10:54 / 20.07.2020
3 279

Immunolog immunitetning koronavirusga qarshi kurashishi to‘g‘risida

Immunolog immunitetning koronavirusga qarshi kurashishi to‘g‘risida
Organizm koronavirusdan qanday himoyalanadi, ushbu jarayonga aralashish kerakmi, immunitetni kuchaytiradigan vositalar foydalimi va karantin cheklovlari muhimmi? Anhor.uz nashrining immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva bilan intervyusini taqdim etamiz.

— COVID-19 — infeksiyaning mutlaqo yangi turi, shu bois bizda unga nisbatan immunitet yo‘q, shundaymi?
— Ha, bu to‘g‘ri, faqat qisman. Infeksiya haqidagi ma’lumotlar nisbatan yangi ekanini tushunish muhim. Xitoyning Uxan shaxrida kasallik tarqalgan paytdan boshlab, biz o‘rganyapmiz, yangi ma’lumotlarga ega bo‘lyapmiz, ularni avvalgi ma’lumotlar bilan taqqoslayapmiz, shu bois hozir fikr yuritadigan shifokorlarning ko‘pchiligining miyasida o‘ziga xos chalkashlik. COVID-19 koronavirus infeksiyasi, albatta, yangi. Ammo bu koronavirus infekt (infeksiya qo‘zg‘atuvchisi — muallif izohi) sifatida organizmimiz uchun noma’lum ekanini bildirmaydi. Biz u yoki bu darajada koronaviruslarning birortasi bilan to‘qnash kelganmiz, hatto uni O‘RVI-simon kasallik ko‘rinishida boshdan ham kechirganmiz.

COVID-19 — bu tez infeksiya. Bu uning inkubatsiya davri qisqa ekanini, kasallik tez rivojlanishini, yuqori kontagiozligini va nisbatan tez kechishini anglatadi. Bunday turga gripp, O‘RVI, o‘tkir respirator kasalliklar (O‘RK) kiradi. Viruslar tez mutatsiya qilishga va o‘z tuzilmasidagi uchastkalarni o‘zgartirishga qodir, ammo har doim o‘zgarmaydigan tuzilmalari ham qoladi. Yangi koronavirus infeksiyasi boshqa koronavirus infektlari bilan bir xil uchastkalarga ega. Shuning uchun bu kasallik biz uchun mutlaqo yangi deb aytish noto‘g‘ri bo‘lardi. Bunda COVID-19 da inson organizmi oldin haqiqatlan ham duch kelmagan tuzilmalar ham bor. Shu bois bizda antitanachalar yo‘q va biz har doim ham kim va qanday kasal bo‘lishiga ishonchimiz komil emas.

— COVID-19 ga immunitet qanday shakllanadi?
— Bu savolga javob bir yoki ikki yildan keyin paydo bo‘ladi, deb o‘ylayman. So‘z nafaqatM sinfiga kiruvchi immunoglobulinlar (IgM) infeksiya yuqqan paytdan boshlab to‘rtinchi-beshinchi kuni va G sinfiga kiruvchi immunoglobulinlar (IgG) go‘yoki 14-kuni paydo bo‘ladigan tez immun javobining shakllanishi haqida bormoqda.

Immunologiya qonunlariga ko‘ra, G sinfiga kiradigan sifatli immunoglobulinlar soxta sog‘ayish paytidan boshlab ikki haftadan keyin emas, balki kamida uch oydan so‘ng shakllanadi. Ammo ular organizmda qancha vaqt qoladi — bir yilmi, ikki, besh yilmi — buni biz hali bilmaymiz. Buni endi o‘tkaziladigan ilmiy tadqiqotlar ko‘rsatadi. Hozir bizda bor narsa — bu olti oy ichida to‘plangan ma’lumotlar. Bior-bir xulosa qilish uchun esa bu yetarli emas.

— Internetda immunitetga COVID-19 ga qarshi kurashish uchun qanday yordam berish haqida tavsiyalar ko‘p. Bu jarayonga aralashish kerakmi, agar kerak bo‘lsa, buni qaysi bosqichlarda qilgan ma’qul va bu yordam nimadan iborat bo‘lishi kerak?
— Bu savolga javob berishdan oldin immunitet nima ekani haqida gapirib berishni istardim. Bu organizmning «begonalarga» — viruslarga, oddiy organizmlarga, bakteriyalarga qarshi kurashish qobiliyatidir. Dastavval immunitet mutatsiyalovchi hujayralarga qarama-qarshi turadigan omil sifatida shakllangan, ya’ni mohiyatan, tabiat bizni o‘smalarga qarshi himoya bilan ta’minlagan.

Evolyutsiyaga qarab, immun tizimi ham biologik ob’ektlarga, shu jumladan inson organizmiga uchragan turli tahdidlarga qarshi turishni o‘rgandi. Hozir biz tanamizga kasallik qo‘zg‘atuvchisi tushishi bilan «ishga tushadigan» ichki rezervlarga ega qudratli himoya tizimiga egamiz.

Masalan, odamlar tez-tez harorat ko‘tarilganidan shikoyat qiladi. Bu immunitetning javob reaksiyasi, unda immun va neyroendokrin tizimlari ishtirok etadi. Biz organizmga «begona» kirganini ko‘rmaymiz va bundan shubhalanmaymiz, ammo uni bizning hujayralarimiz sezadi. Ular zudlik bilan dushmanni nishonga ola boshlaydi va bu bilan boshqa hujayralarga kimni yo‘q qilish kerakligini ko‘rsatadi. Tana harorati ko‘tariladi, interferon deb nomlanuvchi maxsusmodda ishlab chiqiladi va virus jon saqlay olmaydigan sharoitlarga tushib qoladi.

Biz immunitetning ishiga aralashish kerakmi yoki yo‘qmi degan savolga javob berish joyiga keldik, bu yerda immun javobining bir nechta varianti mavjudligini tushuntirib o‘tish kerak. Bular — giperergik, normaergik va gipoergik. Odam organizmi qo‘zg‘atuvchiga nisbatan turlicha reaksiya ko‘rsatadi ortiqcha (giperergik), o‘rtacha (normaergik) va kuchsiz (gipoergik).

Yuqori darajada reaktogenlikka ega bemorda tana harorati juda yuqori ko‘tariladi. Qoidaga ko‘ra, biz darrov uni tushirishga harakat qilamiz, chunki bu bizga noqulaylik tug‘diradi. Biroq muayyan ko‘rsatkichlargacha (masalan, 38 darajagacha) bizning tabiiy kurashimizni to‘sib qo‘ymaslik uchun haroratni tushirmaslik kerak. Hayotimizni yengillashtirish istagi immunitet ishlashiga xalaqit beradi.

Afsuski, boshqa jihatimiz ham bor. Nazarimda, COVID-19 ga nisbatan juda noto‘g‘ri jihat. Negadir bizda immunitet uchun preparatlarni tayinlashga harakat qilishadi, bu esa qat’iy noto‘g‘ri pozitsiya. Negaligini tushuntiraman. COVID-19 koronavirus infeksiyasining patogenezi (mohiyati — muallif izohi) — vaskulit. Bu autoimmun mexanizmiga ega alohida kasallik, u tomirlar endoteliysining yallig‘lanishiga olib keladi. Tabiatan giperergik reaksiyaga eg bo‘lgan kishi bemor bo‘lib qolishini bir tasavvur qiling. Bizning «begonamiz» (COVID-19) yuqori va quyi nafas yo‘llari to‘qimalariga va tomirlar endoteliysiga troplikka ega. U qon, limfa tomirlari, yurak bo‘shliqlarining ichki yuzasiga to‘shalib turadigan bu to‘qimaga o‘rnashib oladi.

Immun tizimi, tanani virusdan xalos qilishga urinib, ushbu endoteliyga hujum qiladi va kuchli yallig‘lanishni keltirib chiqaradi. Sitokinli shtorm deb ataluvchi organizmning ushbu himoya reaksiyasi shu organizmning o‘zini nobud qilishga ham qodir. Agar ushbu «hujum» preparat bilan kuchaytirilsa, bemorni yo‘qotish mumkin.

Immunitetni rag‘batlantiruvchilar bilan davolash — bu katta muammo, biz, ya’ni men va hamkasblarim «Vrachi Tashkenta» («Toshkent shifokorlari») feysbuk-guruhida shunga e’tibor qaratishga harakat qilyapmiz. Bemorlarga bunday preparatlarni bermaslik kerak, chunki organizm o‘zini qanday tutishini hech qachon bilib bo‘lmaydi. Agar bu immun javobi immunostimulyator bilan kuchaytirilsa, unda bemorni o‘sha vaskulitga olib kelish mumkin. Butun dunyoda odamlarni immunitetni rag‘batlantiruvchilar bilan davolashmaydi, buni qilishdan qo‘rqishadi.

— Davolash ishlarini boshlashdan oldin immunitetni ushbu reaksiyaga tekshirish mumkinmi?
— Kasallikning o‘tkir davrida buni qilib bo‘lmaydi, chunki immunologik tekshirishdar kartasi immun hujayralari faollashganini ko‘rsatadi. Bu tabiiy jarayon, shunday bo‘lishi kerak ham. Ma’lumotni noto‘g‘ri talqin qilish xavfi ham bor. Shu bois fikrlaydigan shifokorlar har doim klinikaga e’tibor qaratadi.

Odamlarning deyarli 75−80% COVID-19 infeksiyasini alomatsiz ko‘rinishda, yengil va o‘rtacha og‘irlikdagi shaklda boshdan kechiradi. Bemorlarning 20−25% da esa kasallik giperergik ssenariy bo‘yicha kechadi. Bemorga, uning premorbid holatini hisobga olgan holda, to‘g‘ri yordam berish uchun uni kuzatib borish kerak. Premorbid holat — bu kishi birgalikda yashashi mumkin bo‘lgan barcha fon kasalliklari qandli diabet, gipertoniya va surunkali shaklda kechadigan boshqa ko‘plab kasalliklar.

— Kollektiv immunitet o‘zi nima va nega ko‘plab mamlakatlar virusga qarshi kurashda aynan shu strategiyani tanlashga qaror qilgan?
— Mamlakatlarning hammasi ham o‘z aholisiga infekt bilan uchrashish imkonini bermayapti. Shvetsiya va Belarus shu yo‘lni tanladi. Ammo qo‘zg‘atuvchi bilan to‘qnash kelgandan keyin organizm baribir antitanachalarni ishlab chiqaradi va antitanachalarga ega mamlakat aholisining taxminan 70% ushbu antitanachalarga ega bo‘lmagan bemorlarning nisbatan himoyasini ta’minlashi mumkin.

Bolalarni emlash misolida tushuntiraman. Biz bolalarni, birinchidan, ular kasal bo‘lmasligi uchun, ikkinchidan esa, masalan, birlamchi immun tanqisligiga ega bolalar immunizatsiyalana olmasligi bois ular infekt bilan uchrashmasligi uchun emlaymiz. Kollektiv immunitet ushbu immunizatsiyalanmagan bolalarni ham qutqaradi.

Bundan xulosa shuki, agar odamda immunitet bo‘lsa, u infeksiyaga chalinmaydi. Demak, virus tashuvchisi bo‘lmaydi va uni yuqtirmaydi. Hozir bir organizmida antitanachalar bo‘lmagan ko‘plab odamlarni kuzatyapmiz. Ular — qabul qiluvchi bo‘g‘in bo‘lib, koronavirus infeksiyasining tashuvchisi bilan uchrashganda virusni yuqtirib oladi va kasallanadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) ushbu zanjirni karantin choralari yordamida uzishga harakat qilmoqda, aslida esa shamol tegirmonlari bilan «jang qilyapti».

— O‘zbekiston aprel rejimidan keyin yana qaytgan karantin cheklovlari joriy etilganida nima yuz beradi, bundan ma’ni bormi?
— Aprel oyidagi qat’iy karantin O‘zbekiston aholisi orasida infeksiyani yuqtirganlar soni kam bo‘lishini ta’minladi, ya’ni aholining katta qismi virusga to‘qnash kelmadi.

Afsuski, hozir ushbu aholiga koronavirus infeksiyasining alomatsiz tashuvchilari shaxsida ulkan virus yuklamasi tushgan. Odamlarni uzoq vaqt davomida noma’lumlikda qoldirish mumkin emasdi, buni tushunaman, ammo, afsuski biz immunitet borasida ko‘p sonli infeksiyaga chalinganlarga qarshi turishga tayyor emasdik.

Boshqa bir muammo — bu soxta salbiy natijali ma’lumotnomalar. Bu biomaterialni noto‘g‘ri olish, ya’ni mazokni maxsus tupfer (steril zond-tampon) o‘rniga oddiy momiqli tayoqcha yordamida olish natijasida yuz bermoqda.

Shu sabablarga ko‘ra, Rossiya mart-may oylarida o‘tgan jarayonni biz hozir boshimizdan kechiryapmiz. Avjgacha hali yetib bormadik. O‘zbekistonda, infeksion jarayon nuqtai nazaridan, ko‘tarilish bo‘lmoqda, har kuni bemorlar soni oshyapti. Bu vaziyatda eng ijobiy narsa shuki, hozir kimda kasallik aniqlanayotgan bo‘lsa, ular qolganlar uchun «immunlashtirilgan yostiqchani» yaratmoqda. Bu odamlar infeksiyaga chalinib bo‘lgan, endi ularda antitanachalar shakllanadi.

Men, mutaxassis sifatida, qat’iy karatinga qaytishdan ma’no ko‘rmayapman. Bizda mavjud bo‘lgan mo‘’tadil choralarni qoldirish kerak edi, deb hisoblayman. Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining rektori [Xabibulla Oqilov, professor, koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha shtab vakili hisoblanadi — tahr.] barcha o‘rinlar bandligi haqida gapirdi, ehtimol, karantin kuchayishi aynan shu bilan bog‘liqdir. Biz qutqara olmasligimiz mumkin bo‘lgan bemorlar uchun qo‘rqamiz. Ular uchun karantin joriy etilmoqda, infeksiyaga chalinish vaqti cho‘zilmoqda.

— So‘z aynan qanday bemorlar haqida bormoqda?
— Premorbid fonga, ya’ni fon kasalliklariga ega bemorlar xatar zonasida hisoblanadi. Bu metabolik sindrom, qandli diabet, gipertoniya, yurak ishemik kasalligi va boshqalar bo‘lishi mumkin. Kasallikni tabletkalar, parhezlar, turmush tarzi bilan nazorat qilgan holda ular bilan yashashni o‘rganish mumkin. Afsuski, bu bemorlar zaif hisoblanadi, shifokorlarning kuzatuvlari bo‘yicha aynan ular og‘irroq kasal bo‘ladi va ularda o‘lim holatlari yuqori. Aytganday, masalan, gripp virusi ham og‘irlashgan premorbid fonga ega bemorlarni eng birinchi o‘rinda olib ketadi.

COVID-19 holatida dastavval yoshlar kasal bo‘lmaydi yoki uni yengil o‘tkazadi, deb aytishgandi. Bunda qandaydir bir dualizm bor. Bizda yoshlar ham, afsuski, mutlaqo sog‘lom emas, ularda 20−25 yoshga kelib biror-bir premorbid fonni uchratish mumkin. Bunday bemorlar kasallikni qiyinroq boshidan kechiradi.

— Siz infeksionist pozitsiyasidan niqob taqish, qo‘lqoplar, xlorli tunnellar kabi karantin choralarini qanday baholaysiz? Ular qay darajada adekvat?
— Men niqob taqish tarafdoriman. Odamlarning bir qismida kasallikalomatsiz shaklda o‘tadi, ammo bunda ular baribir virusni ajratib chiqaradi. Agar odam hozir hamma taqib yurgan lattani emas, balki to‘g‘ri niqobni taqqan bo‘lsa, unda hech kimga yuqtirmaslik imkoniyati ko‘proq bo‘ladi.

Men qo‘lqopda yurish tarafdoriman. Bir juft emas, balki ikki juft. Chunki men infeksion jarayon haqida tasavvurga egaman va aynan mana bunday taqaman: dastavval qo‘llarga zich yopishib turadigan qo‘lqoplarni taqaman, ustidan sal erkinroq turadiganini kiyaman.Negaligini tushuntiraman. Men ko‘chada yurganimda, baribir nimanidir ushlayman yoki teginaman. Alomatsiz tashuvchilar ham shuni qilishadi. Eshik tutqichiga teginganda virusni yuqtirib olish ehtimoli har doim bor.

Bunda hamma vaqt ham qo‘llarga antiseptik bilan ishlov berish imkoniyati yo‘q. Shu bois hech qandayholatda yuzimga teginmayman. Uyga qaytayotganimda antiseptikni ustki qo‘lqoplarga surtaman va yuvaman. Keyin vannaga kiraman, qo‘lqoplarni yechib, qo‘llarimni yuvaman, faqat shundan keyingina ikkinchi juft qo‘lqopni yechaman. Buni professional deformatsiya deb hisoblayvering.

Xlor purkash — fantastika sohasidan olingan kurashish chorasi, ammo shu bilan birga bu boshqa mikroblardan profilaktika chorasi. Menda trigger-mavzu bor, vaqti-vaqti bilan unga ijtimoiy tarmoqlarda qaytib turaman. Bizda juda ko‘p odamlar pasfaltga tupuradi. Ularning so‘lagi bilan ko‘plab mikroblar ajraladi. Mana shuyerda xlor moddasi juda qo‘l keladi — u yo‘llarni, bordyurlarni va boshqa maydonlarni yaxshi zararsizlantiradi.

Asosiysi esa, men me’yor tarafdoriman. Gap niqob yoki qo‘lqop — bu yomon ekani haqida emas. Ularni noto‘g‘ri taqish — mana bu haqiqatdan ham yomon. Noadekvat choralar — bu yomon. Agar odam ertalab soat 5 da ko‘chada ketayotsa va atrofda o‘zi sayr qildirayotgan itdan boshqa hech kim bo‘lmasa, niqob taqish shartmas. Agar ko‘chada odam ko‘p bo‘lsa, unda niqobni taqqan ma’qul. Agar hammada niqob bo‘lsa, infeksiyani yuqtirish xavfi ham kamayadi.

Xlor bilan ham xuddi shunday, odamlarni bozorga yoki bankka kiraverishda purkash noto‘g‘ri. Xlor bilan asfaltni, peshtaxtalarni tozalash mumkin. Odamga himoyalanish uchun niqobda va qo‘lqoplarda bo‘lishning o‘zi yetarli. Men aytishni istagan boshqa muqobil choralar ham bor. Banklar, supermarketlarga o‘xshash yirik muassasalarda dezinfeksiyalovchi tunnellar o‘rniga maxsus uskuna — resirkulyatorlarni o‘rnatish mumkin, ular kun davomida havoni zararsizlantiradi va odamlar uchun bezarar. Bu haqda o‘ylab ko‘rish yaxshi bo‘lardi.

— COVID-19 ni davolash karantin kabi bahs-munozarali mavzu. Siz immunostimulyatorlarning zarari haqida gapirdingiz, ammo ayrim mamlakatlarda, shu jumladan bizda ham, ularni tayinlashda davom etishmoqda. Masalan, «Plakvinil», uni dorixonalarda topish qiyin. «Deksametazon» borasida ham bahs-munozaralar ko‘p. Nega bu yuz bermoqda?
— Chunki ushbu virusga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadigan preparat mavjud emas. Jahonda shifokorlar RNK-saqlovchi viruslarning ingibitorlari hisoblangan preparatlardan foydalanishga harakat qiladilar. Odam immunitetini rag‘batlantirgan holda, virusga bilvosita ta’sir ko‘rsatadigan preparatlar bilan davolash — bu har doim xatar.

Davolash mavzusi men uchun juda muhim, chunki men — infeksion jarayonlar immunologiyasi masalalari bilan shug‘ullanuvchi klinik immunologman. Pandemiya endi boshlanganida qo‘limga Xitoy ma’lumotlar kitobi tushib qoldi. Uni zudlik bilan tarjima qilishdi. Men unda hamma joyda «Plakvinil» ko‘rsatilganiga hayron bo‘ldim. Men uni faqat bezgakda qo‘llashlarini bilardim, ammo revmatologlar ham undan immun javobini bostirish uchun bemorlarga tayinlashadi.

Bu preparat immunosupressor hisoblanadi. U immunitetni bostiradi. Uni giperergik reaksiyaga ega odamga berish — bu uning nobud bo‘lmasligini bildiradi. Ammo bu yerda ham hammasi oddiy emas bir tomondanodam tirik qoladi, ikkinchi tomondan, aralashuv organizmga adekvat antitanachalar shakllanishiga imkon bermaydi va broz vaqtdan keyin u yana virus oldida kuchsiz bo‘lib qoladi. Shu bois vaqt o‘tishi bilan bu preparatdan voz kecha boshlashdi. Tibbiyotda bu «samara bermadi» deb ataladi.

«Deksametazon» — bu boshqa bir hikoya. U tizimli kortikosteroidli gormon hisoblanadi. Uni 60-yillardan boshlab autoimmun revmatoid jarayonlarda qo‘llashgan. Kortikosteroid gormonlarda ko‘rsatkichlarning juda keng plani mavjud allergiyaga qarshi, shishlarga qarshi (bu COVID-19 da juda muhim), yallig‘lanishga qarshi. S preparatlar toifasiga kiradigan (juda kuchsiz) immunitetni bostiruvchi «Plakvinil» bilan solishtirganda, «Deksametazon» samaraliroq bo‘lib chiqdi.

Boshqa bir farqi — immunosupressiyaning davomiyligi, ya’ni immun javobning bostirilishi. «Plakvinil»da u uzoq davom etadi, shu bois revmatologlar uni surunkali kasallarga tayinlashgan. «Deksametazon»da esa qisqa. Uni sutkada bir marta qilishadi. Ushbu vaqt o‘tishi bilan gormon tanada bo‘lmasligi ham mumkin — yengil kiritiladi va chiqariladi. Bunda u o‘pka shishiga ega giperergik reaksiyani samarali bartaraf etishi mumkin. Shuning uchun ba’zida velosiped o‘ylab topishga xojat yo‘q. shunchaki ajdodlarimiz nima qilganini eslash kerak, xolos.

Tibbiyotda doim fakt bo‘yicha ishlaysan. Muhim jihat: odam tanasida kechadigan patologik jarayonlardan ko‘ra, rasmiy diagnozlar sezilarli darajada kam. Shifokor organizmni, tahlillarni ko‘radi va u qanday reaksiya ko‘rsatishini tushunadi. Klinikadan kelib chiqqan holda harakat qiladi.

Yangi koronavirus infeksiyasini o‘rganish jarayoni shu oylar ichida bormoqda. Muntazam ravishda vaqtinchalik protokollar yuzaga kelmoqda. Vaqtinchalik, chunki shifokorlar sxema samarasiz ekanini ko‘rishi bilan ular uni o‘zgartirishadi. «Plakvinil», «Kagotsel» kabi preparatlar chiqariladi, boshqalari kiritiladi. Bu protokollar vaqti-vaqti bilan yangi bilimlar hisobidan yangilanadi.

Men COVID-19 ning yengil shakliga chalingan bemorlarni uyda parvarish qilish bo‘yicha vaqtinchalik klinik qo‘llanmani ko‘rdim. Albatta, u ikki oy oldin chiqishi kerak edi. Uni yaxshi qo‘llanma deb aytishim mumkin, ammo yana takrorlayman, u vaqtinchalik, chunki muayyan muddat o‘tganidan keyin unda keltirilgan tavsiyalar dolzarb bo‘lmay qoladi. Yangi ma’lumotlar paydo bo‘ladi. Bizning sog‘liqni saqlash tizimimizda bu jarayonni kuzatish, axborotni tahlil qilish juda muhim.

Yolg‘on «ssenariy» doirasida qaysarli bilan turish kerakmas. Hatto uni amalga oshirish uchun ikki-uy oy oldin preparatlar xarid qilingan bo‘lsa ham. Protokollar qayta ko‘rib chiqilmoqda, hozir unda ko‘pgina dori vositalari mavjud emas, chunki tadqiqotlar ularning maqsadga muvofiq emasligini va hatto zararli ekanini ko‘rsatdi.

— COVID-19 ga chalinib, tuzalgandan keyin immunitet faoliyatida buzilishlar bo‘lishi mumkinligi to‘g‘rimi?
— Biror-bir kasallikni boshidan kechirgan ko‘plab bemorlarda immun tizimining buzilishlari kuzatiladi. COVID-19 ham bu borada istisno emas. Qizamiq, qizilcha, suvchechak, virusli kasalliklarni boshidan kechirgan odamlarda «immun dum» degan narsa paydo bo‘ladi. U uch oydan olti oygacha davom etishi mumkin. Bu qonuniy holat. Odam kasallanganida immunitet o‘z xo‘jayinini qutqarish uchun bor kuchini sarflagan. U kuchayishga ishlagani uchun, endi tiklanishga vaqt kerak.

— Yangi koronavirus infeksiyasining profilaktikasi sifatida vitaminlar qabul qilishni tavsiya etishmoqda. Masalan, S va D vitaminlarini go‘yoki katta dozalarda qabul qilish kerak emish. Bu qay darajada xavfsiz? Jazirama quyosh ostida yashaydigan mamlakatimiz aholisi D vitaminini qabul qilishi shartmi?
— Vitaminlarni profilaktika maqsadlarida qabul qilish interferon induktorlari va immunostimulyatorlarni qabul qilishdan ko‘ra xavfsizroq.

S vitamini (askorbin kislotasi) tomir devorlarini mustahkamlaydi va antioksidant hisoblanadi. Hujayralarning muddatidan oldin nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun S vitamini antioksidant sifatida tayinlanadi. Men katta dozalarni qabul qilish tarafdori emasman, chunki S vitamini siydik kislotali diatezni va boshqa holatlarni chuqurlashtiradi. Oddiy dozalarda esa bemalol qabul qilish mumkin.

D vitamini organizmda ultrabinafsha nurlanish spektri ta’sirida hosil bo‘ladi. Ammo, gap shundaki, ertalab soat 9−10 da bu nurlanish tugaydi va biz yashaydigan infraqizil nurlanish boshlanadi. U juda zararli. Ikkinchidan, ultrabinafsha nurlar kiyim ko‘rinishidagi to‘siqni yengib o‘tolmaydi. Statistika ma’lumotlari ko‘rsatishicha, odamlarning ko‘pchiligida D vitamini tanqisligi mavjud, shu bois uni tashqaridan qabul qilish kerak. Unda toksik dozalar mavjudligini hisobga olgan holda, uning darajasini monitoring qilgan ma’qul. Tahlil topshirish va zarur dozani belgilab olsa bo‘ladi. Organizmida ushbu vitamin normal miqdorda bo‘lgan kishilarda kasallik sezilarli darajada yengil o‘tadi.

Rux va selen — immun maqomi bilan juda yaxshi ishlaydigan mikroelementlardir. Afsuski, rux va selen moddalari miqdorini laboratoriyalarda aniqlashmaydi, ammo ularni ozuqa qo‘shimchasi deb hisoblashadi. Ular yordam beradi va zarar yetkazmaydi. Ruxni uzoq vaqt qabul qilish mumkin emas — ko‘pi bilan bir oy, keyin tanaffus qilish kerak. Selen sarimsoqpiyozda bor — uni yeyish mumkin.

Ko‘p suyuqlik ichish muhim. Suyuqlik bu hujayralarimizning mavjud bo‘lish shaklidir. Odam infeksiyaga chalinib, virus halqumga tushganida, kuch to‘plab pastga yo‘l olish uchun biroz vaqt o‘sha yerda qoladi. Suyuqlik ichganda esa, infekt u yerdan mexanik tarzda yuviladi va nobud bo‘ladigan joyga, ya’ni oshqozonning kislotali muhitiga tushadi.

Eng muhim qoida — internetdagi tavsiyalar bo‘yicha o‘z-o‘zini davolash bilan shug‘ullanmaslik. Ularda xavfli preparatlar ham uchraydi. Faqat shifokorgina odamning holatini baholashi va mos keladigan davolash ishlarini tayinlashi mumkin.

— Limondan tayyorlangan «limonad» va bikarbonatning hamda qorin bilan yotib uxlashning foydasi haqidagi internet-maslahatlarga izoh bersangiz.
— Virusdan himoya nuqtai nazaridan limon va soda mutlaqo befoyda. «Limonad» bilan subatrofik gastritga ega va organizmida xlorid kislotasi ishlab chiqarilmaydigan kishilarga zarar keltirish mumkin. Soda ichib, hatto bor narsani ham yo‘q qilishadi. Xlorid kislotasi esa oshqozon-ichak traktini nafaqat koronavirusdan, balki boshqa mikroblardan ham juda yaxshi himoya qiladi. Ishqorlaydigan mahsulotlarni iste’mol qilgan ma’qul.

Uyquga to‘xtaladigan bo‘lsa, qulay tarzda uxlash kerak. COVID-19 ga chalingan kishiga to‘g‘ri keladigan narsa sog‘lom odamga to‘g‘ri kelmaydi. Koronavirus infeksiyasi alomatlariga ega bemorlarni shifokorlar haqiqatdan ham qoringa yotqizib qo‘yishadi. Bunda bemorning holati yaxshilanadi. Bu statsionarlar uchun to‘g‘ri pozitsiya, lekin maishiy turmushda yaramaydi.

— Hozir pulsoksimetrlarni (saturatsiyani o‘lchash uchun asboblar — tahr.) xarid qilish shartmi? Ulardan uyda foydalanish qiyin bo‘ladimi?
— Pulsoksimetr foydalanish uchun murakkab asbob emas, men uni uyda bo‘lgani ma’qul deb hisoblayman. Zarur bo‘lganida u yordam berishi mumkin.
Ko‘pchilik menga qo‘ng‘iroq qilib «Nima qilish kerak» deb so‘raydi. Birinchidan, saturatsiyani (qonda kislorod miqdorini) to‘g‘ri o‘lchash lozim. Bemor COVID-19 ga chalingan (hid bilish, ta’m bilish yoki og‘izda g‘alati ta’mning mavjudligi, behollik, suyaklar va mushaklarning zirqirab og‘rishi, O‘RVI klinikasi) bo‘lsa ham, PZR-test infektni ko‘rsatmaydigan holatlar ham bo‘ladi. Yomon saturatsiya tashqi tomondan hech qanday namoyon bo‘lmaydi — odam odatdagiday o‘tirishi va suhbatlashishi mumkin. Shu bois uni shunchaki kuzatish va alomatlardan qat’i nazar, ko‘rsatkichlarni qayd etib borish kerak.

Viktoriya Abduraximova suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Immunolog immunitetning koronavirusga qarshi kurashishi to‘g‘risida