Bahodir Qurbonov O‘zbekistonda futbolni raqamlashtirish rejasini ochiqladi

30 yanvar kuni Toshkentda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov kongressi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish yakunida delegatlar bir ovozdan Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-polkovnik Bahodir Qurbonovni O‘FA prezidenti lavozimiga yana qayta sayladi.
Kongressda Qurbonov 2025 yil davomida futbolni raqamlashtirish yo‘nalishida qilingan ishlar va joriy yil uchun qo‘yilgan vazifalarni sanab o‘tdi. Uning asosiy fikri shunday: futbolda “inson omili” qancha kamaysa, shaffoflik shuncha ortadi, natija esa ertaga xalqaro maydonda ko‘rinib boradi.
Eng muhim yangiliklardan biri — “Milliy futbol elektron platformasi” masalasi. Qurbonovning ta’kidlashicha, avval futbolchilar bo‘yicha yagona umumiy baza yo‘qligi sabab klublar tayyorlov (mashg‘ulot) to‘lovlari kabi huquqiy-iqtisodiy mexanizmlardan to‘liq foydalana olmagan. Endi esa futbol maktabiga kelgan har bir bola va uning murabbiyi elektron ro‘yxatdan o‘tkazilib, futbolchining o‘sish ko‘rsatkichlari tizimda qayd etiladi va muntazam monitoring qilib boriladi. Platformada ro‘yxatdan o‘tgan futbolchi bo‘yicha klublarga FIFA transfer to‘lovlari mexanizmlari orqali daromad olish imkoniyati ham ochilishi aytildi.
Qurbonov hakamlik yo‘nalishiga ham alohida urg‘u berdi: uchrashuvlarda adolat va ochiqlikni kuchaytirish maqsadida Futbol hakamlari akademiyasi tashkil etilgani qayd etildi. U shu yo‘nalishda ayollar hakamlari jamoasini shakllantirish va uni kengaytirish rejasi borligini ham aytdi.
Shu bilan birga, rahbar futbol maktablari va akademiyalarida hali ham og‘riqli nuqtalar borligini yashirmadi: yoshlarni saralashda shaffoflik yetarli emasligi, tanish-bilishchilik va mahalliychilik kabi salbiy holatlar uchrayotgani ta’kidlandi. Yechim sifatida ilmiy yondashuv asosida yangi saralash tizimi yaratilishi, platformalar orqali iqtidorli yoshlarning o‘sishi kuzatilishi va turli hudud mutaxassislari ishtirokida shaffof seleksiya yo‘lga qo‘yilishi aytildi.
Qisqasi, kongressdan chiqqan asosiy signal bitta: O‘FA “qag‘ozbozlik” emas, tizimli nazorat va raqamli shaffoflikka qattiq o‘tyapti. Agar aytilgan rejalar amalda ham to‘liq ishlasa, bu futbolimiz uchun “hozirgi natija”dan ham muhimroq — kelajakda kuchli avlod tayyorlashga xizmat qiladigan infrastruktura degani.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!