14:20 / 10.02.2020
6 265

Avtokreditga olingan mashinani sotish mumkinmi?

Avtokreditga olingan mashinani sotish mumkinmi?
Savol
Bir shaxs bankdan 7% lik kredit asosida 5 yil muddatga mashina olish uchun kredit olgan. Bank mashinani sotishga taqiq qo‘ygan. Lekin mashinani kreditga olgan odamga naqd pul kerak, shuning uchun u mashinani boshqa bir shaxsga: “shu mashina uchun 2700$ birinchi to‘lov sifatida bersangiz, qolgan 48 mln. so‘mini 5 yilda bankka meni nomimdan to‘laysiz, lekin mashinani sotolmaysiz, sizga faqat mashina haydash huquqini beramiz” deyapti. Shu holatda mashinaga 2700$ berib qolgan qarzni to‘lashga rozi bo‘lib mashinani olsa 7% kredit (pulga pul ribo) ga sherik bo‘lib riboni sodir etgan bo‘lib qolmaydimi?

(2) Shunday vaziyatlarda islom bankida qanday yo‘l tutiladi?

Javob
1. Avtomashinani sotish mumkin emas, bunga qonun tomonidan ham taqiq bor, shariat ham garovdagi mulkni sotishga izn bermaydi.
2. Avtomashinani ijaraga berish mumkin, chunki avtomashina egasida undan foydalanish va manfaat olish huquqi bor.
3. Avtomashinani oddiy ijara usulida (rus tilida “operatsionnaya arenda” deb ataladi) ham, «ijara muntahiya bittamlik» (ijara to‘lovlari amalga oshirib borilib, muayyan vaqtdan so‘ng sotuv asosida yoki hadiya asosida mulkka egalik huquqi beriladigan bitim (rus tilida “lizing / arenda s posleduyushim vikupom” bitimiga o‘xshash) usulida ham berish mumkin.
4. To‘lovlar ikkala holatda ham ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga beruvchiga to‘lanishi afzal. Ijaraga beruvchi ishonchnoma bersa uning nomidan biror odam, xususan ijaraga oluvchining o‘zi ham bankka to‘lovlar qilib borishi mumkin, bunda ijara bitimi va bank bergan kredit shartnomasi o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lmaydi.
5. Shartnomaga ko‘ra ijaraning birinchi oyi uchun to‘lov miqdori keyingi oylar uchun to‘lov miqdoridan kattaroq qilib belgilanishi mumkin. Ammo bu to‘lovlar miqdori oldindan kelishilib shartnomaga kiritilishi va to‘lov jadvali sifatida tasdiqlanishi lozim.
6. Agar ijara «muntahiya bittamlik» usulida berilsa, ijara beruvchi bank oldidagi to‘lovlarni o‘z vaqtida qilib borishi haqida ijara oluvchiga va’da berishi maqsadga muvofiq, bu va’da qonunan biror kuchga ega bo‘lmasa ham ijara beruvchining mas’uliyatini oshishiga xizmat qiladi.
7. Agar ijara beruvchi shaxs bank oldidagi to‘lovlarni vaqtida amalga oshirmay, garovdagi avtomashina olib qo‘yilsa qanday yo‘l tutilishi shartnoma tuzish jarayonida kelishib olinadi. Bu holatda to‘langan to‘lovlar qayta hisoblanadi va avtomashina foydalanilgan muddatda oddiy ijara uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan miqdor ushlab qolinadi va ortib qolgan pullar ijara oluvchiga qaytariladi. Oddiy ijara uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan pul miqdori, o‘sha yerdagi urf asosida belgilanadi.

Ko‘rib chiqilayotgan masala yuzasidan muhim qaydlar:
  • ijara beruvchi bankka to‘lanishi kerak bo‘lgan to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirib bormasa va buning oqibatida avtomashina bank tarafidan olib qo‘yilsa ijara oluvchi katta moliyaviy muammoga yo‘liqadi va bu unga nisbatan zulm bo‘ladi. Albatta bu holat ijara beruvchining mas’uliyatsizligi oqibatida kelib chiqqanligi uchun gunoh ijara beruvchining bo‘yniga tushadi;
  • yuqorida ko‘rsatilgan barcha shartlar ijara bitimida aks ettirilib tomonlar tarafidan imzolanishi shart, chunki bu kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldini olishga yordam beradi.

Manba: islommoliyasi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Avtokreditga olingan mashinani sotish mumkinmi?