
2025 yil 17 dekabr kuni Prime Video platformasida Fallout serialining kutilgan ikkinchi mavsumi rasman namoyish etila boshlandi. Mashhur videoo‘yinlar asosida suratga olingan loyiha ilk mavsumidanoq tomoshabinlar va tanqidchilar e’tiborini tortib, qisqa vaqt ichida eng muhokamali seriallardan biriga aylangan edi.
Yangi mavsumda tomoshabinlar uchun tarqatish formati o‘zgardi. Agar birinchi mavsumda barcha qismlar bir kunda taqdim etilgan bo‘lsa, ikkinchi mavsum epizodlari har hafta Prime Video orqali navbatma-navbat chiqarilmoqda. Bu esa serial atrofidagi qiziqishni yanada uzoqroq saqlab turishga xizmat qilmoqda.
Ikkinchi mavsum voqealarida asosiy qahramonlar — Lyusi, Gul va Maksimusning taqdiri davom ettiriladi. Hikoya markazi esa halokatdan keyin qayta shakllangan Nyu-Vegas shahriga ko‘chadi. Postapokaliptik Las-Vegas muhiti serialga yangi ruh, yangi xavf va kutilmagan burilishlar olib kirgan.
17 dekabr holatiga ko‘ra, Fallout seriali juda yuqori baholanmoqda: tanqidchilar reytingi 98 foizga, tomoshabinlar bahosi esa 97 foizga yetdi. Mutaxassislar ikkinchi mavsumni ilk qismlarga nisbatan yanada dinamik, shiddatli va dramatik deb atashmoqda.
Mualliflar faqat uch asosiy qahramon bilan cheklanib qolmagan. Yangi va ikkinchi darajali obrazlar chuqur ochilgani serial olamini kengaytirib, uni ayrimlar tomonidan “Taxtlar o‘yini” bilan qiyoslanishiga sabab bo‘lmoqda.
Syujet AQSH va Xitoy o‘rtasidagi yadro urushi ortidan yuzaga kelgan vayron dunyoda kechadi. Yer ostidagi boshpanalarda yashab chiqqan odamlar hamda yer yuzida tirik qolgan insonlarning to‘qnashuvi orqali jamiyat, hokimiyat va inson tabiatiga o‘tkir savollar tashlanadi.
Fallout ikkinchi mavsumi ham o‘yinning asl ruhini saqlab qolgan: qora hazil, keskin sahnalar, zo‘ravonlik va jamiyatga nisbatan satirik qarash serialning asosiy belgisi bo‘lib qolmoqda. Shu bois yangi mavsum nafaqat muxlislar, balki postapokaliptik dramalarni xush ko‘ruvchi keng auditoriya uchun ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.