date
views 4 879

Har yili suv tanqisligidan 1,2 mln. kishi xastalikka duchor bo‘lmoqda

Har yili suv tanqisligidan 1,2 mln. kishi xastalikka duchor bo‘lmoqda
Suv tabiatning eng muhim boyligi. Usiz hayotni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Butun jahonni tashvishga solib kelayotgan ichimlik suvi aholining ortishi, ishlab chiqarish korxonalarining ko‘payishi va rivojlanishi, qo‘shimcha sug‘oriladigan yerlarni o‘zlashtirilishi, befoyda va behuda isrofgarchiliklar tufayli miqdorini kamayishi, sifatini pasayayotganligi obu hayotga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Xalq iborasi bilan aytganda, qayerda suv bo‘lsa hayot o‘sha yerda, suv tugagan joyda hayot ham tugaydi.

Yurtimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinayotgan bo‘lsa-da, ayrim joylardagi ichimlik suv ta’minoti past darajada ekanini ko‘ramiz. Bu toza ichimlik suv ta’minotida muammolar borligidan dalolat beradi.

Ayni paytda aholiga o‘z vaqtida davlat standarti talablariga javob beradigan toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bugunning dolzarb masalasidir. Ayniqsa, yurtimizning cho‘l hududlarida bunga ehtiyoj yuqori. Bu muammolarni bartaraf etish uchun suv zaxiralarimizdan oqilona foydalanish, uni befoyda sarflanishiga yo‘l qo‘ymaslik, ifloslantirmaslikni taqozo etadi. Hech kimga sir emas, ko‘plab viloyatlarimizda aholi ichimlik suvi sifatida yer osti suvlaridan foydalanadi.

Hozirgi kunda jahon miqyosida chuchuk suv ishlatish hajmining yildan-yilga ortib borishi va buning oqibatida suv tanqisligi kelib chiqayotganligi ayni haqiqat. Hatto BMT tomonidan 2003 yilning “Xalqaro toza suv yili” deb e’lon qilgani buning yaqqol misolidir. BMTning “Atrof-muhit muhofazasi” dasturi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda dunyodagi mavjud daryolarning yarmi jiddiy ifloslangan. Yer shari aholisining qariyb 40 foizi toza ichimlik suvi yetishmasligidan aziyat chekmoqda. Har yili toza ichimlik suvining tanqisligi tufayli 1,2 mln. kishi turli xil xastaliklarga duchor bo‘ladi, 5 mln. kishi ifloslangan va sifatsiz suvdan iste’mol qilishga majbur.

1995 yilda “Gidro axborot markazi” tomonidan yer osti suvlarning ifloslanish darajasi bo‘yicha olib borilgan monitoring va kuzatuvlar natijasida yer osti suvlarning barcha manbalar bo‘yicha bashorat resurslari va zaxiralari qayta hisoblab chiqildi. Bunga ko‘ra, minerallashgani 1kg/gacha bo‘lgan chuchuk suv zaxiralari so‘nggi 30 yil davomida 40% kamaygan. Eng ko‘p kamayish respublikaning G‘arbida, Amudaryoning quyi qismlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida kuzatilgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda suv resurslarining ajralmas bir qismi bo‘lgan yer osti suvlaridan asosan aholi ehtiyoji uchun foydalanilmoqda. Ishlab chiqarishning jadal sur’atlarda rivojlanishi, ba’zi bir mintaqalarda suv muhofazasi bilan bog‘liq tadbirlarning amalga oshirilmayotganligi va suv zaxiralarining ifloslanishi haqida ogohlantirishning mavjud emasligi, yer osti suvlari sifatining yomonlashuviga olib kelmoqda.

Nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda ichimlik suvi muammosi bor. Garchi, yer yuzasining katta qismi suvlikdan iborat bo‘lsa ham chuchuk suv zaxiralari ikki foizni tashkil etadi. Buning hammasi ham iste’molga yaroqli emas. Ba’zi bir mamlakatlarda chuchuk suv zaxiralari yetarli bo‘lmaganligi yoki umuman yo‘qligi sababli qanchadan-qancha kishilar mashaqqat chekmoqda. Respublikamizda ham shunday suv zaxiralariga ega bo‘lmagan joylar topiladi.

Shu munosabat bilan yer osti suv resurslarini o‘rganish usullarini yanada takomillashtirish, milliy va xalqaro miqyosda yer osti suvlarini kompleks boshqarish salohiyatini oshirish, yer osti suvlaridan foydalanish borasida ilm-fan va amaliyotning hamkorligini ta’minlash va rivojlantirishga qaratilgan muhim masalalar o‘z yechimini kutib yotibdi. Dunyoning ko‘plab davlatlari singari mamlakatimizda ham lalmikor va cho‘l hududlarida yer osti suvlari yagona chuchuk suv manbai ekanini hisobga olgan holda, u iqtisodiy va ekologik tizimning barqarorligini ta’minlashda eng asosiy omillardan biri ekanini unutmaylik.

Sanjar TURSUNOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Har yili suv tanqisligidan 1,2 mln. kishi xastalikka duchor bo‘lmoqda
-->