14:18 / 26.11.2018
5 145

O‘ylar o‘zgarsa, to‘ylar o‘zgaradi!

O‘ylar o‘zgarsa, to‘ylar o‘zgaradi!
«Bitta qo‘zi… O‘nta qo‘y nima bo‘ladi? Dushmanlarim eshitib, kuyib o‘lsin, deyman-da!» degan ibora yod bo‘lib ketgan hammamizga. O‘zbekona dumbullik «Mahallada duv-duv gap» filmidagi onaxonning xarakterida yaqqol aks ettirilgan. Bu milliy xarakterimiz, afsuski, to‘ylar borasida judayam avjiga chiqib ketadi.

Ma’lumki, bir necha oy ilgari Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi boshqaruvi va «Nuroniy» jamg‘armasi hamkorligida to‘ylar, oilaviy tantanalar va boshqa marosimlarni ortiqcha sarf-xarajatsiz va dabdabasiz, kamxarj o‘tkazish bo‘yicha xalqimizga faollar murojaati qabul qilingan edi.

Yurtboshimiz ham to‘yning og‘riqli muammoga aylanib borayotganiga munosabat bildirib, zo‘rma-zo‘raki odatlar ortidan oilalarda juda katta g‘am-tashvish, parokandalik urchib borayotgani, bir kunlik hoyu-havas deb odamlar huzur-halovatini yo‘qotayotganini, xalq esa mebellar, kiyim-kechagu, sarpolar sotib olaman, deb chet ellarda sarsanu sargardon yashayotganini bot-bot ta’kidlab o‘tgandi. Shundan so‘ng bu borada O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Senati tomonidan qaror qabul qilinishi zarurligini aytib o‘tgandi. Shu tobda ushbu qonun loyihasi qizg‘in muhokama etilib, taklif va mulohazalar yig‘ilmoqda, xalq fikri o‘rganilmoqda. Shuning barobarida, ko‘pchilik ortiqcha dabdabani o‘z oyog‘imizga bolta uradigan, chiranib, oila iqtisodini barbod etayotgan urf-odatlar, deb atamoqda. Ammo yeng shimarib: «Yo‘q, to‘ylar barchaga xush kayfiyat bag‘ishlaydi, o‘zi bir marta to‘y qilinadi, shunda pul sarflanmasa, qachon sarflanadi?» deguvchilar ham topilmoqda. Negaki bu ham kimningdir cho‘ntagiga zarar yetkazadi. Shuning ortidan bir-ikki so‘m topib, bosar-tusarini bilmay qolganlar qancha. Ayniqsa, otarchiyu raqqosalar, xonandayu sozandalar bu ish kasb emasligini anglab yetsalar, biror hunarning boshini tutib, xalqqa naf keltiradigan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib oladi.

«200 KIShI AYTILIShI KERAK, DEGAN GAP BOR…»

Yaqinda bir amakimiz to‘y boshlab qoldi. Endi bir tarafdan yanga tezlasa, bir tarafdan aka-ukalar… Kuyov bola bo‘lsa, g‘ijinadi to‘y kechikayotganiga. Mol-qo‘yni bozorga chiqarib, suv tekin (negadir yil qurg‘oqchil kelgani uchun bozorda narx tushib ketgandi) sotdi. Qishloqda duv-duv: to‘y-ma’rakalarni ixchamlashtirish bo‘yicha qaror chiqarkan, endi nima bo‘ladi?

— To‘yxona ko‘nmayapti, bir gaplashib ko‘rasanmi? Oyning oxirigacha band. Agar chini bilan taqiqlasa, elu xalq oldida nima degan odam bo‘laman?! Kelma, deymanmi? — dedi amakim qayg‘urib.

— Nimani gaplashaman? Qaror chiqdi, degani hammaga birdek taalluqli. Nima, siz begonamisiz, shu yurtda yashasangiz! Bizning to‘yga ko‘proq odam aytilishi kerak, degan fikrni tushunish qiyin. Qanday qilib?..

— Endi aytaman-da! Shuning bir ilojini qilaylik…

— Hokimga ayt, deysizmi?

— Kimga aytsang ayt, to‘g‘rilab ber shuni! Shanbagacha «urho-ur» navbatga yozilib yotibdi to‘yxonaga. To‘yxona narxi ham otning kallasidek edi, yana ko‘taribdi. Bir amallab o‘tkazib olsak, katta tashvishdan qutulardim. 200 kishi aytilishi kerak, degan gap bor. Bilasan, shu ja katta bo‘lmasayam, obro‘m bor.

— Ixcham o‘tkazing, nimaga kerak shuncha xarajat! Ana, Farhod aka mardikor bo‘lib yuribdi. Bir kunlik to‘y deb yiqqanini sochdi, nima o‘zgardi? To‘yida bir qozon osh shunday qolib ketdi. Non, shirinliklar, meva-cheva, qand-qurs bari molga berildi. Uvolni mendan yaxshi tushunasiz…

— Ha, bu gaping to‘g‘ri. Shu, baribir, ichimda bir narsa bor-da! O‘zbekchilik, deymiz-ku, shuyam ba’zan foyda keltiradi, ba’zan oyog‘imizdan chaladi. Hamma shoshayotgandek, xayolimda.

Indamadim. Haqiqatan, xalqimizning tabiati qiziq. Negadir hamma shu to‘y-hashamlarni ixchamlashtirish haqidagi qarorni intiq kutdi. Lekin bir tarafdan dong‘i Dog‘istonga yetar to‘y o‘tkazish orzusidan ham qaytgani yo‘q. Vaholanki, amakim singari tezroq to‘yni o‘tkazish taraddudiga tushganlar istagancha topildi. Odamlar ilgari to‘ylarni tartibga keltiraylik, derdi. Endi bo‘lsa, bir yo‘l topib, kattaroq qilib o‘tkazsam, degan o‘yda. «Avvalo, odamlarning dunyoqarashini o‘zgartirish kerak», deganida Davlatimiz rahbari naqadar achchiq haqiqatni aytgandi. To‘g‘risiyam, yaxshilab o‘ylab ko‘raylik, to‘ylar ixcham o‘tsa, kimga foyda, kimga ziyon?

TO‘Y TO‘YDEK O‘TSIN-DA…

Xalq ichida bir hazil gap bor: «Chet el olimlari Marsni tadqiq etish haqida o‘ylasa, biznikilar to‘qqiz tovoqni olti tovoq qilsak, degan tashvishda yuradi». Nega? Dunyo o‘zgarmoqda, innovatsion rivojlanish etagini tutgan mamlakatlar allaqachon yuksak taraqqiyotga erishgan. Aholining daromadi ham, yashash sharoiti ham, turmush-tarzi ham o‘zgargan. Bizda-chi? Hali-hanuz amallab hokimni aldab, dabdabali to‘y o‘tkazish, elni aroq ichirib cho‘kkalatish, keyin bir yo‘l bilan mardikorlik ortidan qarzdan qutulish haqida o‘ylaymiz.

Ochig‘i, ba’zan 10 ming so‘m gaz pulini to‘lashga og‘rinamiz, lekin kazo-kazo otarchilar «500 dollar», desa arzon ekan-ku, deb chaqiraveramiz. Odamlar bir tomosha qilsin! Artistlarni-ku, qo‘yavering, eng mashhurini tanish-bilish qilib, topdirib, ustidan pul sochishni qoyillatamiz. El ko‘rsin-da!

O‘zimizda ishlab chiqarilganiga qanoatlanmay, «Russkaya vodka»dan olib keltiramiz. Odamlar: «Falonchining to‘yida ichib, cho‘kkalab qolibmiz. O‘ziyam aroqni oqizdi, haloli bo‘lsin!» desa g‘o‘dayib, ya’ni hovliqib ketamiz. Odamlar ichsin-da! Xullas, to‘y to‘ydek o‘tsin-da, deb borini sochamiz. Keyin esa yillab qozonni suvga botirib, go‘sht o‘rniga qotgan non kemiraveramiz. Tag‘in noliymiz — qishin-yozin terga botib, ishlasak-da, ro‘zg‘orga yetmayapti.

«TO‘YLARIMIZ O‘ZINI KO‘Z-KO‘Z QILIShGA AYLANIB QOLGAN»

Bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy bundan bir asrcha ilgari «Millatimiz taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladigan ikki narsa bor: bu — to‘y va azadir», deya qayg‘urib yozganini hayotiy xulosalar asosida ko‘rib turibmiz.

— «Bu ishga odamlar nima derkin», degan gap bor. Ammo bugun bu oddiy haqiqat eskirgandek, nazarimda, — deydi pedagogika fanlari doktori Muhammadjon Quronov. — Negaki odamlarning nima deyishi qiziqtirmay qo‘ydi ko‘pchilikni. Soxta obro‘ga o‘ch odamlar to‘y-ma’raka, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar orqali o‘zini ko‘rsatishga urinishmoqda. Shu bois to‘yda mentalitetimizga yot odatlar ko‘paydi. Buning oldini olmasak, ertaga yana urchib ketaveradi. To‘ylarni ixcham, kamxarj, zamonaviy o‘tkazsak, yaxshi emasmi?..

Millatning ming yillik madaniyati, urf-odati va mentaliteti ifodasi — to‘y ekani ayni haqiqat. Xalqimiz to‘y orqali birlashgan, jipslashgan va maqsadlari mushtarak bo‘lgan. Ahillik va mehr-muruvvat tuyg‘ulari shu tushunchalar zamirida o‘sgan. Yupun kishilarga shuning ortidan mehr-muruvvat ko‘rsatilgan. Negaki oriyatli ota-bobolarimizning: «Men qiynalyapman, oilam och», deb aytishga yuzi chidamagan.

Do‘ppini olib o‘ylaylik, qo‘lida hunari bor kishining qozoni qaynab turibdi. Hamma joyda to‘kin-sochinlik. Shunday zamonda pulni sochaverish shartmi? Qur’oni Karimda: «Yenglar, ichinglar, lekin isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymanglar. Zero, Alloh taolo isrof qilguvchilarni sevmagay», deb buyurilgan.

Diqqat bilan kuzatsangiz, to‘yxonada qancha mahsulot isrof bo‘ladi. Nonni bir tishlab, dasturxonga tashlab ketishadi, suvdan bir ho‘playdi, tamom. Tag‘in issiq va yaxna taomlar tur-turi bilan dasturxonga tortiladi. Sog‘lom fikrlaylik, odam shuncha ovqatni ikki soat ichida yeyishi mumkinmi? Yo‘q. Oshqozon bunga dosh berishi ham mushkul. Bu o‘ta ketgan darajada isrofgarchilik. Aslida, bu butun umr yiqqan-tergan mablag‘ni havoga sovurish va noz-ne’matni isrof qilishdir. O‘sha noz-ne’matlarni beva-bechoralarga berish savob-ku! Lekin yemaklar axlat qutilarga uloqtirilmoqda.

Borga qiyin emas, dasturxon yozadi. Yo‘qqa qiyin — qarz ko‘taradi, cho‘ziladi, uziladi. Qarzini to‘lash umidida u yoqdan-bu yoqqa yuguradi.

Hali-hanuz eslayman: oliy o‘quv yurtida o‘qib yurgan kezlarim bir bobonikida ijarada yashardim. Cholu kampir tong saharlab gul ko‘chatlarini sotgani jo‘nardi. Otaxon har oy pullarni yig‘ib, mendan ijara haqini olib, pensiyasiga qo‘shardi-da, qayoqqadir ketardi. Shunda ham ularning yashashi juda og‘ir edi. Kunlarning birida bobo xursand bo‘lib uyga keldi. Momomning ham rangi tetilib, menga ichini yordi: «Bitta qiz, deb nima bo‘lsa qilib berdik. Qarz olaverdik, kredit ko‘tardik. Mashinadan tortib, uy, mebelgacha to‘ldirib tashladik. Kredit o‘lgur ko‘payib, sal qoldi, uyimizni sotib yuborishimizga. Mana, endi qutuldik, yelkamizga shamol tegdi».

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘ylar o‘zgarsa, to‘ylar o‘zgaradi!