafisani ko‘rgingiz keladimi? O‘amma farzandingizni birdek ko‘rasizmi?
— Nafisani ko‘p o‘ylayman. Ko‘chada ketayotganimda qarshimdan chiqib qolsa tanimasam kerak deb qo‘rqaman. Viloyat markaziga borib qolsam ro‘paramdan o‘tib ketayotgan qizchalarga uzoq tikilib qolaman. Negadir o‘sha qizlardan biri Nafisa bo‘lsa kerak degan o‘y mening xayolimni sira tark etmaydi. Ba’zan onasiga bildirmay universitetga izlab borsammikin deyman, keyin esa mendek bir odamni Nafisa otam deb tan olarmikin deb ikkilanib qolaman. O‘zingiz o‘ylang, men unga ota bo‘lib nima qila oldim? Mehr ko‘zda degan gap bor. Qizim Charos ko‘z o‘ngimda ulg‘ayganligi uchun unga bo‘lgan mehrim juda bo‘lakcha. Charos ham meni juda yaxshi ko‘radi. Axir uning otasiman-da! Qo‘limga pul tushsa avvalo unga ilinaman. Uyga borganimda ham sovg‘a-salomlar bilan kirib boraman. Bilmadim, uni turmushga uzatib yuborsak mening holim ne kecharkin?
— Xayolimga bir fikr keldi. Birinchi xotiningiz bilan yarashmaysizmi?
— Qanday qilib?
— Aytishingizga qaraganda, xotiningiz qaytib turmush qurmabdi. Nima bo‘lganida ham siz uning ko‘z ochib ko‘rganisiz. “Yoshlik qilib xato qilgan ekanman, hozir aqlim kirgan. Senga va oilamizga qaytib xiyonat qilmayman” deb kechirim so‘rab, uyingizga olib kelib birga yashasangizchi?
— Bilmadim, u meni kechirarmikin, taklifimga ko‘narmikin! Oradan qancha yillar o‘tdi. Ota bo‘lib, hech yo‘q qizim Nafisaga mehr-muruvvat ko‘rsata olmadim. Endi qandoq bo‘larkin?
— Juda yaxshi bo‘ladi. Nima bo‘lganida ham birinchi xotiningiz sizni yaxshi biladi. Qolaversa oilangizni buzilishiga ham sizning xiyonatingizdan boshqa sabab bo‘lmagan. Mana, yoshingiz qirqdan oshganda tavbangizga tayanibsiz. Darbadarlikni yig‘ishtiringda o‘z yurtingizga qaytib keting. Shu ish o‘sha yoqdan ham topiladi, albatta bu sizning o‘zingizga bog‘liq. Qo‘lingizdan kelsa o‘zingiz, yo‘qsa ota-onangiznimi, tanish-bilishlaringiznimi, mahalla faollarinimi o‘rtaga qo‘yib, birinchi xotiningiz bilan yarashishga harakat qiling. Balki qizingiz bilan gaplashib ko‘rarsiz. U voyaga yetibdi, buning ustiga o‘qimishli ekan, balki sizni tushunar. Ko‘p hollarda farzand uzilgan oila rishtalarini qayta bog‘laydi-ku!
Odiljon bilan ancha suhbatlashdik. Mening maslahatim unga ham ma’qul keldi chog‘i “Bu haqda nega oldinroq o‘ylab ko‘rmadim ekan. Mayli sizning maslahatingizga quloq solib ko‘raychi. Otam ham uyga chaqiryapti, ertagayoq uyga ketaman. Yangilik bo‘lsa sizga o‘zim aytaman”, deya mamnun bo‘lib xonani tark etdi. Odiljonning ertangi taqdirining nima bo‘lishi hali noma’lum. Xotini uni kechiradimi, oilasi tiklanadimi yo‘qmi buni esa oliy hakam — vaqt ko‘rsatadi.
YORQINOY QOSIMOVA tayyorladi
Manba: muslima.uz
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi