Aziz Rametov rafiqasi bilan tanishuvining kutilmagan tarixini so‘zlab berdi

Rametovlar sulolasi vakili, aktyor Aziz Rametov turmush o‘rtog‘i Shahlo Rametova bilan birgalikda “Ikkalamiz” loyihasiga intervyu berdi. Suhbat davomida juftlik tanishuv tarixi, muhabbat va oilaviy hayotiga oid qiziqarli xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Aziz Rametov rafiqasi bilan tanishishidan ancha avval sodir bo‘lgan bir voqeani eslab berdi. Uning aytishicha, ijodiy faoliyatining eng faol davrlaridan birida, muxlislar orasida mashhur bo‘lgan paytlarida Konservatoriya yaqinida bir qizni ko‘rib qolgan.
Aktyorga qizning tashqi ko‘rinishi va kiyinish uslubi yoqqan. Shu sababli u qiz bilan tanishishga urinib, unga gap otgan. Biroq qiz bunga e’tibor bermasdan, indamay yo‘lida davom etgan. Aziz Rametov esa uning ortidan bormagan, faqat hazil aralash: «Bir kun sizga uylanarman», deb aytib qolgan.
Qizig‘i, oradan yillar o‘tib, aktyor o‘sha qiz bilan yana uchrashgan. Ular tanishib, keyinchalik oila qurishgan. To‘ydan so‘ng Shahlo Rametova turmush o‘rtog‘iga yillar oldin Konservatoriya yonida ko‘rgan va gap otgan qiz aynan o‘zi ekanini aytgan.
Bu voqeani eslar ekan, Aziz Rametov niyatning kuchi va taqdirning go‘zalligiga hayron qolganini ta’kidladi. Aktyorning fikricha, o‘sha paytdagi beixtiyor aytilgan gap yillar o‘tib haqiqatga aylangan.































Izohlar 0
…