Yanis Leri o‘zbek futboli va islom diniga e’tiqodi haqida nimalar dedi?

"Xorazm" klubi safiga kelib qo‘shilgan fransiyalik legioner Yanis Leri klub matbuot xizmatiga intervyu berdi. U mazkur intervyu davomida klub matbuot xizmati tomonidan berilgan savollarga quyidagicha javob qaytardi:
– Futbol bilan necha yoshdan shug‘ullana boshlagansan?
– 5 yoshimda futbol o‘ynashni boshlaganman. "Livri"da to‘p tepar edim. U yer Parijdagi uyim hisoblanadi.
– O‘zbek futboli haqida qanday fikrdasan?
– O‘ylaymanki, O‘zbekistonda futbol saviyasi yaxshi darajada. To‘g‘ri, mamlakat futboli Ispaniya va Fransiyanikidan farq qiladi, biroq yangi mavsum boshlanishini intiqlik bilan kutyapman. Jamoa a’zolari bu yerga moslashishimga yordam bermoqda. Shu jihatdan ko‘nikishim osonroq bo‘lmoqda. Rostini aytsam, ingliz tilida ko‘p gapirmayman, shunga qaramay, jamoadoshlarim bilan til topishishda qiyinchilikka duch kelganim yo‘q.
– Qaysi futbolchilar bilan tez til topishyapsan?
– Hamma bilan oz-moz suhbatlashyapman. Logan va Fabino bilan ko‘proq muloqot qilyapman, chunki ular portugal tilida gapira oladi, men esa ispanchani bilaman. Ikki til bir-biriga yaqin bo‘lgani uchun fikr almashish qulay.
– Karerang davomida nechta gol urgansan?
– Aniq bilmayman, lekin "Sent-Eten"dagi faoliyatimda uning soni ko‘proq. Adashmasam, "Logrones"dagi so‘nggi o‘yinimda raqib darvozasini ishg‘ol qilgandim. "Sent-Eten" safida urgan gollarim hamon yodimda, bular yorqin xotira bo‘lib qolgan.
– Yangi mamlakatga moslashishda eng qiyini nima?
– Eng qiyini – til masalasi. Chunki o‘zbek tilini bilmayman.
– "Xorazm" muxlislari haqida qanday fikrdasan?
– Bizni qo‘llab-quvvatlaydigan muxlislarning ko‘pligi yaxshi. Bu esa har o‘yinda ruhiy tomonlama yordam beradi.
– Transfer oynasida boshqa jamoalardan takliflar bo‘ldimi?
– Qatardan ham taklif bo‘ldi, ammo masala uzil-kesil hal bo‘lmadi. Lekin men "Xorazm"ga kelishni xohlagandim. Boshqa jamoalarni kuzatmasdan, shu variantni tanladim.
– Islom diniga e’tiqod qilasanmi?
– Albatta, shunday.
– Sen uchun qaysi pozitsiyada to‘p tepish qulay?
– Men uchun qanot hujumchisi sifatida to‘p tepish qulaylik yaratadi. Oson emas, yaxshi deyaqolaylik.
– Maqsading to‘g‘risida aytib bersang.
– Maqsadim – jamoaga ko‘proq yordam berish;
- gollar urish va assistlar amalga oshirish;
- o‘yin davomida qulay vaziyatlardan unumli foydalanib, raqiblar darvozasiga to‘p kiritish;
- mavjud imkoniyatimni ishga solib, jamoam g‘alaba qozonishiga yordam berish.
Manba: "Xorazm" matbuot xizmati
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!