
Jannatmonand yurtimizning uzoq o‘tmishlardan so‘ylaydigan tarihiy, ko‘hna muqaddas qadamjolari, hushmanzara maskanlari, o‘zida ajib mo‘’jizalarni aks ettirgan noyob yerlari ko‘p. Ularga yo‘lingiz tushsa, qalbingizni bir olam hayrat va havas tuyg‘ulari egallashi shubhasizdir. Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahridagi “Yo‘rmado‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ham ana shunday bir ajib maskan bor.
“Piri Siddiq” majmuasi, yana bir nomi “Kabutarli mozor” deb nomlangan ushbu muqaddas ziyoratgohga kelsangiz, ziyoratgoh hovlisida uchib yurgan juda ko‘p kabutarlarga ko‘zingiz tushadi. Ular sizning tashrifingizdan behad hursand bo‘lgandek, hech cho‘chimay yoningizga uchib kelib qo‘lingiz yoki yelkangizga qo‘nib olishadi. Aytishlaricha, ularga yaxshi niyat bilan don tutgan kishining ko‘nglidagi tilagi ijobat bo‘lar ekan. Bu ko‘p bora isbot topgan haqiqat. Odamlar ezgu niyatlar umidida, ya’ni dardiga shifo so‘rab, befarzandlar farzand tilab, kimdir ishini rivojini parvardigordan so‘rab bu yerni bir sababchi bilib, shu aziz maskanga kelishadi.
Bu mo‘’tabar tuproqda, shuningdek, ulug‘ avliyolar, buyuk ajdodlarimiz dafn etilgan bo‘lib, ularni mozorlarini ziyorat etib, qur’on tilovatlar qilib ketishadi. Bu ulug‘ dargohni ziyorat qilish barobarida odamlar o‘zlariga ruhiy tetiklik oladi go‘yo. Ona tabiatga, qushlarga nisbatan qalblarida mehru muhabbat jo‘sh uradi nazarimda. Bu qutlug‘ qadamjoning tarihi, o‘ziga xos sirlari bilan tanishish maqsadida biz ham bu yerda bo‘ldik. Ziyorat chog‘ida majmuada faoliyat ko‘rsatayotgan Aburahmon aka Xolmatov bilan suhbatlashdik. Yuzidan go‘yoki, nur yog‘ilib turgan otaxon suhbat davomida “Piri Siddiq” majmuasi, ya’ni “Kabutarli mozor” tarixi haqida o‘z bilganlarini so‘zlab berdilar.
Bu qutlug‘ dargohning “Piri Siddiq” majmuasi “Kabutarli mozor” deb nomlanishining o‘ziga yarasha hikmati bor. Mazkur tabarruk maskanga ne- ne ulug‘ bobokalonlarimizning qadamlari yetgan. Muborak zaminda ulug‘ ajdodimiz fiqx ilmining sultoni Burhoniddin Marg‘iloniy Al Rishtoniyning chillaxonalari joylashgan. Yana bir dahmada birinchi xalifa hazrati Abu Bakr roziyollohu anhu bobomizning avlodlari dafn etilgan.

Burhoniddin Marg‘iloniy Al Rishtoniy bobomiz melodiy yil hisobida 1123 yil 23 sentyabr kunida tavallud topganlar. Otalari kosibchilik bilan shug‘ullangani uchun bobomiz ham kosibchilik hunarini mukammal egalladilar. Amakilari hazrati Hisomiddin ilmli, ziyoli inson bo‘lib ulardan ilmu ma’rifatni o‘rgandilar. Ana shu bilim bir maqomga yetganida 1178 yili, ya’ni XII asrda ushbu chillaxonaga tashrif buyurib, chilla o‘tirib, 13 yil ketma-ketiga ro‘za tutib, 13 yil davomida buyuk asar “Al Hidoya” asarini yozganlar. “Al Hidoya” islom shariati qonuni atalib, hozirda butun islom mamlakatlarida nodir darslik sifatida foydalanilmoqda.
Burhoniddin Marg‘iloniy bobomiz 1197 yili muborak 74 yoshlarida vafot etib Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoniga dafn etilganlar. Bu muqaddas dargohdagi keyingi dahmada tarix manbalariga asosan, IX asrda Saudiya Arabistonidan buyuk xalifa Abu Bakr Raziyollohu anhuning avlodlari, aka-singil Shojalil va Poshshabibilar shu muazzam dargohga keladilar. Ular bu yerda yashab odamlarni islom diniga da’vat etishadi. Ular o‘zlari bilan birga ikki o‘rgatilgan oq kabutarlarni ham olib kelishgan. O‘sha kabutarlar asrlar davomida ko‘payib, bu yerni manzilu makon aylashgan. Ulardan hozirga qadar 3000 tadan ortiq kabutarlar tarqagan.
Shuning uchun ham bu ziyoratgohni qadimdan “Kabutarli mozor” deb atab kelishgan. Yozma hujjatlarda “Pir Siddiq” nomi bilan qayd etilgan majmua vaqtlar o‘tishi bilan uning atrofida masjid, minora, maqbarali hovli, darvozaxona hamda kaptarxonadan iborat arxitektura kompleksi paydo bo‘lgan. Manbalarning guvohlik berishicha, maqbara to‘g‘ri burchak shaklida bo‘lib peshtoq, ravoqli, sag‘anali, to‘rtburchak xona bilan uyg‘unlik hosil qiladi. Maqbara ichida ikkita uzunligi 5 metrli qabrlar mavjud. Ular qayd etilganidek Hazrati Abu Bakr Siddiqning avlodlari Shojalil va Poshshobibilarning mozori sanaladi.
Sobiq mustabid tuzumning siyosati diniy me’moriy yodgorliklari qatori bu tabarruk maskanga ham o‘z zararini yetkazdi. Majmuaning darvozaxonasi orqasidagi ikki qavatli bino buzib tashlandi. Natijada darvozaxona peshtoqi jiddiy zararlanib, yarim vayrona holatiga tushib qoldi. Majmuaning saqlanib qolgan binolari esa omborxona sifatida foydalanildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida esa bu binolarga Rossiyadan evakuatsiya qilingan aholi joylashtirilgan. Istiqlol yillarida, ya’ni Marg‘ilonning 2000 yillik yubileyi arafasida birinchi Prezidentimiz qaroriga asosan bu muqaddas qadamjo obodonlashtirilib keng ko‘lamda bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Hozirda ziyoratgohdan ziyoratchilarning qadamlari uzilmaydi. Uzoq-yaqindan tashrif buyurib, ulug‘ bobokalonlarimiz qabrlarini ziyorat etib, kabutarlarni ko‘rib o‘zgacha hayrat bilan ortga qaytishadi. Otaxon bilan dildan suhbatlashib ko‘nglimdan shunday tabarruk Vatanda tug‘ilib yashayotganimdan, buyuk ajdodlarning avlodi ekanimdan yuksak faxr tuyg‘usini tuydim. Ziyoratgohni har bir yeriga qadam tashlar ekanman bu muqaddas qadamjoga qadami yetgan, unda yashab buyuk va o‘lmas asarlar yaratgan bobokalonlarimiz g‘oyibona boqib turgandek ko‘rindi nazarimda. Nima bo‘lsa ham bu aziz maskanga ularning mo‘’tabar qadamlari yetgan.Ulug‘ ajdodlarimizni tez-tez yodga olish, bebaho, boqiy, durdona asarlarini o‘qib, o‘rganib, yuksak mzmun-mohiyatini kelgusi avlodlarga yetkazish biz farzandlarning muqaddas burchimiz ekanligini aslo unutmasligimiz kerak.
Fotima O‘KTAMOVA.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar