26 yoshli blogerning 20 kunda suratga olingan filmi 100 million dollar keltirdi


Box Office Mojo ma’lumotlariga ko‘ra, filmni ishlab chiqarish uchun taxminan 1 million dollar sarflangan. E’tiborlisi, tasvirga olish ishlari atigi 20 kun ichida yakunlangan. Shunga qaramay, loyiha yilning eng daromadli va shov-shuvli kinokartinalaridan biriga aylanishga muvaffaq bo‘ldi.
Filmning ilk namoyishi Toronto xalqaro kinofestivali doirasida bo‘lib o‘tgan. Premeradan keyin kartinani tarqatish huquqini Focus Features kompaniyasi qo‘lga kiritdi. Keyinchalik mashhur Blumhouse studiyasi ham reliz jarayoniga qo‘shilib, filmning keng auditoriyaga yetib borishiga hissa qo‘shdi.
“Obsessiya” voqealari Bear ismli yigit atrofida kechadi. U uzoq vaqtdan buyon go‘zal Nikiga oshiq bo‘lib, uning muhabbatiga erishishni orzu qiladi. Kunlarning birida Bear ezoterik buyumlar sotiladigan do‘kondan sirli sehrli tayoqchani topib oladi. U tayoqcha yordamida Nikining o‘zini hammadan ko‘ra qattiq sevishini tilaydi.
Tilak ro‘yobga chiqadi, ammo voqealar kutilmagan va dahshatli tus oladi. Natijada muhabbat orzusi qorong‘u va xavfli oqibatlarga sabab bo‘ladi.
Kinotanqidchilarning ta’kidlashicha, filmning muvaffaqiyatiga original g‘oya, keskin syujet hamda yosh rejissyorning o‘ziga xos yondashuvi katta hissa qo‘shgan. Bu natijadan so‘ng Karri Barker Gollivudda talab yuqori bo‘lgan istiqbolli rejissyorlar qatoridan joy oldi.





























Izohlar 0
…