
Sal kam 10 yildan beri musofirchilikda yuribman desam ham bo‘ladi. Maktab-internetda o‘qigan davrimni ham qo‘shib hisoblasa, 15 yildirki oilamdan muntazam uzoqda yashab kelaman. Shaxsiy tajribam va yon-atrofda kuzatganlarimdan kelib chiqib, musofir hayoti haqida juda ko‘p xulosalarni qilishga ulgurdim. Men olgan eng katta dars shuki, uydan uzoqqa chiqqanda har qanday inson uchun eng muhim masala bu – yaxshi, solih insonlar davrasiga borib qo‘shilish.
Musofirchilik hayotini tanlashimizga ta’lim olish sabab bo‘ladimi yoki tirikchilik g‘amida ketyapmizmi, ahamiyati yo‘q. Eng muhimi, bizni yuksaltiradigan, bizni to‘g‘ri ishlarga ruhlantirib, yomon ishlardan qaytarib turadigan yoki kamida bizni ruhiy, axloqiy, amaliy jabhalarda orqaga tortmaydigan odamlarni oshno tutishdir. Biz tez-tez ko‘rishib, osh-qatiq bo‘ladigan jamoat bizning keyingi hayotimizni va qanday inson bo‘lib shakllanishimizni belgilab berishi hech gap emas.
Bu masalaga ayniqsa yosh farzandini chetga jo‘natayotgan ota-onalar e’tiborli bo‘lsalar yaxshi. Bir necha yildan beri umuman boshqa madaniyat va din vakillari ichida musofirchalikda yurib, ko‘p o‘zbekistonlik yoshlarni kuzatyapman. Ta’kidlaganimday, yoshlar qayerga tushishiga qarab shakllanyapti. Maktabni bitirayotgan 17-18 yashar bolani chet elga chiqarishda juda ham mulohazali bo‘lish kerak.
Ayniqsa, dunyo bo‘ylab mavj urayotgan hozirgi “liberalizm” zamonida! Yillar davomida qattiq nazorat ostida, ota-onaning chizig‘idan chiqmasdan, shuningdek, musulmonlar diyorida ma’lum axloqiy tamoyillar ta’sirida katta bo‘lgan farzand xorijiy mamlakatga, xususan, Yevropa davlatlari, Amerika, Yaponiya, Koreya kabi yurtlarga borsa, kutilmaganda paydo bo‘lgan “ozodlik” uni esankiratib qo‘yadi.
O‘z yurtida “nomaqbul” hisoblangan ko‘p ishlarning emin-erkin ekani uni nafaqat hayron qoldirishi, balki o‘ziga jalb qilishi ham mumkin. “Men farzandimga ishonaman”, deb ishonch bilan aytadigan ota-onalarning farzandlari ham, hatto yoshi o‘tib, sochiga oq oralagan amakilar ham bundan himoyalanmagan. Tajriba shuni ko‘rsatyapti.
Tushunaman, musofirchilik hayoti oson emas va har doim ham tanlov imkoniyati bo‘lavermaydi. Xorijda biz uchratgan dindosh yoki yurtdoshimiz borki, bizni xushnud qiladi, begonalar orasida yaqin qarindoshimizni topganday xursand bo‘lamiz va o‘z-o‘zidan u bilan ko‘p vaqtimizni birga o‘tkazamiz. Negaki, istaymizmi-yo‘qmi, biz ijtimoiy mavjudotmiz.
Ijtimoiylashish, yon-atrofimiz bilan aloqada bo‘lish, murosa qilish yashash, ularning fikr-mulohazalaridan ta’sirlanishga moyilmiz. Yaxshi ma’noda ham, yomon ma’noda ham. Ammo gunohga moyil odamlar davrasida yurgan odam qanchalar es-hushi joyida bo‘lmasin, agar kundalik hayotida shu ishlarga to‘qnashishda davom etsa, kun kelib bu oddiy holga aylanadi.
Boshida qalbida paydo bo‘lgan g‘ashlik uni tark etadi va atrofidagi ko‘pchilikning ishi uning uchun ham to‘g‘ri va zarurga o‘xshab tuyula boshlaydi. U o‘sha ishga qo‘l urishga ahd qilganda esa uni to‘xtadagan hech kim bo‘lmaydi. Qayerdan ham bo‘lsin? Atrofda hamma o‘sha ishni qilyapti-ku. Gap aynan ma’lum ish haqida emas, bu misol o‘rnida axloqsizlikning har qanday ko‘rinishini tasavvur qilsa bo‘laveradi.
“Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lolmaysan”, deb bejiz aytishmas ekan. Ko‘p dars olarkan odam musofirchilikdan. Muhimi amal… Amallar tosh bosadigan kun uchun ayniqsa...
Javohir Izzatulloh
Manba: Azon.uz
MusofirchilikYaxshi InsonlarYosh FarzandIjtimoiylashishAxloqiy TamoyillarOta-Onalar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar