
Ijtimoiy tarmoqlarda «Ishxonasida ishchilari namoz oʻqishlari uchun xona ajratib bergan rahbar 21 600 000 soʻm miqdorida jarimaga tortildi» degan xabarda Toshkentning Yakkasaroy tumani sudining Qushbegi mavzesida joylashgan GTA Showroom korxonasi binosida ishchi va mijozlarga namoz oʻqishga sharoit yaratib bergani uchun 21 mln 600 soʻm miqdorida jarimaga tortgani aks etgan qaror nusxasi tarqaldi.
Unda qayd etilishicha, sud majlisida huquqbuzar 2021 yil 12 yanvar kuni oʻziga tegishli korxona hududida namoz amallarini bajarishga sharoitlar yaratib bergani, uning yomon niyati boʻlmagani, u shunchaki oʻz ishchilariga oʻz namozlarini oʻqishi uchun sharoit yaratgani, qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, unga nisbatan engillik berishni soʻrab koʻrsatuv bergan.
Sudning fikricha, huquqbuzar oʻzining ushbu harakatlari bilan MJtKning 201-moddasi 2-qismida (diniy yigʻilishlar, koʻcha yurishlari va boshqa diniy marosimlar oʻtkazish qoidalarini buzish) koʻrsatilgan ma'muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan.
Bu xabarga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, “Milliy tiklanish" DP MK raisi Alisher Qodirov shunday munosabat bildirdi:
“Ibodat - diniy marosim emas, u e'tiqodning oʻzagi, erkinligi kafolatlangan huquqdir.
1998 yil, 1 mayda qabul qilingan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida»gi qonunning 14-moddasida amalga oshirish joyi cheklangan amallar qatorida «diniy marosimlar» bilan birga «ibodat» ham koʻrsatilgan edi.
2021 yil, 5 iyulda qabul qilingan yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida»gi qonunning 7-moddasida, «Milliy tiklanish» DP fraktsiyasining tashabbusi bilan, joy boʻyicha cheklovlar belgilangan amallar qatoridan «ibodat» soʻzi olib tashlangan.
Demak, amaldagi qonunda ibodat joyi uchun cheklov belgilanmagan. Albatta, ibodat odobiga rioya qilish majburiyati muhokama uchun mavzu emas.
Sudya ibodat uchun sharoit yaratgan Farhod Rahmonovga nisbatan MJKning 201-moddasi ikkinchi qismi bilan jarimani xato qoʻllamoqda. Modda ibodat yoki ibodatga sharoit yaratganlik uchun emas, «diniy marosim» oʻtkazish talabini buzganlik uchun qoʻllaniladi.
Farhod Rahmonov sud qaroriga belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Qolaversa, inson huquq va erkinliklari ustuvor deb hisoblanayotgan mamlakatimizda e'tiqod qiluvchilarni ibodat amallari uchun, butun dunyoda keng qoʻllanilayotgan amaliyot sifatida, jamoat joylarida ham qulay sharoit yaratib berilishi kerak”.

Azon.uz saytining huquqiy ishlar boʻyicha eksperti Ruslan Sadikov ushbu masalaga izoh berib shunday dedi: Oʻzbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 201-moddasi 2-qismida diniy yigʻilishlar, koʻcha yurishlari va boshqa diniy marosimlar oʻtkazish qoidalarini buzish uchun javobgarlik belgilangan boʻlib, ushbu moddada bu qoidalar nimalardan iboratligiga, ya'ni, jamoat boʻlib namoz ibodatini ado etish, bu turdagi huquqbuzarlik sifatida e'tirof etilish yoki etilmasligiga izoh berilmagan.
Odatda, bu kabi holatda qonunchilikda “qoidalar” tushunchasiga izoh boshqa qonun normalarda yoritiladi.
Ushbu munosabatlarni tartibga soluvchi me'yorlarga e'tibor beradigan boʻlsak, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 9-moddasida diniy rasm-rusum va marosimlar tushunchasi yoritilgan boʻlib, ushbu moddada ham jamoat boʻlib namozni ado etish diniy yigʻilishlar, koʻcha yurishlari va boshqa diniy marosimlarga kirishi xususida qoida belgilanmagan.
Qonun analogiyasi sifatida Jinoyat protsessual kodeksining 23-moddasi uchinchi qismida “Qonun qoʻllanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak”.
Xulosa qilib aytish mumkinki, qonunchilik bilan qat'iy ta'qiqlanmagan harakat sodir etilishi mumkin va qonundagi har qanday tusmollar va shubhali qoidalar huquqbuzar foydasiga hal etilishi lozim. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar