date
views 6 184

«Opa pulni hammadan ham olavepmaydi…»

«Opa pulni hammadan ham olavepmaydi…»
Ular 2017 yilning kuzida tanishishgan edi. Onasi tez-tez betob bo‘lavergach, Zamira (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) dugonalaridan tuman markazida bir ayol yashashi, kimga duo qilib bersa, dardi arib ketayotganini eshitdi-yu, so‘rab-surishtirib topib bordi.

Chindan ham onasi unikiga bir-ikki borgach, tezda sog‘ayib ketdi. Shundanmi, Zamira o‘sha Barno opaga astoydil ixlos qo‘ydi. Bot-bot uni yo‘qlaydigan bo‘ldi.

2019 yilning yozida u tumandagi tibbiyot kollejida sirtqi bo‘lim ochilishi haqida eshitib, harakatga tushib qoldi. O‘qib diplomli bo‘lib olsa yomonmi?!

Shu niyatda kollejga borib, xodimlardan qabul haqida aniq ma’lumot olish xayoli bilan yurgan kezlari bozorda Barno opasini ko‘rib, quvonib ketdi. Ular hol-ahvol so‘rashgach, Zamira Barnoga xushomad qildi:
– Opa, Xizrni yo‘qlasam bo‘lar ekan. Shu kunlarda uyingizga o‘tmoqchi bo‘lib yurgandim…

Barno tanishining bir ishi borligini sezib, uni chetroqqa yetakladi:
– Tinchlikmi?..

– Ha, tinchlik… – kuldi Zamira. – Kollejlaringizda sirtqi bo‘lim ochilayotgan emish-ku? O‘qimoqchi edim, kirishimga yordam berolasizmi? Singlim va bir dugonam ham bor…

Barno kollejda ish yurituvchi bo‘lib ishlasa-da, o‘qishga qabul qilish borasida hech qanday vakolati yo‘q edi. Biroq nafs qursin, tayyor «o‘lja» oyog‘i ostidan chiqib turganida uni begona qilgisi kelmadi.

– O‘qishga kiritish muammo emas, direktor opa bilan juda yaqinman, – dedi u sirli qilib. – Faqat bunaqa ishlar o‘z­o‘zidan bitmaydi-da, buni bilasizmi?

– Bilaman, opa, bilaman, – dedi Zamira ham ovozini pasaytirib. – Shuning uchun oldingizga bormoqchi edim. Pulga ish bitiradiganlar duch kelgandan olavermasa… Tanishing bo‘lmasa bunaqa ishlar bitmasa…

– Shunaqa… – uni ma’qulladi Barno. – Opa pulni hammadan ham olavermaydi.

U atrofga olazarak qararkan, Zamiraning qulog‘iga shivirladi:
– Bir kishiga 300 dollardan bo‘layotgan edi, shunga qarab tayyorlanib turavering, qabul boshlanishi bilan o‘zim xabar beraman.

Zamira shundan keyin bir necha marta qo‘ng‘iroq qilib, yangilik bor-yo‘qligini so‘radi. Hatto sabri chidamay kollejga ham bordi.
– Ochilsa o‘zim xabar qilaman, singiljon! – uni kulib qarshi oldi Barno. – Siz pulni tayyorlab turavering dedim-ku?

– Mayli-yu, singlimning sal qo‘li kaltaroq… Siz aytgan pulni berolmaydi shekilli. Shu… har birimiz uchun 250 dan 750 dollar bersak bo‘lmaydimi?

– Iye, bu nima gap endi?! Pulning hammasini direktor opaning o‘ziga beraman… – bu gapdan biroz ranjidi Barno. Ishlasangiz xarajatingizni darrov chiqarib olasiz, pulingizga kuymaysiz!..

– Bilaman! – uni ma’qulladi Zamira. – Ammo bizning sharoitimizni ham tushuning, opa. Bu pulni otam beradi. Birdaniga ikkita qizga shuncha pulni berishning o‘zi bo‘lmasligini bilasiz-ku?!

– Mayli, otangizning umri ziyoda bo‘lsin, – nihoyat o‘zicha rozi bo‘lgan bo‘ldi Barno. – Direktor opaga sizlarni turmush o‘rtog‘imning jiyanlari deb aytib, «stavka»ni tushirib berishini iltimos qilaman. Ko‘nar…

– Rahmat, opa! – quvonganidan Barnoni quchoqladi Zamira. – Bu yordamingizni yaxshi kunlaringizda qaytaray, ilohim!

– Aytgancha… – muhim gap yodiga tushgandek Zamiraga o‘girildi Barno. – Anavi dugonangiz ishonchlimi ishqilib?! Yana yaxshilik qilaman deb bir baloga yo‘liqib o‘tirmay.

– Unga menga ishongandek ishonavering, opa! – taskin berdi Zamira. – Unga o‘qishga kirishi muhim, boshqa narsa bilan ishi yo‘q. Hatto sizni tanimaydi ham!

– Unda hujjatlarni tezroq tayyorlang. Qabul boshlanmagani bilan kirish istagidagilar allaqachon hammasini hal qilib qo‘yishdi. Yana o‘rinlar to‘lib qolmasin…

Bir-ikki kundan keyin Zamira aytilgan hujjatlarni tayyorlab, Barnoning yoniga bordi.
– Mana, opa! Aytilgan hujjatlarni olib keldim!

– Voy, katta ko‘chada, hammaning ko‘z oldida bularni menga berayotganingizni qarang, ko‘rganlar nima deydi?! – Barno shoshilib u uzatgan sellofanni oldi-yu, qovoq uyganicha sumkasiga joylab qo‘ydi. – Bunaqa ishlar oshkora qilinmaydi, singil!

Zamira Barnoning birdan o‘zgarib qolganini ko‘rib, xavotiri ortdi:
– Voy, opa, bilmabman, kechiring! Bosh­qa qaytarilmaydi.

– Buni olib kelishni bilgan, ichiga pulini ham solib kelmabsiz-da?! – pisanda qildi Barno.
– Harakat qilayapmiz… – chaynaldi Zamira. – Birdaniga shuncha pulni topish…

– Odamlar pulni kimga berishni bilmay, tanish qidirib yugurib yuribdi, sizlar bo‘lsa…
– Olib kelaman!..

O‘sha kungi suhbatdan keyin Zarifa Barnodan shubhalanib qoldi: «Ishqilib meni laqillatayotgan bo‘lmasin. O‘qishga kiritib qo‘yish qo‘lidan kelarmikan? Shuncha pulni berib qo‘yib, keyin ortidan ololmay yugurib yurmasmikanman?».

Aksiga olib, Barno bir necha marta Zamiraning qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi. Keyinroq esa o‘zi telefon qilib, uchrashmoqchi ekanini bildirdi.
– Singil, juda g‘alati ekansiz! Telefonda hamma gap ham gaplashilavermaydi. Eshitib turgan bo‘lishlari mumkin. Darvoqe, pul masalasi hal bo‘ldimi?
– Ha, bo‘ldi hisob…

– Unda bunday qilamiz! – Barnoning yuziga tabassum yugurdi. – Men ertaga kerakli odamlar bilan gaplashib ko‘raman. Agar siz aytgandek farmatsevtika ochiladigan bo‘lsa, sizga telefonda «Farg‘onaga borib keladigan bo‘ldik» deyman. Siz shunga qarab tushunib olaverasiz, kelishdikmi?! Ha, endi, ko‘rib turibsiz-ku, hozir zamon nozik. Ehtiyotingni qilmasang bo‘lmaydi…

Barno shu tariqa ancha narsalarni tushuntirdi. Bundan Zamiraning shubhalari yana ham oshdi. Boz ustiga, singlisi bilan bo‘lgan suhbat ham ikkilantirib qo‘ydi:
– Opa, nimaga buncha shoshilmasangiz? Tanishingiz ishni hal qiloladimi ishqilib? Yana aldanib qolmaylik… Qolaversa, men siz aytgan pulni topolmadim…

Zamira singlisining uyidan chiqar ekan, so‘nggi – eng to‘g‘ri qarorga keldi-yu, shaxdam yurib ketdi.
– Opa, qayerdasiz?

Barno Zamiraning qo‘ng‘irog‘idan biroz xavotirlangan bo‘lsa-da, dam o‘tmay qo‘liga tegishi muqarrar puldan kechgisi kelmadi:
– Bugun ishda emasdim, uydaman…
– Unda bir soatlarga qolmay boraman.
– Yaxshi, kutaman.

Zamira kelgach, u bergan 750 AQSH dollarini cho‘ntagiga joyladi. Biroq negadir yuragi g‘ash edi. Bu bejiz emas ekan. Dam o‘tmay darvoza taqillab, fuqarolik kiyimidagi bir necha kishi hovlisiga kirib kelgach, nima bo‘layotganini angladi-yu, hozirgina olgan 750 dollarni yashirishga ulgurdi…

U avvaliga aybiga iqror bo‘lmay, o‘zini ming ko‘yga soldi. Biroq guvohlar va dalillar aybini isbotlab turganini ko‘rgach, noiloj tan oldi…

Sud Barno Shamsiyevaning mazkur jinoyat ishini atroflicha o‘rganib, uni ikki yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda hamda o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi tizimida ishlash huquqidan mahrum etdi. Shuningdek, sudlanuvchi bazaviy hisoblash miqdorining ellik besh barobari miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi…

Sardorbek TOSHPULATOV,
departamentning Pop tumani bo‘limi surishtiruvchisi

Manba: Huquq.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Opa pulni hammadan ham olavepmaydi…»