22:20 / 17.06.2018
4 430

Mullajiring ortidan quvgan “qonunchi”lar

Mullajiring ortidan quvgan “qonunchi”lar
Yaqinda Toshkent viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Parkent tuman sudida navbatdagi jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu jinoyat tafsilotlarini qisqacha bayoni quyidagicha:

Jinoyat Sherzod Hamroyev (maqoladagi barcha ism-fa­miliyalar o‘zgartirilgan) gi­yoh­vandlik vositasini qo­nunga xilof ravishda saqlab kelayotgan shaxs sifatida ushlagandan so‘ng boshlangan edi. Uni 2016 yil oktyabr oyining oxirlarida Toshkent viloyat Bo‘stonliq tuman IIB xodimi Sanjar Bekov jinoyat ustida qo‘lga oladi. Darhol hamkasbi Jo‘ra Vositovga telefon qilib voqea joyiga chaqiradi. Keyin bu ikki xodim Sherzoddan tushuntirish xati yozdirib olishadi. Sherzod marixuana giyohvandlik vositasini To‘ra Valiyevdan olganligi­ni aytadi. Shundan keyin bu ikki xodim “bizga nima qilib bo‘lsa ham tadbir uyushtirib berishing shart, To‘rani qo‘lga tushirishimiz kerak, bo‘lmasa yozib bergan tushuntirish xating orqali seni qamatib yuboramiz”, deyisha­di.

Bir so‘z bilan aytganda, xodimlarning do‘q-po‘pisa, tah­didi Sherzodni ularga ipsiz bog‘lab qo‘yadi. Sherzodning yonidan topilgan marixuanani hech qanday hujjatlarni rasmiylashtirmasdan olib ketishadi. Oradan ikki-uch kun o‘tib, Sherzodga yuklatilgan “vazifa” eslatiladi. Ular uchrashishadi. Sherzodga “tadbir” uchun 100 AQSh dollari beriladi. Topib kelingan “yuk” egasi so‘roq qilinganda, u marixuanani Olim Sattorovdan olganligini, unga esa To‘ra Valiyev sotganligini aytadi. O‘tgan safargidek, “ikki shovvoz” 100 AQSh dollari evaziga marixuanani asl egasi kim ekanini bilib oladi va yana hech qanday hujjatlarni rasmiylashtirmasdan narkotik moddasini olib ketishadi. Oradan ozroq vaqt o‘tib yana yangi “topshiriq” beriladi. Endi bu galgi “hujum” To‘ra Valiyevga qaratilgandi.

“Tadbir” uchun zarur bo‘lgan pulni esa Sherzodga o‘zi topish sharti qo‘yiladi. U ­iloj­siz qolganidan turmush o‘rtog‘ining tilla buyumlarini “Lombard”ga garov qo‘yib, 500 ming so‘m olib “ishni” bajaradi. Ham marixuanani, ham aniq ma’lumotni qo‘lga kiritgan “shovvoz”lar darhol tuzib qo‘ygan rejasini amalga oshirishga kirishadi. Tezda To‘ra Valiyevni “ovlagani” uning uyiga borishadi. Sanjar Toshkent viloyat IIB xodimi rolini zo‘r mahorat bilan o‘ynab beradi. Natijada, “gonorar” uchun 500 AQSh dollari to‘lanadi.

Navbatdagi “tadbir”da She­rali ismli bola qo‘lga tushadi. Uni oldinda nimalar kutayotgani “shovvoz”lar tomonidan barcha tafsilotlarigacha aniq tushuntiriladi: avvaliga tergov, “qamoq” tarzidagi ehtiyot chorasi, keyin sud va uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi... Buni eshitib qo‘rqib ketgan Sherali “ishni” yopish uchun 300 AQSh dollarini sanab beradi.

Lekin oradan uncha ko‘p vaqt o‘tmay yolg‘on fosh bo‘ladi. To‘ra Valiyevga qo‘yib berilgan “sahna asari”ning misi chiqadi. Bundan qattiq ranjigan “aktyorlar” 500 dollarni tezda qaytarib berishadi. Bu voqeaga Sherzod aybdor qilinadi. To‘ra bilan bo‘lgan voqeani unga aytib, birortasini ushlab berishga majbur qilishadi. Ulardan hali-beri qutila olmasligini sezgan Sherzod ehtiyotkorlikni unutmagan ekan. O‘sha kungi suhbatni telefon diktofo­niga yozib oladi. Bu gal qo‘­yilgan shart o‘ta jiddiy edi. Sherzodni yo bitta “tadbir” uyushtirishga yoki 500 ming so‘m pul topib berishga majbur qilishadi. Nihoyatda og‘ir­ ahvolda qolgan Sherzod yana “Lombard”ga tilla ta­qinchoqlarni garovga qo‘yib 250 ming so‘m oladi va unga 50 ming qo‘shib, 300 ming so‘mni Sanjar va Jo‘raga beradi. Ehtiyot shart uchun yana telefonining diktofoniga suhbatni yozib oladi. Qolgan 200 ming so‘mni uch-to‘rt kunda berishga zo‘rg‘a ko‘ndiradi. Ular esa yo‘q joydan unga ­yana 100 AQSh dollar “qarz”ni ilib qo‘yishadi. Sabr kosasi to‘lgan Sherzod Respublika DXX (avvalgi MXX)ga ariza bilan murojaat qiladi. Ikki xodim Sherzoddan 200 ming so‘m pulni pora sifatida olishayotgan vaqtda qo‘lga olinadi.

Jinoyat ishini adolatli va xolis ko‘rib chiqishda Jinoyat- protsessual kodeksi talablariga to‘liq amal qilindi. Sud jarayonlarida Toshkent viloyat Bo‘stonliq tuman IIB xodimi Sanjar Bekov va uning jinoiy sherigi Jo‘ra Vositovning jinoyat sodir etganlikdagi aybi jinoyat ishida to‘plangan hujjatlar, inkor qilib bo‘lmas dalillar bilan to‘liq o‘z tasdig‘ini topdi. Sudlanuvchilarga qonunda belgilangan jazo tayinlandi.

E’tibor bering, sudlanuvchilar ichki ishlar xodimi. Sodda tilda aytganda qonun himoyachilari. Jinoyatga qarshi kurashuvchilarning o‘zi jinoyat qilib tursa. Aslida qonun-qoidani bilgan inson boshqalarga qaraganda ikki karra mas’uliyatli bo‘­lishi, lo‘nda qilib aytganda, qadamini o‘ylab bosishi kerak emasmi?
Tolibjon HAYDAROV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Parkent tuman sudi raisi

Manba: insonvaqonun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mullajiring ortidan quvgan “qonunchi”lar