date
views 2 992

Uchinchi qo‘rquv – yakka shaxslardan va jamiyatdan qo‘rqish

Uchinchi qo‘rquv – yakka shaxslardan va jamiyatdan qo‘rqish
Uchinchi qo‘rquv
Shu vaqtga qadar odamlar yo Xudodan yoki qonundan qo‘rqqani uchun turli jinoyatlarga qo‘l urish, birovning haqini yeyish, o‘zgalarning huquqlarini poymol qilishdan qo‘rqadi, deb yurardim. Zero faqatgina Islom emas, dunyodagi barcha dinlarda o‘limdan keyingi hayot, yaxshiliklar uchun jannat, yomonliklar uchun do‘zaxga kirish tushunchasi bor va inson yaralgandan buyon barcha axloqiy normalar, o‘zaro munosabatlar din asosiga qurilgan edi. Qayerdaki jamiyat axloqning asosi bo‘lmish dindan uzoqlashsa, degradatsiya uchragan, turli balolarga, ijtimoiy muammolarga duch kelgan, jinoyatlar axloqsizlik, tajovuzkorlik va qarama-qarshiliklar, bo‘linish va ajralishlar evaziga yo‘q bo‘lib ketgan.

So‘nggi bir necha yuz yillikda butun dunyoda dindan – xudodan uzoqlashish, sekulyarizm jarayoni jadallashdi, odamlar na xudoga, na jannat-u do‘zaxga va na o‘limdan keyingi hayotga ishonmay qo‘ydi. Natijada jamiyatni boshqarish va chegaralab turish qiyinlashib, qariyb imkonsiz holga keldi. Xudodan qo‘rqmaydigan odamlar uchun dunyoviy qonunlar ishlab chiqilib, joriy etila boshlandi. Endi odamlarni do‘zax bilan emas, qamoq, shu dunyodagi azob-uqubatlar bilan qo‘rqitish mumkin bo‘lib qoldi.

To‘g‘ri, yuqoridagi ikki omil hammaga ham taalluqli emas. Odamlar orasida jannatga kirish uchungina yaxshilik qiladigan yoki jazolanishdan qo‘rqqani uchun o‘zini tiyib turadiganlardan tashqari, bularni o‘zining axloqiy prinsiplari, hayotiy pozitsiyasiga zid ko‘radiganlar ham bor. Ammo asosiy ko‘pchilik tabiatan boshqarilishga moyil bo‘ladi. Qachonlardir ularni cherkovlar, masjid va madrasalar, sinagoglar yoki butxonalar tartibga, axloqqa chaqirib, ma’lum ijtimoiy chegaralarni chizib bergan va ulardan chetga chiqqanlarni o‘z qonun-qoidalari, shariat asosida jazolagan bo‘lsa, bugun bu vazifalarni sud, politsiya kabi tuzilmalar bajarmoqda.

Ammo insonlarni tartibga soluvchi uchinchi qo‘rquv ham bor. U – odamlardan, jamiyatning o‘zi kabi a’zolaridan qo‘rquvdir. Bu ayniqsa taraqqiy etgan jamiyatlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Muayyan qonun-qoidalarni buzishda na xudo, na qonundan qo‘rqadigan jinoyatchilar, amaldorlar va oddiy odamlar boshqalarning unga nisbatan qonunlardan tashqari muomalada bo‘lishidan qo‘rqib, o‘zini tiyib turadi.

Masalan - poraxo‘r amaldor. Agar u musulmon bo‘lsa, Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan Tabaroniy rivoyat qilgan quyidagi hadisni juda yaxshi bilishi lozim: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Pora beruvchi ham, pora oluvchi ham do‘zaxdadir”, deganlar”. Barcha mamlakatlarning dunyoviy qonunlarida bo‘lgani kabi, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210 (pora olish), 211 (pora berish), 212 (pora olish-berishda vositachilik qilish) va boshqa moddalariga asosan pora oldi-berdisiga qo‘l urganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Amaldor bu moddalardan ham yaxshigina xabardor bo‘lishi aniq. Ammo u na do‘zax va na qamoqdan qo‘rqadi (balki qo‘rqar, lekin qilayotgan ishining farqiga bormaydi). Qachondir qo‘lga olinishi, jazolanishi mumkinligini ham biladi. Biroq bu jazolar uning nazdida yo bo‘lishi, yo bo‘lmasligi, bo‘lgan taqdirda ham u qadar qo‘rqinchli va dahshatli bo‘lmaydi go‘yo.

Ammo jamiyat poraxo‘rlikka toqatsiz bo‘lsa, uning noqonuniy faoliyati uzoq davom etmasligi aniq. Jamiyat a’zolari uning pora so‘rayotganiga befarq qaramaydi. Yaxshi holatda pora so‘ralganlardan biri uni qonun qo‘liga topshiradi, yomon holatda esa sabr kosasi to‘lib turganlardan biri unga zarar yetkazishi – ur-kaltak qilishi, hattoki hayotiga qasd qilishi ham mumkin. Bunda birinchi holat uning uchun eng yengil jazo, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Chunki dunyoviy qonunlar doirasida jazolarda adolat, afv, yengilliklar bor, qachondir jazoni o‘tash muddati tugab, ozodlikka chiqadi va hayotini chiroyli davom ettirish imkoni mavjud. Biroq qaysidir fuqaro hissiyotlarini jilovlay olmasdan uning hayotiga qasd qilsa nima bo‘ladi?

Bunday holatda amaldor uchun barcha qonunlar, jazoning muqarrarligi mutlaqo ahamiyatga ega bo‘lmay qoladi. Axir bu dunyoda yo‘q bo‘lsa, jinoyatchining qaysi qonunlar asosida bo‘lsa ham, jazoga tortilganidan unga nima naf?

Uchinchi qo‘rquvni ikki qismga bo‘lish mumkin – yakka shaxslardan va jamiyatdan qo‘rqish. Yuqorida tilga olganimdek, yakka holatlarda biror jinoyat, qilmishni sodir etgani uchun kimdir unga zarar yetkazishidan qo‘rqsa, ikkinchi holatning ko‘lami kengroq. Bu qo‘rquv butun boshli hukumatlarni har bir qarorini ming chig‘iriqdan o‘tkazib qabul qilishga majburlaydi. Jamiyat hayotiga taalluqli qarorlarda, muhim qadamlarni tashlashda, albatta, odamlar fikri inobatga olinadi. Saylovlar, referendumlar, parlamentlar, xalq deputatlari kengashlari, qonunlarning jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinishi, davlat va hukumat rahbarlari qabulxonalari, petitsiyalar uyushtirishga mo‘ljallangan platformalar va boshqalar ushbu maqsadlarga xizmat qiladi.

Bugun dunyoning turli mintaqalari, turli mamlakatlarida kuzatilayotgan ommaviy noroziliklar ham jamiyat bosimiga misol bo‘la oladi. Shuningdek, ko‘pchilik davlatlardagi siyosiy o‘zgarishlar, aniqroq aytganda hokimiyat tepasiga muxolifat vakillarining kelayotgani ham siyosatchilarning xalqni davomli ravishda aldab kelayotgani, yolg‘on va’dalarga ko‘mayotgani, biroq ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat tobora yomonlashib borayotganiga aholining javobi, munosabati deb qarash mumkin. Muxolifat ham umidlarni oqlamasa, davlat boshqaruvining bugungi shakllariga nisbatan noroziliklar keskin kuchayib, vaziyat butunlay izdan chiqishi, buyuk tushkunlik va umidsizlik davri boshlanishi mumkin.

Afsuski, bugungi kunimizda har uch qo‘rquvdan ham mahrum bo‘lgan jamiyatlar ham bor. Bunday jamiyatlarning ayni vaqtda tobora tanazzulga yuz tutayotgani, ijtimoiy, demografik, ma’naviy yo‘qotishlarga uchrayotgani, turli muammolar girdobida qolayotgani, tajovuzkor, o‘zini o‘zi yeb bitiradigan xalqqa aylanayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Shunday yoshlar qatlamlari vujudga kelmoqdaki, ular hech narsadan qo‘rqmaydi, hech narsani o‘ylamaydi, hech narsadan tashvish va xavotirga tushmaydi. Faqatgina o‘z xohish-istaklari, reja-maqsadlariga yetishsa bas.

Ularni istaklariga erishish yo‘llarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani, borayotgan manzilning yaxshi yoki yomonligi, qilmishlarining oqibatlari, o‘z kelajagi, yaqinlarining taqdiri mutlaqo qiziqtirmaydi. Reja tuzayotganda erishmoqchi bo‘lgan maqsadgacha bo‘lgan yo‘lni va unga olib boruvchi vosita, usul va hamrohlarni o‘ylashadi xolos.

Buni shu yilning may oyida Samarqand viloyati Ishtixon tumanida bir oilaning besh a’zosini o‘ldirgan to‘rt yigit misolida ko‘rishimiz mumkin. Ularni qotillik qilishga pul yetishmovchiligi, ishsizlik, johillik yoki boshqa sabablar undagan bo‘lishi mumkin (qotillarning o‘ziga to‘q oilalardan ekani xabar qilindi), ammo barcha harakatlari ostida hech kimdan, hech narsadan qo‘rqmaslik yotadi aslida. Agar ular Allohdan, Qiyomat kunidan, qabr va do‘zax azobidan, qonunlardan va bir kuni albatta qo‘lga tushib, jazolanishdan, odamlar nazaridan qolish, bir umrlik pushaymonlikdan qo‘rqqanlarida, balki bu ishga qo‘l urmagan bo‘lishardi.

Aslida jamiyat hayoti qo‘rquv emas, balki yuksak ong, ma’naviyat, axloq va ilmga tayangan tafakkur asosida barpo etilishi lozim. Odamlar o‘zgalarning haqqiga xiyonat qilmasa, hamma o‘z vazifasini bajarsa, ularga hech qanday qonunlar kerak bo‘lmaydi. Ammo inson – unutuvchi, xato qiluvchi mavjudot. Uning qonida Qiyomatga qadar shayton aylanib, doimiy ravishda vasvasaga solib turadi, nafs istak-xohishlari ham tugamaydi.
Sanjar Said

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Uchinchi qo‘rquv – yakka shaxslardan va jamiyatdan qo‘rqish