13:39 / 03.11.2021
1 906

«Pultoparlar» yoxud treninglarda beriladigan bilimlar haqida

«Pultoparlar» yoxud treninglarda beriladigan bilimlar haqida
Yaqinda bir gap eshitib qoldim: bir kishi do‘stiga men “pulni bekorga sarflamaslik uchun nima qilish kerak?” degan treningga yozildim. Qimmat-u, nima qilay, kerak-da...” degan ekan. Bu bir latifa bo‘lsa-da uning zamirida hozirgi kunimizdagi biroz achinarli haqiqat yotibdi.

Ota-onamiz, yaqinlarimiz kelajakda yaxshi yashash, o‘z o‘rnimizni topishimiz uchun maktabda yaxshi o‘qishimiz, oliy ta’lim muassasalarida kamida bakalavr darajasini egallashimiz kerakligini uqtirishardi. Bugungi kunda esa yaxshi hayotga erishish, o‘z kelajagini belgilash, biznes yuritish yoki shu kabi ijobiy natijalarga erishish uchun bir necha oylik treninglarda qatnashish yetarli ekanligi ta’kidlanmoqda. Albatta yaxshi trening ham insonga bilim, tajriba beradi. Lekin falon pul to‘lab, o‘zining iqtisodiy holatini barqarorlashtirish istagidagi kishi shu treningdan yangi bilimlarni egallasagina o‘z maqsadiga erishishi mumkin. Biroq oldi-qochdi gaplar yoxud hamma ham biladigan, mantiqan o‘ylasa yechim topish mumkin bo‘lgan masalalar bayon qilingan “trening”lar tobora ko‘payib ketayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.

Yaqinda bir tadbirkor tanishim 32 million so‘mga yaqin mablag‘ evaziga taniqli trenerdan saboq olganini aytib qoldi. O‘zining “Abu Saxiy”, “O‘rikzor” bozorlarida bir nechta do‘konlari bor, qo‘lida milliardlab pul aylanadigan tadbirkor bu treningdan nimani umid qilgan bilmadim, lekin umumiy gaplarni tinglab, mantiqsiz tajribalar o‘tkazish bilan cheklanganini, treningning qolgan qismiga bormay ham qo‘ya qolganini aytdi. Trenerining aytishicha, u biznesini noto‘g‘ri yo‘lga qo‘ygan emish. Baraka topgur, agar biznes qilishni bilmay, xato qilayotgan odam milliardlab pulni aylantirsa, chet eldan vagonlab yuk olib kelayotgan bo‘lsa, demak boshqalar «alifniyam» bilmas ekan-da!

Keling, shu o‘rinda trening o‘zi nima ekaniga to‘xtalib o‘tsak.

Dunyo juda tez sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Masalan, ishlab chiqarish korxonalari bugun taqdim qilgan mahsulotiga qisqa muddatda o‘zgartirish kiritib, yangilik yaratmasa, bozorda o‘z raqobatchilariga imkoniyatni boy berib qo‘yadi. Buning uchun esa xodimlarga doimiy tarzda zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berib borish kerak bo‘ladi. Ammo tashkilot o‘z ishchilarini har 2-3 yilda universitet yoki shu kabi ta’lim muassasalarida o‘qita olmaydi. Vaqt va boshqa omillar sabab buning imkoni yo‘q. Shu sabab mutaxassislar ishlab chiqaruvchilarga yangi usulni taklif qilishgan. Ular ayni soha haqidagi yangi bilim va tajribalarni qisqa muddat ichida o‘qitish tizimini ishlab chiqishgan. Bu usul dastlab askarlar va sportchilarni tayyorlash amaliyoti asosida shakllangani uchun trening (inglizcha, “training” – shug‘ullanish, mashq) deb atalgan. Demak, treningda qatnashishdan maqsad yangi bilimlarni egallash va shaxsiy rivojlanishga erishish bo‘lishi kerak. Bizda esa bu negadir boshqacha ko‘rinmoqda.

Yana shuni ta’kidlash lozimki, treninglar ikki yo‘nalishga ajratiladi. Ulardan biri “Hard training” deb atalib, bunda asosan kasbiy bilimlar o‘qitiladi. Misol uchun, jurnalistga maqola yozish qoidalari, sarlavha tanlash, faktlarni tekshirish va surishtiruvlar o‘tkazish bo‘yicha bilim beriladi. Ikkinchi yo‘nalish esa, “Soft training” deb ataladi va bunda o‘zini-o‘zi boshqarish, atrofdagilar bilan muloqotga kirishish, hamkorlar bilan munosabatlarni tartibga solishda tavsiya etiladigan bilimlar o‘rgatiladi.

So‘nggi vaqtlar yurtimizda keng tarqalayotgan treninglarning katta qismi ikkinchi yo‘nalishga mos keladi. Albatta kasbiy ko‘nikmalar beradigan treninglar ham bor. Shaxsan o‘zim joriy yil avvalida biznes jurnalistika bo‘yicha treningda ishtirok etganman. U garchi AQSHning global media agentligi tomonidan tashkil etilgan bo‘lsa-da, ishtirokchilar O‘zbekistondagi jurnalistlar bo‘lgan va unda hamma pichoqqa sop bo‘ladigan ma’lumotlarga ega bo‘lgan. Shuningdek, Islom moliyasi yuzasidan o‘tkaziladigan treninglar ham mutaxassislar tomonidan ijobiy baholangan va ular saviya jihatidan ancha past darajadagi boshqa treninglardan yaxshiroq ekanligi ta’kidlanadi. Ammo qandaydir «bloklarni yechish», shaxsiy rivojlanish, qisqa fursatda muvaffaqiyatga erishish sirlarini o‘rgatish va’da qilinadigan treninglar umumiy gaplarni takrorlash bilan o‘tkazilishi ko‘pchilik tomonidan ta’kidlanmoqda.

Bu kabi trenerlarni “info-qallob” deb atagan iqtisodchi Jamshid Muslimov ular o‘z auditoriyasini tinimsiz marketing amaliyoti bilan «bombalashini» ta’kidlaydi.

«Tadbirga kelgan mijoz shoulashtirilgan va bilim illyuziyasini ulashadigan mashg‘ulot bilan to‘qnashadi. Va yana muhim narsa, spiker tinmay «storitelling»ga beriladi: rostligini tekshirib bo‘lmaydigan yaltiroq muvaffaqiyatlar hikoyalari, aqlni lol qoldiradigan afsonalar va spiker o‘zi haqida yolg‘on aralashgan tarjimai holini doston qiladi. Qatnashuvchi shirin orzularga berilish orqali uning umidlari katta pufakdek shishib ketadi. Tadbirdan so‘ng qatnashuvchi ko‘tarinki ruhda o‘zini o‘qqa-cho‘qqa ura boshlaydi... Vaqt o‘tishi bilan reallikning sovuq nafasi, hayotning og‘riqli qarshi zarbalaridan bukchayib qolay deydi va aqlini yig‘ishtirib olish o‘rniga yangi motivatsiya dozasini olishi uchun o‘sha mashhur guru huzuriga shoshadi, qarz olib bo‘lsa ham tadbiriga chipta sotib oladi», – deydi mutaxassis.

“Olomon effekti” - bu treningda ham qo‘llaniladigan mashhur marketing vositasi. “Shoshiling! Joylar soni cheklangan!” Ma’lum bo‘ladiki, haqiqatan ham zaldagi barcha o‘rindiqlar band va ba’zida hatto ba’zilar stul qo‘yib o‘tirganini ham ko‘rasiz. Bu kelgan odamga ”axir birdaniga shuncha ko‘p odamni aldab bo‘lmaydi-ku!” degan taskin bag‘ishlaydi.

Aldashning yana bir usuli – trenerning undan “dars” olgan mashhur tadbirkorlarni sanab o‘tishi. Treningga kelgan odamning yana hayrati oshadi: ularga go‘yoki o‘sha boylar shu treninglar ortidan boyib ketgandek tasavvur uyg‘otiladi.

Yana bir e’tibor qilish kerak bo‘lgan va kishi dilini xira qiladigan jihat bor. Bu kabi trenerlarning ko‘pchiligi ibratli rivoyatlar, xususan, diniy mazmundagi hikoyalar, hadislar bilan o‘z tinglovchilarini jalb qilmoqda. Ayrimlari o‘zining namozxon ekanligini, diniy ma’lumotga egaligini shama qiladi. Aslida berilishi kerak bo‘lgan bilimlar esa ancha sayoz, biroq bo‘rttirib aytilishi tufayli ularni qalloblikda ayblaydiganlar ham yetarlicha topilmoqda. Bu esa go‘yoki yaxshigina diniy bilimga ega kishilar ham yolg‘on gapirishi (yoki ortiqcha bo‘rttirishi) mumkinligi to‘g‘risida tasavvurlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Bir kishining hatti-harakati va amallaridan xulosa qilib butun jamiyatga baho berish to‘g‘ri bo‘lmasa-da, lekin shunday tushuncha paydo bo‘lishiga sababchi kishilarni ham oqlab bo‘lmaydi.

Garchi dunyoda inson ter to‘kmasdan, maslahat yoki tavsiyalari bilan pul topishi mumkin bo‘lsa-da, avvalo buni halollab olishi kerak. Ikkinchi tomon undan norozi bo‘lsa, tinglovchi uchun manfaatli bo‘lmasa, na bundan kelgan pul va na erishilgan obro‘ mustahkam bo‘lmaydi.

Aytaylik, omadingiz keldi va siz tushunarli tilda foydali narsalarni aytib beradigan treningga keldingiz ham deylik. Ammo bu biznesingizdagi savdoni ko‘paytirmaydi, o‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz o‘smaydi va sizda Bill Geyts yoki Stiv Jobs ham uyg‘onmaydi. Inson robot emas, trenerlar va’da qilganidek, uni shartta olib, muvaffaqiyatga dasturlashtirib bo‘lmaydi. Har qanday o‘zgarish vaqt, kuch va eng muhimi, sizning xohishingizni talab qiladi. Va agar bunday bo‘lmasa, muvaffaqiyatga erishish uchun hech qanday dastur ishlamaydi.

O‘sha yolg‘onchi treninglarga pul sarflayotgan kishilarga esa nasihatimiz shunday: Alloh sizga omonat qilib bergan mol-dunyoning hisobi bor va uning javobini berishni ham o‘ylab qo‘ying! Uni o‘z o‘rniga ishlating!

Hamidulloh Ali

“Qanday qilib besh daqiqada million so‘m topish mumkin?” degan trening o‘tkazayotgan trener sahnaga chiqib:
– Bu treningni chiptasi necha pul ekan? – deb so‘rabdi.
– 1000 so‘m.
– Zalda necha kishi bor?
– 1000 kishi.
– Rahmat, trening tugadi, – debdi trener.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Pultoparlar» yoxud treninglarda beriladigan bilimlar haqida