date
views 4 380

“Meni kechir, ona tilim, meni kechir...”

“Meni kechir, ona tilim, meni kechir...”
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri, taniqli genetik olim, Butunjahon Fanlar akademiyasi a’zosi, akademik Ibrohim Abdurahmonovning rus tiliga davlat tili maqomi berilishini so‘rab maktub yozgan “ziyoli”larga bildirgan otashin munosabatini o‘qib, nihoyatda ta’sirlandik. Ayniqsa, “ziyoli“ so‘zining qo‘shtirnoqqa olinganligi ayni muddao bo‘libdi. Qo‘shtirnoq o‘zbekning zabardast shoirlaridan biri, rahmatli A’zam O‘ktamning “Tashxis“ she’ridagi mazkur misralarni bizning yodimizga soldi:

Rost ko‘rindi ozdek – qo‘shib gapirdi, yozdi.
Ko‘pirtirdi: Ziyoli “Ziyonli”ga aylandi.

Akademik olimimiz to‘g‘ri ta’kidlaganlaridek, bir guruh “ziyoli“larning bu xati o‘zbek xalqining tarixi, buguni va kelajagiga ziyon yetkazishdan boshqa narsa emas. Bu xatga boshqacha tashxis qo‘yib ham bo‘lmaydi. O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning satrini ham bejiz keltirmadik. Biz hali o‘tgan XX asrda tilimiz oldida qilgan gunohlarimizni yuvganimiz yo‘q. Ona sutidek aziz va muqaddas, mo‘’tabar ona tilimiz bizning gunohlarimizni hali kechirgani yo‘q. Kechirmaydi ham. Gunoh ustiga yana gunoh qilish shartmi?!

Muhtaram Prezidentimiz 2017 yil 3 avgustda ijodkor ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuvda: “Bugun odamlarimizning qonini tozalash kerak, bu ma’naviy tozarish jarayonida adabiyotning o‘rni beqiyos. . Adabiyotga, kitobxonlikka katta e’tibor qaratayotganimiz ham shundan“, deya alohida ta’kidlagan edilar. Akademik I. Abdurahmonov ona tilimizga munosabatda bizning genlarimiz, ya’ni qonimiz muhim ahamiyat kasb etishini ilmiy jihatdan isbotlab berdilar. Taniqli genetik olimning “ genlarni “o‘qish” jarayonida fan tilida mutatsiya deyiladigan hodisaga asoslanib genetik tarixga bir nazar solsa bo‘ladi.

Soddaroq qilib aytsam,odamzod paydo bo‘libdiki, genlarni ajdodlardan avlodlarga berilishida muhrlangan o‘zgarishlarni ko‘ra olasiz. Bu esa O‘zbekiston xalqlarining genetik tarixi o‘rtacha ellik ming yildan ziyod ekanini ko‘rsatib turibdi. Demak, biz Yevropa xalqlaridan 16 ming yil qadimiyroqmiz” degan fikrlari bizning mudroq shuurimizni uyg‘otishi, farzandlarimiz qalbidagi ona yurt va ona til bilan faxrlanish tuyg‘ularini yanada yuksaltirishi shart! Bu ilmiy xulosalar xorijda, xalqaro jurnallarda chop qilingan, xorijlik olimlar tomonidan e’tirof etilgan! Yoki O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov umrining oxirgi yillarida ona tilimizning buyuk jonkuyari sifatida maydonga chiqdilar. Ha, aynan “maydonga“ chiqdilar.

Ona tilimizni himoya qilishimiz uchun hali yana ko‘p martalar maydonga chiqishimiz zarur ekanligini xalqning ildiziga bolta urishdan cho‘chimaydigan, xalqqa ziyo tarqatishning o‘rniga unga ziyon yetkazayotgan bir guruh “ziyoli“larning xati ham ko‘rsatib turibdi. Muhtaram Prezidentimiz, “odamlarimizning qonini tozalashimiz kerak, bu ma’naviy tozarish jarayonida adabiyotning o‘rni beqiyos“, degan bo‘lsalar, Ozod domla o‘tgan asr 90 - yillarida “Adabiyot tildan boshlanadi“ sarlavhali maqola yozgan edilar. Tilimizni yana qarg‘alarga cho‘qitib qo‘yadigan bo‘lsak,odamlarimizning qoni qachon tozalanadi? O‘sib kelayotgan yosh avlodning, xalqimizning , mo‘’tabar adabiyotimizning kelajagi nima bo‘ladi?

O‘zbekiston Qahramoni, taniqli jamoat arbobi Ozod Sharafiddinovni ko‘pchilik adabiyotshunos, cho‘lponshunos olim va tarjimon sifatida yaxshi biladi. Hayotining so‘nggi yillarida Ustoz asosan badiiy publitsistika bilan shug‘ullandilar va adabiyotimiz, ma’naviyatimiz xazinasiga bebaho boylik bo‘lib qo‘shilgan go‘zal esselar va maqolalar yozdilar. Olimning “Navoiy saboqlari“,“Ona tilim - iftixorim, inja ganjinam“, “Tilda hikmat ko‘p“, “Til ilmining darg‘asi“, “Otajon Hoshimov shaxsiyati. Taqdiri. Ijodi“, “Fan go‘zallik hissi bilan tirik” kabi esse va maqolalarida milliy til, til ta’limi, til taraqqiyoti va sofligi singari eng yetakchi muammolar dadillik bilan ko‘tarilgan.

“O‘zbek tili nafaqat qadimiy til, u g‘oyatda nafosatga boy til, u har qanday ma’noni eng nozik, eng inju qatlamlarigacha ifodalab bera oladigan, o‘zining go‘zalligi bilan odamga zavq - shavq ulasha oladigan, bahri dilini ochib, go‘zallik tuyg‘usini qondira oladigan til“,deb yozadilar Ozod domla. Yana bir o‘rinda Ustoz: “Afsuski, yillar o‘tgan sayin, hatto o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganidan keyin ham ziyolilarimiz o‘rtasida o‘zbek tilini biladiganlari, ona tilida fikrini ifodalab berishga qurbi yetadiganlar borgan sari kamayib ketyapti.

Televideniyeni ko‘rib o‘tirib, turli -tuman shifokorlar, olimlar, davlat arboblari, muhandislar, moliyachilar, soliq idorasining xodimlari va hokazo hokazolargina emas, hatto suxandonlar, muharrirlar va boshqalarning ham poyintar - soyintar jumlalarini eshitib, ega-kesimini muvofiqlashtira olmayotganiga, jumlaning boshi bilan oxirini qovushtira olmayotganiga guvoh bo‘lib soching tikka bo‘lib ketadi. Bularning bari el-u yurtning ko‘z o‘ngida ona tilimizni tahqirlashdan o‘zga narsa emas-ku!Tilni mensimaslik, millatni mensimaslik, vatanni mensimaslikni ko‘rsatadigan o‘ta noxush bir holdir“.

Rus tiliga davlat tili maqomi berilishini talab qilib xat yozgan “ziyoli“larning hammasi O‘zbekiston atalmish muqaddas Vatanda tug‘ilib o‘sgan,Vatanimizning eng yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan bo‘lsalar-da,ularning ko‘pchiligining Ustoz aytganlaridek “ona tilida fikrini ifodalab berishga qurbi yetmaydi“. Ular bizning tilimizni mensimaganlari uchun ham o‘zga til uchun davlat maqomi berilishini so‘rashyapti. Tilimizni mensimaslik orqali ular o‘zlarining millat va Vatanga munosabatlarini ham ochiq bildirishdi. O‘zimizning dunyodagi eng bag‘rikeng, mehmondo‘st xalq ekanligimiz bilan faxrlanamiz.

Lekin, xokisorlik ham shunchalik bo‘ladimi, o‘z farzandlari o‘z ona tilini bilmasa, bilmagani ham mayli, o‘zga bir tilga davlat tili maqomini berishni talab qilsa, bu bedodlikka qanday chidash mumkin? Biz har qanday xorijiy tillarni o‘rganish tarafdorimiz. Ko‘p til bilish dunyoning barcha darvozalarini ochadi, xalqlarni bir biri bilan yaqinlashtiradi, do‘stlashtiradi. Faqat xorijiy tilni o‘rganish o‘z ona tilini bilmaslik, uni unutish evaziga bo‘lmasligi kerak. Axir, hamma narsaning javobi borku! Biz ko‘ngli ochiq, qo‘li ochiq, o‘zimiz poygakda o‘tirib, mehmonni to‘rga o‘tkazadigan, farzandlarimizni “otam, onam” deb alqaydigan xalqmiz. Boshqa xalqlarda kam uchraydigan bu aziz milliy qadriyatlarimiz bilan faxrlanamiz. Bizning mehribon onamizdek, tabarruk ona yerimizdek aziz ona tilimizni kamsitishga hech kimning haqi yo‘q!

“O‘zini o‘zbek ziyolisi deb hisoblagan har bir inson faqat til bayramlarida emas, doimiy ravishda ona tilimiz bayrog‘imizdek yuksak va pokiza bo‘lishi to‘g‘risida qayg‘urmog‘i ham farz, ham qarzdir”, deb yozadilar Ozod domla. Ustozning ona tilimiz haqida qayg‘urib, jismi jonlari og‘rib yozgan maqolalarini o‘qib, xayolimizga bir fikr kelgandi. Bizning nazarimizda ona Vatan, ona tili va bizning kindik qonimiz tomgan tuproq mushtarak tushunchalardir. Ayniqsa, yoshimiz ulg‘ayib, tuproqqa yaqinlashganimiz sari biz tilimizning qadrini, uning nihoyatda muqaddasligini anglab borsak kerak. Shunday ulug‘ qadrni anglamaganlarga, bilmaganlarga , yoki bila turib o‘zini bilmaslikka solayotganlarga shoir aytganidek bizning “rahmimiz keladi”. Ularga Yaratganning ham rahmi kelsin!

“Xalqimizning tarixi qadim–qadimlarga taqalar ekan, o‘zbek tiliga ham qadimiy til namunasi sifatida qarashimiz, uni asrab – avaylashimiz lozim. Butun sivilizatsiyadagi genlar to‘plami bizda mujassam bo‘lgan,tilimizning naqadar boyligini , unda biz o‘zimiz tushunmagan qirralar hanuz borligini inkor qilib bo‘lmaydi. O‘zbek tilini o‘rganishdan insonlarda g‘urur paydo qilishimiz zarur”, deydi “Gazeta.uz” da bosilgan maqolasida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik I. Abdurahmonov.

Tilimiz – bizning o‘tmishimiz, bugunimiz, kelajagimiz va o‘zligimizdir. Ulug‘ ajdodlarimiz tomirlariga bog‘lab turgan rishtalarimiz, yuragimizda urib turgan qonimiz, jonimizdir bizning ona tilimiz!Yuraksiz, qonsiz, jonsiz yashash mumkinmi? O‘z ona tilini bilmaslikdan uyalmaslik, yana buning ustiga bir xatoni ikki xatoga aylantirib, o‘zga tilga davlat tili maqomini berishni so‘rash tuzluqqa . . . emasmi?! Axir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 1 bob 4 – moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir” deb belgilab qo‘yilganku!

Har qanday milliy iftixor, milliy g‘urur ona Vatanni va ona tilini sevishdan boshlanadi. ”Ona tilimizning kamoloti yo‘lidagi sa’y –harakatimizni kuchaytirish kerakligi yaqqol sezilib turibdi. Tilimiz hamon parvarishga va himoyaga muhtoj” deb yozgan edilar Ozod domla. O‘zga tilga davlat tili maqomi berilishini so‘rab yozilgan xat bizni ogohlikka da’vat etishi shart. Ona tilimizni himoya qilish biz uchun eng muqaddas burch, buyuk ajdodlarimizdan qolgan meros, qarz ekanligini unutmaylik!

Ra’no Sayfullayeva, filologiya fanlari doktori, O‘zMU professori
Hulkar Hamroyeva, filologiya fanlari nomzodi.

Manba: Xs.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Meni kechir, ona tilim, meni kechir...”