Muhammadiso Abdulxairov viloyatchilikka qarshi keskin fikr bildirdi

Aktyor Muhammadiso Abdulxairov yo‘llarda avtomobil raqamiga yoki odamning qayerlik ekaniga qarab munosabat bildirish odati keskin tanqid qildi. Uning aytishicha, “qayerliksiz?” degan savol ko‘pincha beozor qiziqish emas, balki odamlarni ich-ichidan ajratishga xizmat qiladi. Aktyor bu savolni yomon ko‘rishini yashirmay, bunday yondashuv jamiyatni bo‘linishga olib kelishini ta’kidladi.
Abdulxairovning fikricha, odamning millati yoki qayerdanligi tashqi ko‘rinishidan ham ayon: “Meksikadan ham, Ispaniyadan ham emasman — o‘zbekistonlikman, bu ko‘rinib turibdi”, deydi u. Uning aytishicha, agar suhbatdosh Samarqandlik bo‘lsa va o‘zi ham Samarqanddan ekanini aytsa, munosabat birdan iliqlashadi. Ammo boshqa viloyat nomi aytilsa, e’tibor pasayib ketishi mumkin. Bu esa, u ta’kidlaganidek, bilib-bilmay millatchilikka eltadi.
Aktyor yo‘llarda avtomobil raqamiga qarab ham bir-birimizni baholashimizni achchiq bilan tilga oldi. “O‘zimizni o‘zimiz g‘ajib tashlayapmiz”, deydi u. Abdulxairovning fikricha, Farg‘onalik ham, Qashqadaryolik ham begona emas — barchamiz birmiz, bir Vatan farzandimiz. Qiyin vaziyatlarda birga xizmat qiladigan ekanmiz, kundalik hayotda ham bir-birimizni ajratmasligimiz kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!