12:00 / 30.10.2019
3 136

Hoyu havaslarning qurboni emas qizlar...

Hoyu havaslarning qurboni emas qizlar...
Farzand umid yulduzi. Avlodlar davomchisi, kelajak egasidir. Uning o‘sib ulg‘ayib kamolotga yetishi, bir umr baxtli bo‘lib, orzu va maqsadlariga erishib jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topishi har bir ota-ona uchun muhimdir. Oila kattalari aslida farzandlari uchun, ularning ana shunday farovon hayotini o‘ylab yashaydilar, bu yo‘lda mehnat qiladilar, jon kuydiradilar, yelib yuguradilar.

Ammo, ba’zida uzoqni o‘ylamay, qandaydir orzu havaslar yo‘lida bu dunyodagi eng yaxshi ko‘rgan jigarbandlari, ko‘zi qaroqlarini og‘ir hayot sinovlariga tashlab qo‘yadilar. Ayniqsa, bunda qizbolalar taqdiri bamisoli o‘yinchoqqa aylanadi. Bugungi davrning eng og‘riqli masalalaridan biri bo‘lgan erta turmush domiga uloqtirganlarini anglasalarda hammasini yahshilikka yo‘yib ertaroq nabira ko‘rish baxtiga erishishni istab qoladilar.

Ana shu bema’ni istaklar, hoyu-havaslar, xom xayollar qurboniga aylanib qolayotgan ayollar ko‘rayotgan iztiroblar qalblarni larzaga soladi. Yaqin atrofda bo‘layotgan bunday voqealarni ko‘ra bila turib ham ota-onalar o‘z bag‘rilarida ungan gulu lolalarini, qizlarini olovga otadilar. Birgina misol yaqinda volidam bir qarindoshimizning qizlari anchadan buyon betob yotganini eshitib bir ko‘rib kelay deb hol so‘ragani bordilar. Bemorni ko‘rib uyga qaytgan onam tushkun kayfiyatda kirib keldilar. Nima bo‘lganini so‘rasam onam yig‘lagudek bo‘lib qarindosh qizimizning og‘ir betob bo‘lganini, operatsiya bo‘lib, ko‘p azob-u uqubat chekkanini kuyunchaklik bilan gapirdilar. Onamning bu so‘zlaridan keyin bu qizning ko‘rgan kechirganlari ko‘z-o‘ngimdan o‘ta boshladi.

16 yoshga to‘lgan nav nihol qizni ota-onasi uzoq bir qarindoshlariga uzatdilar. Eshik taqqilatib kelavergan sovchilar “Qarindoshchiligimiz yo‘qolib ketmasin, quda bo‘lib bu rishtalarni mustahkam bog‘laylik”, - deb yosh qizni yor-yorlar bilan kelin qilib olib ketishdi. Ko‘rinishidan nozikkina kelin qiz o‘zga xonadonga ko‘nikishi ham oson bo‘lmadi. Ota uyidan juda olis, qir-adirlar bag‘riga kelin bo‘lib tushib ota-onasi, ukalarini sog‘inaverdi. Bu sog‘inch uni qanchalar qiynamasin, kelin bo‘lib tushgan xonadonda mehnat bilan o‘zini ovutdi.

Uy yumushlari, supur-sidir, chorva hayvonlariga qarash, adir bo‘yidagi oilaning dehqonchilik uchun ajratilgan yerida ekin yetishtirish kabi barcha ishlarni bajarib qaynona-qaynotasining duolarini oldi. Bu orada uch nafar farzandni dunyoga keltirib, ularga bor mehrini berdi. Ammo bu orada yosh ayolning sog‘ligi yomonlashdi. Qorindagi kuchli og‘riq kelinchakni holdan toydirib ahvolini yomonlashtirdi. Oila kattalari kelinni shifoxonaga olib borib tibbiy tekshiruv o‘tkazishgach, ayolning qorin qismida o‘simta borligi, uni operatsiya qilib o‘z vaqtida olib tashlanmasa hayoti xavf ostida qolishini shifokorlar ta’kidlashdi.

Bu nohush xabarni eshitgan Gulyuz ruhiy tushkunlikka tushib qoldi. Go‘yo hayot tugagandek, bu azoblarning oxiri yo‘qdek butun vujudini titroq egallab oldi. “Menga bir nima bo‘lsa farzandlarimning taqdiri nima bo‘ladi. Hali ular yosh, ona mehriga to‘ymagan, ey Hudoyim o‘zing meni dardimga shifo ber”, - deb kechalari bilan yig‘lab chiqadigan bo‘ldi.

Gulyuzni nihoyat operatsiya qilishib qorin qismidagi o‘simtani olib tashlashdi. Ammo doktrlar yosh kelinni ehtiyot qilishni, ko‘p urinmasligini, o‘zini tiklab sog‘lom bo‘lguniga qadar asrab-avaylashlarini ta’kidlashdi. Shifokor Gulyuzni uyiga ketishiga ruhsat berar ekan, belgilangan dori-darmonlarni o‘z vaqtida ichishi, sog‘ligiga e’tiborli bo‘lishini hamda tez-tez ximiyaviy terapiya muolajasini olib turishini uqtirdi. Gulyuzni shifoxonadan ota-onasi bir oz ehtiyot qilaylik, - deb ota uyiga olib ketishdi. Farzandlari esa qaynona-qaynotasinikida dadasi bilan qolishadigan bo‘lishdi. Oradan kunlar o‘ta boshladi.

Gulyuz shifokor aytganidek, ximiyaviy terapiya muolajalarini olishni boshladi. Bu muolaja shu qadar kuchli ediki, ayolni ba’zan holini quritar, ko‘nglini aynitar, hatto sochlarini to‘kib yubordi. Siz bu holatdan qo‘rqmang ximiyaviy terapiya orqali o‘simtani o‘sib chiqishini oldini olamiz. Hali Xudo hoxlasa ko‘rmagandek bo‘lib ketasiz, -deb shifokor bemor ayolga taskin berdi. Gulyuz muolajadan so‘ng har safar ota-onasinikida bir hafta dam olib keyin qaynona-qaynotasini uyiga qaytardi. U farzandlaridan uzoq vaqtlarda ularni sog‘inib qiynalar, bolalar ham onasini sog‘inishib yig‘lab chiqishardi. Uchta bolani dadasi bazan onasini oldiga olib borsa ba’zan yo‘q. Goho Gulyuzning qaynonasi bolalarning xarxashasidan to‘yib ketib o‘g‘lini koyirdi.

“- Xotining qachon qarasa kasal, darddan boshqasiga yaramay qoldi. Kelin bo‘lib bundoq xizmatimga yaramaydi, bolalari yig‘lab harxasha qilaveradi, barchasi jonimga tegib ketdi, -deya ichidagini to‘kib soladi. Gohida qo‘ni-qo‘shnilari to‘planib g‘iybatni boshlashganida kelini haqida nolib “O‘zi qizligida kasali bor shekili, bo‘lmasa shu ahvolga tushib qolarmidi, -deya xasrat qilib qolardi. Aslida shu qo‘shnilari qizginani bu xonadonga kelin bo‘lib tushganida sog‘lom va chiroyli bo‘lganini, yelib yugurib qaynona-qaynotasi, oilaning barcha a’zolariga hatto mana shu qo‘shnilarga ham xizmat qilganini yahshi anglashadi. Ammo “Tilning suyagi yo‘q”, -deganlaridek ular ham birga qo‘shilib g‘iybatni ketini ulashadi.

Hozir Gulyuzning sog‘ligi yaxshi bo‘lmasada, oilasining xizmatini qo‘lidan kelgancha uddalayapti. Iloji boricha farzandlarining yonidan yiroqlashgisi kelmas, oilasi uchun jon kuydirib yashashda davom etyapti. Bu yoqda esa uning ota-onasi xavotirda. “Bolam yaxshimikan, kasal bo‘lib yotib qolmadimikin, uy ishlariga yarayaptimikin, qaynonasidan dakki eshitib ozor chekmayaptimikan”, -degan o‘ylar iskanjasida yashashga majbur. Aslida bu qiynoqlarga kim sababchi? Bu azob uqubatlar ularning o‘ylab-o‘ylamay yo‘l qo‘ygan xatolari emasmi?

Erta turmush, qarindoshlik nikohlarining salbiy oqibatlari haqida qancha so‘z yuritilmasin, bugungi kunda bu kabi voqealarga afsuski, ko‘p duch kelayapmiz. Farzand taqdiriga bo‘lgan mas’uliyatsizlik, beparvolik, bema’ni orzu havaslarga mehr-muhabbat qo‘yish hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan navnihol qizlarni erta so‘lishiga, o‘g‘illarni baxtsiz bo‘lishiga, shirindan-shakar begunoh bolalarni yetim qolishiga sabab bo‘layapti. Lekin bu boradagi targ‘ibot, ogohlik ishlari davom etaveradi. Muhimi bu hayotiy voqealardan odamlar o‘zlariga yetarli xulosalar olsalar, bu kabi xatolarga yo‘l qo‘yishni bas qilsalar jamiyatimizda baxtli, mustahkam oilalar soni qo‘payaveradi, sog‘lom nasllar dunyoga keladi.
Fotima O‘KTAMOVA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hoyu havaslarning qurboni emas qizlar...