18:45 / 31.08.2019
3 939

«Dunyoning hech bir joyida bizchalik dorixonalar ko‘p emas»

«Dunyoning hech bir joyida bizchalik dorixonalar ko‘p emas»
Dorishunoslik haqida o‘ylar

Tunov kungi so‘rovnomadan dorichilikning yoyilishini ko‘pchilik salbiy holat deb baholashi ma’lum bo‘ldi («dorichilik» degan so‘zdan ayrimlar salbiy ruh olibdi, bu noto‘g‘ri, bu shunchaki tildagi so‘z yasash imkoniyati hosilasi).

To‘g‘ri, dorishunoslik sohasida yutuqlar, izlanishlar ham talaygina. Ba’zi yurtdoshlarimiz bu ma’noda yaxshi mehnat qilmoqda. Ammo umumiy, atroflicha olib qaraganda, bu borada ko‘ngilni xira qiladigan omillar ko‘p. Shu bois bugungi dorifurushlikdagi voqelikni men ham salbiy holat deb baholayman. Buning bir qator sabablari bor.

1. Dunyoning hech bir joyida bizdagidek dorixona ko‘p emas. Chorsudan Keles ko‘prigigacha 5‑6 km yo‘l bo‘lsa, shu oraliqda 20 tadan ortiq dorixona bor. Katta shifoxonalar atrofidagi dorixonalarni‑ku, sanab adog‘iga yetish mushkul.

2. Tog‘li hududlarga borsangiz, bitta‑yarimta dorixonani arang topasiz, o‘shanda ham sanoqli dorilar bor, xolos. Novqot yoki Arslonbopga borganda odamlar bilan gaplashsam, aytarli kasal bo‘lishmas ekan, ancha‑muncha bemorliklarga tabiiy dorilar, muolajalar olishar ekan. Shuning uchun dorixonalar va ularning dorilariga ehtiyojlari yo‘q ekan. Kimdir buni havo tozaligi va u yerdagilarning turmush tarzi bilan ham izohlashi mumkin. Biroq u yer bilan ob‑havosida katta farq bo‘lmagan shaharlarda ham dorixonalar taqqoslab bo‘lmas darajada ko‘p. Boshqa sharaharlarni olib qaraganda ham ob‑havoda dorixonalar adadiga yarasha farq yo‘q. Menimcha, bu yerda boshqa bir sabab bor: dorixonalarning o‘zi kasallik manbai bo‘lishi mumkin.

3. Kimyoviy dorilar qadimdan qo‘llab kelingan bo‘lsa‑da, bugungidek keng yoyilmagan. Aslida kimyoviy dorilardan ko‘ra imkon qadar tabiiy dorilarni qabul qilgan yaxshi. Buni tabiiy fanlardan dars o‘tgan bir domalamiz quyidagicha tushuntirgan edi:

«Salapan (sellofan) yoki biror yelim narsani yerga ko‘msangiz, yillar o‘tib ketsa ham chirimaydi, boyagidek turaveradi. Ammo shuning o‘rniga temir yo po‘latni ko‘msangiz, bir necha yillarda chirib, yerga qorishib ketadi. Savol tug‘iladi: nega yupqagina yumshoq salapan chirimaydi‑yu, bilakdek keladigan qattiq temir, qulochni to‘ldiradigan, toshdek qattiq taxta chirib ketadi? Chunki temir, taxta tabiiy narsa, shu bois tabiatga singadi. Ammo salapan sun’iy narsa, shuning uchun u yerga kirishmaydi. Kimyoviy dorilar ham jismga singmay, tirik organizmlarni buzishi xuddi mana shu holatdan kelib chiqadi».

Domlaning gapi mavjud ilmiy qarashlarga qanchali mos tushishidan qat’i nazar, voqelikning o‘zginasi edi.

4. Ba’zilar dorixonalar ko‘payishini aholi soni ortishiga bog‘laydi. Bu uncha to‘g‘ri emas. Chunki dorixonalarning ko‘payishi aholi soniga monand emas, balki yuz barobar ko‘p. Avvalda bir shaharda yoki qishloqda ma’lum tabiblar bo‘lgan, hammaga yetib ortib qolgan. Yoshligimizda Andijon shahrida 3 dona dorixona ma’lum edi. Ularda ham hammaga ma’lum sanoqli dorilar bor edi. Ammo bugun qo‘rqmasdan shaharda 300 ta dorixona bor, deyaverasiz. Axir aholi yuz barobar ko‘paygani yo‘q-ku...

5. Ayrim kishilar dorixonalar ko‘payishini kasallik turi ko‘payishiga bog‘laydi. Bu ham to‘g‘ri emas. Chunki 20 yilda kasalliklar soni yuz barobarga ko‘paymaydi aslida. Agar ko‘paygan bo‘lsa, balki bu ham dorilarning sharofatidandir.

6. O‘zim va bir qator yaqin kishilarning hayotida dorilar natijasida kasallik faqat rivojlanganini ko‘rdim. To‘g‘ri, shifo bo‘layotgan dorilar ko‘p, lekin umuman natijasiz yoki noto‘g‘ri natijali davolanishlar juda ko‘paygandan ko‘paygani ham bor gap. Hadeb dori quyib qonni yuvishadi, aslida bir‑ikki marta qon oldirsa, o‘z‑o‘zidan yaxshi bo‘lib ketadi. Yana bunga o‘xshash holatlar juda ham ko‘p.

7. Dorilarni narxlashda ham insof yo‘q. Kasal qancha nozik bo‘lsa, dorisi shuncha qimmat. Holubki tarkibida katta o‘zgarish bo‘lmaydi. Ayrim dorilar butkul monopollashgan va kamiga bu qonun bilan himoyalangan bo‘ladi.

8. Soxta dori ko‘payib ketdi. Yaqinda bir xabarda 90 foiz doirilar asl emasligi haqida aytildi. Ayrim dorilarni ichasiz, ammo hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Gripp dorilarning ko‘pi sizni birato‘la kasal qiladi. Bitta nimadir arzimagan modda qo‘shib, yangi nom bilan qimmat narxda yangi dori chiqarishadi. Doktor yozib bersa, bemor olib ichaveradi.

9. Ukol orqali dori yuborish ham aslida juda xatarli ish. Germaniyada davolanib kelgan yurtdoshlarimizning aytishicha, bemorga ukol qilish uchun bir nechta jihatdan doktorlar tekshiruv va xulosa berish kerak ekan. Ularning aytishicha, bizda jarrohlik uchun qanday yondashilsa, ularda ukolga shunday munosabat bor ekan. Bizda esa ha desa ukol yozishadi. Aslida tabiiy yo‘l ‒ boshqa ozuqalar kabi dorining ham oshqozon‑ichak orqali so‘rilishi hisoblanadi. Uni mushak yoki tomirdan yuborilishi modda almashinuvining teskari yurishi bo‘ladi. Shuning uchun ko‘p odamda hozir modda almashinuvi buzilgan va shuning uchun ko‘pchilik bo‘lar‑bo‘masga semirib, yana nimadir kasallarga chalinib yuribdi.

Xulosa qilib aytganda, dorishunoslik va dorifurushlik sohalarini qattiq nazorat qilish, tartibga solishga muhtojmiz. Ko‘pchilik kishilar doktorlardan nolib qolishadi. To‘g‘ri, kimlardadir izlanishlar, bilim ko‘ngildagidek bo‘lmasligi mumkin. Lekin men aytamanki, eng asosiysi ular o‘qigan metodda o‘zi gap bordek, o‘ta eski yoki mustamlaka bo‘lgandek ko‘rinadi. Shuningdek, zamonaviy tibbiyotda tan olinmaydigan, ammo hayotda bor ko‘p holatlar borki, to G‘arbdagi kattalari tan olmagunicha boshqalar ko‘zni yumib yuraveradi. Misol uchun, mijoz masalasi, doktorlar uni umuman hisobga olmaydi, lekin bu juda ham muhim.

Shu bois, zamonaviy tibbiyot bilan birga Sharq tabobatini ham qayta jonlantirish kerak deb o‘ylaman. Asrlar osha bizning iqlimimizda o‘zini oqlagan tabiiy davolash usullari, dorilari bor, ulardan unumli doydalanish darkor.

Tabobat deganda ko‘z oldimizga oxirgi asrlarda hamma sohalar qatori tabiblik ham cho‘kkan davrdagi tabobat keladigan bo‘lib qolgan. Biz bugun G‘arbni uyg‘otgan tabobatimizni tiklashimiz kerak.

Shu bilan birga, o‘sha uslublarni zamonga moslashimiz lozim. Oddiy misol, dori vositalarini iste’mol qilishnning qulay ko‘rinishlarini yaratish kerak. Ko‘pchilik kishilarning tibbiyotga murojaatining sabablaridan biri ular taqdim qilgan dorilarni qabul qilish oson, tabletkani yutasiz qo‘yasiz yoki shirinlik so‘rgandek dorini shimib yurasiz. Tabobatimizda esa dori qabul qilish uchun damlama, qaynatma uslublar ko‘p va bunday dorini har joyda olib yurish, iste’mol qilish qulay kelmaydi. Shuningdek, tekshiruv uslublarida ham yangiliklar qilishga muhtojmiz. Bir qator Sharq mamlkatalarida bu borada ancha yangiliklar bor, ularni ham o‘zlashtirishimiz lozim.

Bu yerdagi so‘zlarni bir oddiy iste’molchining shaxsiy mulohazalari deb qabul qilasizlar, mutaxassislik da’vosi yo‘q. Kamchiliklar bo‘lsa, to‘ldirishingiz mumkin.
Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Dunyoning hech bir joyida bizchalik dorixonalar ko‘p emas»