
Dunyoni suv bosibdiyu, masjid bus-butun qolibdi, hammayoq yonib kul bo‘libdiyu Qur’onga hech narsa qilmabdi, deya ayuhannos soluvchi “yuksak farosatlilar”ga!
Boshidanoq aytay, mening rasmiy diniy bilimim yo‘q. Lekin zarur ibodatimni qilishim, zimmamdagi farzni ado etishim uchun aqlim yetarli. Demoqchimanki, bu postdan diniy adovat uchun dastak izlamang!
Oxirgi paytlarda, ayniqsa qator ofatlardan keyin “Allohning mo‘’jizasini ko‘ring, hamma joyni suv bossa ham masjidga hech narsa qilmabdi”, “Yon atrof yonib ketganda ham Qur’on bus-butun qolibdi” degan suratli lavhalar tarqaldi. Ularni ko‘rgan odam borki tanishiga ulashdi, go‘yoki hamma hayratda!
Xo‘sh, dinimiz shunaqa arzon piarga muhtojmi?
Shunaqa lavhalardan keyin Islomning quvvati oshadi, deya o‘ylash g‘irt kaltabinlik emasmi? Deylik, qaysidir dunyoqarashi haminqadar inson shu lavhadan hayratlandi va dinga hurmati oshdi. Keyin, kunlardan bir kuni masjidning qulagan devori yoki qaysidir yaramasning qo‘lida yonayotgan Qur’oni karimni ko‘rdi. Endi uning ideal tasavvurlari chilparchin bo‘ladimi?
Axir masjidning ham, Kalomullohning ham bor qudrati uning insonga beruvchi ma’naviy ozuqasida, qachondur qulovchi g‘isht yoki olov tegsa yonuvchi qog‘ozda emas!
“Manavi kalimani o‘qib o‘n kishiga jo‘natsang ertaga tushgacha boyib ketasan” degan xabarlarni tarqatuvchilarku juda-juda jonga tegdi. Shunaqa qiluvchilar orasida bir qarashda tuppa-tuzuk odamlar borligini ko‘rib, hayron qolasan.
Kalla bilan farosatni ishlatish vaqti keldi!
P.S. “Chindanam butun qolgan masjidlar suratiga yoki butun qolgan Qur’oni karimga nima deysiz?” deydiganlar: agar boshqa binolar ham masjidlar singari o‘g‘irliksiz, insof va aql bilan qurilsa, ancha-muncha talafotga dosh beradi. Shuningdek, kitoblar ham ko‘pchilik odaticha Kalomulloh singari e’zozlanib, ehtiyot joyda saqlansa, yonish ehtimoli kamayadi.
Abror Zohidov,
jurnalist
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! jurnalist
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar