
Har qanday til so‘z boyligi, tovush o‘ziga xosligi, so‘z yasash va ot qo‘yish imkoniyatlari kengligi, o‘z yozuv shakli borligi bilan kuchlidir.
Afsus, hozirda biz turk xalqlarining o‘z yozuvimiz yo‘q.
Bo‘lgan! Lekin unutilgan. Yo‘qotilgan. To‘g‘rirog‘i, asrab qola olinmagan.
Qaytish iloji yo‘qmi? Bor, lekin istak yo‘q. Bunday istak paydo bo‘lishiga ishonch ham, umid ham yo‘q.
Tarix davomida mustaqil turk yozuvini yaratishga tag‘in bir-ikki marta harakat qilingan, ammo turli sabablarga ko‘ra muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Natijada ota-bobolarimiz eskidan ishlatib kelinayotgan yozuvlarni isloh etish, imkon qadar tilimiz tabiatiga moslash yo‘lini tanlashgan.
Yozuvning mukammalligi tovushlar boyligini, rango-rangligini, o‘ziga xosligini to‘la asragani bilan o‘lchanadi. Boshqacha aytganda, millatda bor barcha tovushni o‘ziga xos tovlanishlariyu ma’nolarini saqlagan holda ifoda eta olgan yozuvgina mukammallikka da’vo qilsa bo‘ladi.
Tilning o‘z yozuvi bo‘lmasa, chetdan qabul etilgan har qanaqa yozuv uni qabul etgan millat tiliga hech qachon to‘la uyg‘un kelmaydi. Ovrupa xalqlari yozuvini olaylik. Asosi bir xil – lotin yozuvi, lekin har bir millat uning har bir harfini boshqa-boshqa tovushni ifodalash uchun qo‘llaydi. “A” yozuvi kimdadir aynan “a” tovushini ifodalasa, kimdadir “e”, kimdadir “o”, kimdadir “i”, kimlardadir yana boshqacha tovushlarning belgisi hisoblanadi.
Bu ma’noda boqsak, arab yozuviga asoslangan eski turkiy yozuv ham rang-barang turk tillarining barcha tovushini mukammal ifoda eta olar edi deya olmaymiz. Lekin unda, hech bo‘lmaganda, barcha turkiy shevalarni birlashtira oladigan bir imkon, bir kuch bor edi. O‘g‘iz – qipchoq – qorluq guruhlarida “t – d”, “ch – j” “p – b” kabi ayrim boshqachalikni istisno etganda, shevalar bir-biri bilan asosan unli tovushlarda farqlanadi. Arab yozuvida esa, qisqa unli tovushlar yozuvda ifodalanmaydi! Ya’ni, har bir sheva “bo‘sh o‘rin”ga o‘zining tovushini qo‘yib o‘qib ketaveradi. Ahmad Yassaviy, Yunus Emro, Alisher Navoiy, Fuzuliy, Maxtumquli, Abay (va hokazo) kabi mumtoz adiblarimiz asarlarini o‘zbek o‘zbekcha, ozari ozariycha, turkman turkmancha, qozoq qozoqcha, usmonli usmonlicha yengilgina o‘qib ketaverganining bosh sababi shunda!
O‘zimdan qiyos. Tatar olimi Rizouddin ibn Faxriddinning ikki-uch kitobini asl nusxada o‘qiganman: eski turkiydagi nusxasini bemalol o‘zbekchalab o‘qib ketaverganman, hatto muallif uni o‘zbekcha yozganmi deb o‘ylaganman! Ammo kirilcha hozirgi zamon tatar yozuvidagi o‘sha matnni rosa qiynalib, tatalab zo‘rg‘a o‘qiy oldim!..
Ha, mayli, bular asosiy mavzuga kirib olish uchun aytildi. Maqsadni aniqroq tushunishimizga, mavzu o‘ta dolzarb ekanini yaxshiroq his etishimizga ko‘mak berib qolar.
Aslida gap lotin yozuvi asosida qabul etilgan o‘zbekcha yozuvni takomillashtirish haqidadir.
Eskisi ilk pallada to‘g‘riroq tanlangan edi, keyin uni “tuzatamiz” deb ataydan buzishdi, yaroqsiz holga keltirishdi. Va endi chorak asrdan beri na u yoqli-na bu yoqli bo‘lib, arosatda yuribmiz.
Bugun o‘sha kamchilikni tuzatishga, yozuvimizni iloji boricha tilimizga uyg‘unlashtirishga, qo‘llanishga qulay holatga keltirishga harakat bo‘layotgan ekan, nazarimda, diqqat qilinishi lozim bo‘lgan uch-to‘rtta jiddiy masala bor.
1. Umumiy soni ko‘paysa ham, o‘zbekona-turkona tovushlarning iloji boricha hammasiga harf berish kerak! Masalan, o‘rta “o‘” tovushiga yaqin kamida uchta tovush bor. Kirilda barini bitta “o‘” harfi bilan ifodaladik va natijada ayniqsa mumtoz adabiyotimizni to‘g‘ri o‘qishda va to‘g‘ri anglashda ancha qiynalib qoldik: “o‘t” – maysa, o‘simlik; “o‘t” – o‘tmoq; “o‘t” – olov; “o‘lmoq” – bo‘lmoq; “o‘lmoq” – vafot etmoq; “o‘lat” – kasallik...
Bu taklif ayrimlarga yoqmasligi mumkin – til ta’limini og‘irlashtiradi degan bahonalarini ko‘p eshitamiz. Ammo, aslida, tilimizni to‘la mustaqillikka erishtiradigan hamda yonimizdagi qardosh turk tillari bilan yaqinlashtiradigan juda muhim masaladir bu. Masalan, qozoq qardoshlarimizda uchala “o‘”ga alohida harf berilgan. U tovushlar o‘zbekchada ham aynan bor va faol ishlatilar edi, lekin turkiy xalqlar tilini bir-biridan uzish uchun mustamlakachi “tilshunos olim”lar hammamizning harflarimizni har xil qilib ishlab bergan.
2. O‘zbekchada xuddi “ng” tovushi kabi yana “ng‘” tovushi ham bor va u mustaqil tovushdir. Tilimizda hamon yashayapti, lekin uni ifodalaydigan harf berilmagan. O‘zi bu tovush ishtirok etgan so‘zlar ko‘p, men hozir esimga kelgan bitta so‘zni misol keltiraman: “Qang‘li”. Bunga albatta harf kerak!
Yana bir masala: “ng” va “ng‘” ko‘rinishda garchi ikki harfdan iborat bo‘lsa-da, aslida ular bitta tovushdir. Masalan, “ong” so‘zida uchta harf bor, aslida u ikkitagina(!) tovushdan iborat – “o” va “ng” tovushlari. “Tong”da – uchta tovush, to‘rtta harf. Va hokazo.
“ng”ni ikkita harf bilan ifodalashda eng katta kamchilik bo‘g‘in ko‘chirishda ko‘rinadi: “bordingiz” so‘zi bo‘g‘inlarga aslida “bor-di-ngiz” shaklida ajratilishi lozim bo‘lgani holda doim “bor-din-giz” tarzida ajratiladi va bu juda katta xatodir. Chunki “ng” tovush o‘laroq bittadir, u o‘rtasidan ikkiga bo‘linmaydi!
Shu ma’noda lotinda bu tovushga bitta harf berilayotgani ijobiy hol.
3. Jarangli-portlovchi “j” tovushi bilan bir oz jarangsiz-sirg‘aluvchi (mas., “ajdar”dagi kabi) “j” tovushini harflarda farqlash kerak degan fikrlarni to‘la qo‘llab-quvvatlayman. Bu – shart!
Bunda jarangli “j”ni lotincha “s” harfi bilan, jarangsiz “j”ni “j” harfi bilan ifodalash kerak.
4. O‘rischa “s” tovushini qanday ifodalash haqida munozara ochilgani biz uchun uyat va achinarlidir. O‘zbekchada “s” tovushi yo‘q va uni aslo kiritmaslik kerak. To‘g‘rirog‘i, o‘ris-sovet mustamlakasi davrida boshqa begona tovushlar singari “s” ham majburan kiritilgan edi va u tilimizning tabiati buzilishiga olib keldi, shuning uchun endi ham uni ilashtirib olib yuravermasdan yozma va og‘zaki tilimizdan mutlaqo chiqarib tashlashimiz lozim. U yo‘qligida minglab yillardan beri tilimiz yashab keldi, bundan keyin ham usiz yashay oladi! “S” tovushli so‘zlarsiz kunimiz o‘tmaydigan bo‘lsa, unda uni bitta “s” harfi bilan ifodalasa bo‘ladi. Masalan, turklar shunday qilishga va tillarining o‘ziga xosligini asrab qolishgan. Ular bizga o‘xshab chet so‘zlarni aynan olmagan, balki tillarining tovush xususiyatidan chiqib kelib o‘zlariga qulaylashtirib olishgan: biz o‘rislarga o‘xshab “litsey” desak, turklar “lisa” deydi va to‘g‘ri qiladi. Masalan, men o‘zim necha yillardan beri tilimiz mustaqilligi yo‘lida kurashib, “s”ni kirilda “s” bilan yozib kelaman: “ssenariy” emas, “senariy” deyman. E’tiroz bildirishga shoshilmang! Ko‘zingiz bu so‘zning o‘rischa shakliga o‘rganib qolganu “Nima keragi bor endi ularni o‘zgartirib?” demoqchi bo‘lib turgan bo‘lsangiz, hayajonga berilmang, o‘zingizni bosing, masalaga ilmiy ko‘z bilan boqing. Ko‘zingizning va tilingizning yot tovushlarga ko‘nikib qolgani maqtanadigan ish emas, balki har bir mustaqil til qonun-qoidasi nuqtai nazaridan ayni kulfatdir. Chunki til bosqinchiligi xuddi yurt bosqinchiligi kabi o‘ta salbiy hodisadir! Shundan chiqib kelsak, yurt mustaqilligiga erishgan xalq til mustaqilligiga ham erishishi albatta lozim bo‘ladi. Aks holda, to‘la mustaqillikka erishilmaydi.
“S”ni “s” harfi bilan ifodalash haqida gap ochilishi bilan ayrimlar darrov “sex” (o‘rischa “sex”) so‘zini misol keltirib, o‘zlaricha juda katta xato topgandek kula boshlaydi. Hoy baraka topkur, biz ingliz tili yo ingliz yozuvi haqida gaplashmayapmiz, o‘zbek tili va o‘zbek yozuvi haqida gaplashyapmiz. O‘zbekchada bitta qattiq “x” tovushini ifodalaydigan harf qachondan beri inglizchadagi kabi ikkita “ks” tovushini beradigan bo‘lib qoldi?! Bunaqa ahmoqona mantiq bilan yondashilsa, boshqa tillarda shunaqa so‘zlar ishlatiladi, o‘zbekchada ularni aytish o‘ta odobsizlik va uyat hisoblanadi! Birovning tilidagi hodisa boshqasining tili ustidan kulishga asos bo‘lmasligi kerak. Hartomonlama qul bo‘lib qolgan millatlargina o‘z tilidan kuladi.
5. Bitta tovushni ikki yo undan ko‘p harf bilan ifodalash tajribasidan butkul voz kechish kerak! Qo‘lni oladi! Vaqtni oladi! Joyni oladi! Chiqimni ko‘paytiradi!
Shuning uchun “sh” tovushiga “ş” harfi, “ch” tovushiga “ç” harfi olinishini qo‘llayman!
Nurulloh Muhammad Raufxon
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar