
Ollobergan Boyjonov
Tibbiyot fanlari doktori, Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi bo‘lim boshlig‘i Ollobergan Boyjonov koronavirus O‘zbekistonga kirib kelgan ilk kunlardanoq bu kasallikka qarshi bevosita kurashib kelmoqda. Domla qisqa muddat dam olishga chiqqanidan foydalanib, u bilan maxsus suhbat uyushtirdik.
– Ollobergan aka, siz butun faoliyatini yuqumli kasalliklarga qarshi kurashga yo‘naltirgan insonsiz va tajribangiz katta. Koronavirusga qarshi O‘zbekistonda kechayotgan kurashda ham old safda bo‘ldingiz va ma’lum xulosalarga egasiz. Ayting-chi, bizdagi bemorlar bilan xorijdagi bemorlar o‘rtasida kasallikning kechishi bo‘yicha qanday tafovutlar bor?
– Bu kasallik irq, yosh, jins va hudud tanlamaydi. Koronavirus infeksiyasiga xos belgilar – isitma, yo‘tal, nafas yetishmasligi bizning bemorlarda ham qayd etilmoqda. Diareya (ich ketishi) ham kam uchramaydigan alomatlardan. Yana boshqa alomatlar – hid va ta’m bilishning yo‘qolishi ham kasallikning boshlanishidayoq kuzatilmoqda. Umuman olganda, bizning hududdagi kechishi deyarli farq qilmaydi.
– Xudoga shukr, bizda o‘lim ko‘rsatkichi juda past. Balki bu jihatdan yetakchilardan birimiz. Fikringizcha, bunga erishishda asosiy omil nima bo‘lmoqda?
– Buni bir emas bir necha omillarning yig‘indisi deb bilaman. Hammamizga ma’lumki, bu infeksiya ayrim davlatlarda yuqori o‘lim ko‘rsatkichlari bilan kechdi va kechmoqda. Kasallikning og‘ir asoratlaridan biri pnevmoniya(o‘pkaning yallig‘lanishi)dir. O‘pkada fibroz to‘qimaning shakllanishi nafas yetishmasligiga olib keladi. Pnevmoniyaning og‘ir shakllarida o‘lim xavfi oshadi.
Bemorlarni erta aniqlash, ayniqsa muloqotdagilarni karantinga olib, kasallik belgilari paydo bo‘lmasdanoq aniqlanib, shifoxonaga yotqizilishi, o‘z vaqtida JSST tavsiyalari asosida davolash jarayonini boshlash katta rol o‘ynayapti. Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya tajribalaridan foydalanish, zarur zamonaviy tibbiy davolash-tashxislash asbob-uskunalari, maxsus dori-darmonlar bilan ta’minlanish, yetakchi tibbiy muassasalari mutaxassislarining jalb etilishi, Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hamkorligida yaratilgan va shifokorlarimizga qurol sifatida o‘z vaqtida yetkazib berilgan milliy qo‘llanma, davlatimiz tomonidan qisqa muddatda klinika tashkil qilinishi o‘zining ijobiy samarasini bermoqda, deb bilaman.
Xalqimiz qilayotgan duolar, davlatga ko‘makchi bo‘lgan homiylarning qo‘llab-quvvatlashlari bemorlarning tuzalishiga, profilaktika choralari infeksiya tarqalishining barham topishiga sabab bo‘ladi, degan umiddaman. Ilohim tez kunlarda bu kasallik tugatilib, O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan tadbirlar o‘zining samaradorligini ko‘rsatsin.
– Yangi kasallik bo‘lgani va haddan ortiq ortiq muhokamalar bemorlarga psixologik ta’sir qilmadimi? Ularda tushkunlik kuzatilganda, qanday choralar ko‘rildi?
– Bunday holat ayniqsa dastlabki bemorlarimizda ko‘proq kuzatildi. Tushkunlikka tushish, vahima bosish kabilar ko‘p uchradi. Tibbiyot xodimlarining doimo bemor yonida bo‘lishi, o‘tkazilgan suhbatlar, tinchlantiruvchi vositalar o‘zining ijobiy natijalarini berdi. Qolaversa, bemorlar ahvolining yaxshilanishi, to‘liq sog‘ayganlarning reabilitatsiya muassasalariga o‘tkazilishi bemorlarda tuzalishlariga ishonch hosil qila boshladi. Birorta holatda psixolog maslahatiga o‘tkir zarurat sezilmadi. Tor mutaxassislar maslahati zarur bo‘lganda, SSV tomonidan darhol tashkillashtirildi. Bundan tashqari, mutaxassislar bilan telemuloqotlarning muntazam o‘tkazib turilishi ham bemorlarning erta tuzalishida muhim rol o‘ynamoqda.
– Bu kasallik O‘zbekiston tibbiyoti uchun ham jiddiy bir sinov bo‘ldi. Davolash jarayonida moddiy-texnik baza va ta’minot jihatdan qanday muammolarga duch kelindi hamda ular qay tarzda yechim topmoqda?
– Davolanish jarayonini tashkil qilishda moddiy-texnik baza va ta’minotda muammolar sezilmadi. Bu jarayonda Virusologiya ilmiy tekshirish instituti va klinika rahbariyatining o‘rni salmoqli bo‘ldi, ular hozir ham davolash jarayonini uzluksiz davom ettirmoqdalar. SSVda tashkil qilingan shtab bilan muntazam aloqada bo‘lib turildi, himoya kiyimlari, turli vositalar, dori-darmonlar va tibbiy asbob-uskuna hamda jihozlar bilan to‘la ta’minlandi. Klinikada sun’iy nafas oldirish, EKG, UZI, rentgen va laboratoriya tekshiruvlari tun-u kun faoliyat ko‘rsatmoqda. Bir marta qo‘llaniladigan tibbiy vositalar yetarli miqdorda ta’minlangan.
Butun jarayon bevosita prezident nazorati ostida. Biror bo‘g‘inda oqsash sezmadik, aksincha, hamjihatligimiz yana ham kuchaydi va bu tajribani keyinchalik ham qo‘llash niyatidamiz.
– Ko‘pchilik bir fikrdan – bemorlarning asl soni yashirilyapti, degan shubhadan voz kechishi qiyin bo‘ldi va hamon shunday o‘ylayotganlar bor. Bu borada nima deya olasiz?
– Bemorlarning asl soni bo‘yicha shubhaga o‘rin yo‘q. Chunki, nafaqat koronavirusga chalingan bemorlar soni, balki ularning ahvoli, kasallikning og‘ir-yengil kechishi va klinikaga yotqizilganlar haqidagi ma’lumotlar kun sayin emas, soat sayin SSV tomonidan monitoring qilib borilmoqda. Qisqasi, e’lon qilinayotgan barcha ma’lumotlar haqqoniy.
Qolaversa, kasallanishning hozircha o‘sib borishi karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish uchun jiddiy asos-ku. OAV va maxsus saytlar orqali berilayotgan ma’lumotlar vaziyatni to‘g‘ri baholash uchun zarur. To‘g‘ri, kasallanish hozircha ortib bormoqda. Quvonarlisi shuki, to‘liq tuzalayotganlar soni ham oshmoqda. Tez kunlarda sog‘ayganlar soni infeksiya yuqtirganlar sonidan oshadi degan umiddaman.
– O‘zingiz davolagan bemorlarning ichida kasallik nisbatan og‘ir kechgan bemorlar haqida qisqacha so‘zlab bersangiz.
– Davolanayotgan bemorlar orasida kasallikning nisbatan og‘ir kechish holatlari albatta bo‘ldi. Bunday hollar asosan o‘pka, jigar, yurak kabi ichki a’zolarning surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlarda kuzatildi. Bundan tashqari, o‘rta og‘irlikda kechayotgan kasallikning qisqa muddatda pnevmoniyaga olib kelgan holatlar ham kam bo‘lmadi.
Shuningdek, kasallikning boshlang‘ich belgilari endi paydo bo‘la boshlagan bo‘lsa-da, rentgenda pnevmoniya alomatlari aniqlandi. Bular kasallikning qanday kechishini prognoz qilish qiyinligini ko‘rsatadi. Shuning uchun ko‘p jihatlari hozircha noma’lum bo‘lgan bu infeksiyaga juda jiddiy qarash zarurligini angladik. Bu bemorlarning barchasining ahvoli yaxshilandi. Bir qismi hali ham davolanmoqda, qolganlari to‘la sog‘ayib, reabilitatsiyaga yuborildi.
– Vaksina qachon yaratiladi va insonlar bu virusdan qachon qutiladi?
– Avvalo shuni bilib olaylik, vaksina davolamaydi, kasallik yuqishiga qarshi immunitet hosil qiladi. Bugungi kunda AQSH, Rossiya va boshqa yirik davlatlarda vaksinalar klinik sinovdan o‘tqazilmoqda. Lekin ularning samaradorligi, organizm uchun xavfsizligi o‘rganilishi zarur. Bu bir necha oylar, hatto yillarni talab qiladi. Qolaversa, hammani to‘liq emlashning imkoni yo‘q. Bugungi kunda infeksiya tarqalishini tezda to‘xtatishning yagona yo‘li bu karantindir.
Virus boshqa organizmga o‘tmasa, shu yerda epidemik zanjir uziladi va aksincha karantinda bo‘lgan kishi virus yuqtirsa, yangi epidemik zanjir paydo bo‘ladi. Kasallikni davolashdan ko‘ra uning oldini olish oson va samaralidir.
Abror Zohidov suhbatlashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar