11 yoshli Fotima va otasining hayoti o‘zgardi: ularga uy sovg‘a qilindi (video)

Otasi obodonlashtirish xizmatida ishlab, 11 yoshli qizini yolg‘iz voyaga yetkazayotgan otaning hikoyasi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Balerina bo‘lishni orzu qiladigan qizaloq Fotima va uning otasi Rashid akaga xalq tomonidan uy sovg‘a qilindi.
Hammasi 25 oktyabr, yakshanba kuni o‘tkazilgan hashardan boshlandi. Sardor ismli bloger obodonlashtirish xizmati xodimlari bilan suhbatlashib, ularning muammolarini tinglaydi. «Yana kimning muammosi bor? Kimga uy kerak?» deb so‘raganida, ishchilar orasidagi yoshi katta ayollardan biri o‘zlariga emas, Rashid akaga yordam berishni so‘raydi. Boshqa xodimlar ham uning uy-joyga muhtojligini aytib, blogerning e’tiborini unga qaratadi.
Rashid aka bilan suhbatda uning qizini yolg‘iz tarbiyalayotgani ma’lum bo‘ladi. Ayoli Fotima hali 40 kunlik chaqaloq bo‘lganida ularni tashlab, Rossiyaga ketgan. Shundan buyon ota qizini halol mehnati bilan katta qilib kelmoqda. Fotimaning esa bir orzusi bor — kelajakda balerina bo‘lish.
Bu voqea ko‘pchilikni befarq qoldirmadi. Sardor ismli bloger tashabbusi bilan xalq birlashib, ota va qizga uy olib berdi. Keyinchalik bloger ularni yangi xonadoniga olib borib, uy ta’mirlangani, jihozlar, kiyim-kechak va boshqa zarur buyumlar bilan ta’minlanganini ko‘rsatdi. Hatto pardalar ham Fotimaning balerina bo‘lish orzusidan ilhomlanib tayyorlangani ko‘rinadi.
Yangi uyini ko‘rgan ota va qiz quvonchini yashira olmadi. Fotima esa ularga ko‘rsatilgan mehr va e’tibor uchun minnatdorchilik bildirib, oldindan tayyorlab kelgan raqsini ijro etdi. Suhbat davomida qizaloqning mayda qilib o‘rilgan sochlarini ham otasi o‘zi o‘rib qo‘yishi ma’lum bo‘ldi.
Ota va qiz o‘rtasidagi samimiy mehr-muhabbat, shuningdek, beg‘araz yordamga qo‘l uzatgan insonlarning ezgu ishi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining iliq munosabatiga sabab bo‘ldi.






























Izohlar 0
…