Hisoblagich buzilsa: Gaz, suv va svet uskunalarini almashtirish xarajati kimning bo‘ynida?

Xonadoningizdagi elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik yoki issiq suv hisoblagichlari to‘satdan buzilib yoxud yaroqsiz holatga kelib qoldimi?
Ko‘pchilik fuqarolar bunday vaziyatda uskunani o‘z hisobidan ta’mirlash yoki yangisini sotib olishga shoshiladi. Vaholanki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, aholidan bu ishlar uchun pul talab qilish qat’iyan noqonuniy hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 avgustdagi 698-sonli qaroriga muvofiq, maishiy hisoblagichlarni ta’mirlash, davriy metrologiya qiyoslovidan o‘tkazish yoki yangisiga almashtirish xarajatlari to‘liq tegishli ta’minotchi korxonalar (elektr tarmoqlari, gaz idorasi yoki suv ta’minoti) mablag‘lari hisobidan qoplanishi shart.
Hisoblagich ishdan chiqsa, nima qilish kerak? 4 ta muhim qadam
Nosozlik aniqlanganda jarima yoki asossiz to‘lovlarga duchor bo‘lmaslik uchun quyidagi tartibga amal qiling:
Darhol rasmiy xabar bering: Hisoblagich ko‘rsatkichida, oynasida yoki plombasida nosozlik/shikastlanish sezilsa, shu kunning o‘zidayoq tegishli ta’minotchi korxonaga (gaz, elektr yoki «Suvta’minot») yozma ravishda murojaat qiling. Og‘zaki yoki telefon orqali aytilgan xabarlar keyinchalik rasmiy asos bo‘la olmaydi;
Dalolatnoma rasmiylashtirish: Ta’minotchi korxona xodimi kelib, hisobga olish uskunasining yaroqsiz holga kelganini qayd etgan holda joyida rasmiy xabarnoma va dalolatnoma tuzishi lozim;
Bepul yechish, tekshirish va o‘rnatish: Nosoz uskunani demontaj qilish (yechib olish), laboratoriya/metrologiya ko‘rigidan o‘tkazish, ta’mirlash yoki yangisiga almashtirib qayta o‘rnatish xizmatlari to‘liq ta’minotchi korxonalar budjeti va mas’uliyatida amalga oshiriladi;
Noqonuniy to‘lovga qarshi kurash: Agar xodimlar sizdan hisoblagichni ta’mirlash, tekshirish yoki yangisini olib berish uchun pul talab qilsa, bunga aslo rozilik bermang.
Noqonuniy to‘lov talab qilinganda qayerga murojaat qilinadi?
Kommunal idoralar xodimlari asossiz to‘lov talab qilgan taqdirda fuqarolar tezkor aloqa vositalari orqali o‘z huquqlarini himoya qilishlari mumkin:
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ishonch telefoni:
1159;Yagona energetika va kommunal tarmoq ishonch raqamlari:
1104,1154,1255.































Izohlar 0
…