
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani hokimligi hokim Samad Hasanovni saviyasiz va «tupoy» deb atagan Kabul Dusovni prokuraturaga berdi. Bu haqda Samad Hasanovning matbuot kotibi Bahodir Halimov xabar berdi.

Foto: Kabul Dusov Telegram-kanali
Hokimlikning ma'lumot berishicha, Kabul Dusov hokim Samad Hasanovga telefon qilib, kelinini ishga tiklashini talab qilgan. Hokim esa bu haqda sud qarori borligini aytib, bu ish uning vakolatiga kirmasligini ma'lum qilgan. Dusov esa hokimning bu javobiga nisbatan uni saviyasiz va «tupoy» deb atagan.
Hokimlik Kabul Dusovni masalaga bir tomonlama yondashishda ayblab, Samad Hasanov nomiga haqoratomuz soʻzlar qoʻllagani uchun uning xatti-harakatini chegaradan chiqish deya baholagan.

Foto: Kabul Dusov Telegram-kanali
«Kabul Dusov 25 mart kuni tuman hokimiga toʻrt marotaba (10:02, 10:25, 11:20, 12:44) qoʻngʻiroq qilib, Adiba Narzullaeva ismli fuqaro uning kelini, ukasining rafiqasi boʻlishini, uning mehnat nizosi bilan bogʻliq muammosi echim topmayotganini, shuning uchun bu ishni ‘bir ogʻiz gapi bilan’ hal qilib berishini soʻragan. Tuman hokimligi ushbu mehnat nizosini hal etish maqsadida ishchi guruh tuzib, vaziyatni toʻliq oʻrganib koʻrgach, bu masala yuzasidan sud qarori borligini aniqlagan. Shu bois hokim Kabul Dusovga bu ish yuzasidan sud qarori chiqqanini, shu bois mazkur masalaga aralasholmasligini, vakolatiga kirmasligini aytgan», — deydi Bahodir Halimov.
Ma'lumot berilishicha, Shahrisabz tumanining «Shakarteri» MFY, Shovkan qishlogʻida yashovchi fuqaro Madina Rasulova 2016 yil 3 yanvar kuni tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Shovkan qishloq vrachlik punktida ishlovchi Adiba Narzullaevaning tugʻuruq ta'tiliga chiqishi munosabati bilan uning oʻrniga 0,5 stavka doya hamshirasi sifatida ishga qabul qilingan. Tibbiyot birlashma boshligʻining 2017 yil 18 apreldagi buyrugʻiga koʻra Shovkan QVPning yuridik maqomi tugatilib, yangi tashkil etilgan 39-qishloq oilaviy poliklinikasiga qoʻshib yuborilgan. Shu sabab 0,5 stavka doya hamshiralik shtati tugatilgan va barcha ishchi xodimlar, shu jumladan, Madina Rasulova bilan ham 39-QOP rahbariyati oʻrtasida yangi mehnat shartnomasi tuzilib, ishini davom ettirgan.
Madina Rasulova keyinchalik yangi tashkil etilgan Koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada 0,5 stavkada registratura hamshirasi va 0,25 stavkada AKG hamshirasi sifatida ish faoliyatini davom ettirgan. Tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻining 2020 yil 1 maydagi buyrugʻi bilan tugʻuruq ta'tilidan qaytgan Adiba Narzullaevaga Madina Rasulovaning ish oʻrni olib berilgan.

Samad Hasanov.
Foto: «Daryo»
«Aslida Adiba Narzullaevaning QVPdagi doya shtati tugatilgani uchun unga mavjud vakant oʻrinlari taklif etilishi kerak edi. Biroq ish beruvchi Adiba Narzullaevaga oʻzining doimiy ish oʻrniga ega boʻlgan Madina Rasulovaning 0,25 AKG va 0,5 registratura hamshirasi ish oʻrnini olib bergan. Madina Rasulova esa Fuqarolik ishlari boʻyicha Shahrisabz tumanlararo sudiga ariza bilan murojaat qilib, haq-huquqini talab qilgan. Sudning 2021 yil 19 noyabrdagi qaroriga koʻra Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻining 2020 yil 1 maydagi buyrugʻi gʻayriqonuniy deb topilgan va Madina Rasulova oʻz ishiga tiklangan. Shundan soʻng, Adiba Narzullaevaga yashash hududiga yaqin boʻlgan 39-oilaviy poliklinikada faoliyatini davom ettirishi uchun ish taklif etilgan, ammo u bu taklifni rad etgan.
Keyinchalik Adiba Narzullaeva prezidentning Shahrisabz tumanidagi Xalq qabulxonasi bilan birgalikda sektorlar rahbarlari tomonidan oʻtkaziladigan fuqarolar qabulida boʻlib, ushbu masalani oʻz manfaati yoʻlida ijobiy hal etib berishlarini soʻragan. Tuman hokimi esa unga sud qaroridan norozi boʻlsa, faqat manfaatdor tomonlarning oʻzi yuqori turuvchi sudga murojaat qilishi mumkinligini tushuntirgan. Tuman Adliya boʻlimiga murojaatni qonun doirasida oʻrganib chiqishi va amaliy yordam berishi boʻyicha ogʻzaki koʻrsatma berilgan. Adliya boʻlimi Adiba Narzullaeva murojaatini oʻrganib chiqib, fuqaroning manfaatini koʻzlagan holda Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasiga tugʻuruq ta'tilidan qaytgan Adiba Narzullaevani 0,5 stavka ish bilan ta'minlash chorasini koʻrishi haqida ogohlantirib, taqdimnoma kiritgan», — deyiladi hokimlikning bu haqdagi rasmiy munosabatida.
Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov bilan telefon orqali muloqot qilgan Kabul Dusov hokimga «sudni siz nazorat qilasiz, aka», deb aytib, ishini hal qilib berishini soʻragan.
«Oʻrganishlar natijasida bloger sifatida tanilgan Kabul Dusovning Adiba Narzullaeva bilan qarindosh emasligi ma'lum boʻldi. Adiba Narzullaevaning mehnat nizosi esa tuman prokuraturasi va tuman aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan qayta oʻrganilishi belgilandi», — deydi hokimlik axborot xizmati rahbari.
Hokimlik Kabul Dusovning shaxsiy Telegram-kanali orqali tarqatilgan xabarda tuman hokimi sha'niga nisbatan haqoratomuz soʻzlar qoʻllangani uchun bloger ustidan qonuniy toʻxtamga kelish uchun toʻplangan hujjatlar va suhbatdoshlar oʻrtasidagi audioyozuvni viloyat prokuraturasiga yuborgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar