
O‘zbekiston yoqilg‘i bozorida katta o‘zgarishlar boshlanmoqda. Joriy yil sentyabridan mamlakatda past oktanli AI-80 benzinini ishlab chiqarish to‘liq to‘xtatilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqdagi hujjat Kun.uz nashriga ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» tizimidagi korxonalar AI-80 zaxiralarini yil yakunigacha tugatib, 2026 yildan faqat yuqori oktanli benzin sotishga o‘tishni rejalashtirgan, deb xabar berdi kukdala.uz.
Mazkur islohot mamlakat yoqilg‘i siyosatining yangi bosqichini boshlab bermoqda. Bu nafaqat energiya manbalarida sifatli o‘zgarish, balki ekologiya, bozor mexanizmi va iste’molchi huquqlari nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo eng muhim savollar shulardan iborat: bu qaror amalda qanday ishlaydi? Narx-navoga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Va bozorda benzin tanqisligi yuzaga kelmaydimi?
AI-80 benzini qanday vaziyatda?
Ayni paytda mamlakatda AI-80 benzini asosan Buxoro va Farg‘onadagi neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqariladi. Ulardan biri “O‘zbekneftgaz” tasarrufida, ikkinchisi esa xususiy “Saneg” kompaniyasiga tegishli. Surxondaryo va Chinozdagi kichik korxonalar ham ma’lum miqdorda AI-80 ishlab chiqaradi. Ammo mamlakatning deyarli butun ehtiyoji mahalliy ishlab chiqaruvchilar hisobiga qoplanadi. Import amalda yo‘q.
Ayni paytda «O‘zbekneftgaz» Xitoy bilan hamkorlikda Buxoro zavodida AI-92 benzini ishlab chiqarish hajmini oshirish ustida ish olib bormoqda. Loyihaga ko‘ra, bu benzin “prisadkali”, ya’ni maxsus qo‘shimchalar yordamida oktan darajasi oshirilgan. Bu texnologik yechim tannarxni tushirishni maqsad qiladi, biroq narx borasida aniq hisob-kitoblar hali ochiqlanmagan.
2026 yildan faqat yuqori oktanli benzin bo‘ladimi?
Rasmiy rejalarga ko‘ra, 2025 yilda «Buxoro NQIZ» 1 mln tonnaga yaqin benzin ishlab chiqaradi, shundan yarmiga yaqini AI-92+. Sentyabrdan AI-80 ishlab chiqarish to‘xtaydi. Benzin zaxiralari yil yakunigacha sotilib tugatiladi va 2026 yildan bozorda faqat AI-92 yoki undan yuqori benzin turlari qoladi.
Bu jarayon bir kunda amalga oshmaydi. Unda importni kengaytirish, raqobat muhitini yaratish, soliq imtiyozlari kabi omillar katta ahamiyatga ega bo‘ladi.
Ekspertlar nimadeydi?
Iqtisodchi Otabek Bakirov bu masala 2020 yildan beri ko‘tarilayotganini aytib, buni ortiqcha ortga surmaslikni, eng qulay payt – hozir ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, kuz-qish mavsumida iste’mol yuqori bo‘lgan vaqtda bu jarayonni boshlash imkonsiz, shuning uchun yoz oylarida bu islohotni amalga oshirish lozim.
Uning tahliliga ko‘ra, O‘zbekistondagi benzin bozorida 80 benzin deyarli 800 ming tonna atrofida ishlab chiqariladi, 92 benzin 100 ming tonna atrofida, qolgani esa import qilinadi. Maqsad – shu 1.2–1.3 mln tonna ehtiyojni raqobatli AI-92 va AI-95 bilan qoplash. Buning uchun esa barcha to‘siqlar — boj, logistika, kvota, texnik cheklovlar — bartaraf qilinishi lozim.
U shunday degan: “Agar Qirg‘izistonda neft zaxirasi bo‘lmasa-da, 92 benzin arzon bo‘lsa, nega O‘zbekiston shunday qila olmaydi?”
Raqobat va bozor mexanizmisiz narx tushmaydi
Iqtisodchilarga ko‘ra, agar benzin narxi sun’iy ravishda belgilansa, yoki faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilarga bog‘lanib qolinsa, bozorda tanqislik muqarrar. AI-80 kabi benzindan voz kechish uchun birinchi navbatda AI-92 va undan yuqori turlarini yetarli hajmda va raqobatbop narxda ta’minlash kerak. Bu esa importni erkinlashtirishsiz amalga oshmaydi.
Importchi kompaniyalar uchun Eron, Iroq, Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa davlatlardan benzin olib kirishdagi barcha ma’muriy to‘siqlar yo‘q qilinishi lozim. Vaqtincha iste’mol solig‘ini bekor qilish, temiryo‘l va logistika imtiyozlari berish mumkin.
Ekologik jihatdan 80 benzin qanday xavflimi?
80 benzin faqat iqtisodiy emas, balki ekologik muammolarga ham sababchi. Uning yonishida ko‘proq uglerod oksidi, yonmagan uglevodorod va PM2.5 zarrachalari chiqadi. Bu moddalar inson salomatligiga ta’sir qilish bilan birga, iqlim o‘zgarishiga ham turtki beradi.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatov bu benzin turi faqat Afg‘onistonda ishlatilayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston bu kabi sifatsiz yoqilg‘idan voz kechishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo amaliyotida 80 benzin muomaladan chiqarilgan.
Sifatli benzin – samarali harakat
O‘zbekistondagi ko‘plab avtomobillar metan va propan yoqilg‘isida yuradi. Ammo benzin baribir ahamiyatli qism bo‘lib qolmoqda. Agar AI-80 o‘rnini AI-92 bossa, bu nafaqat ekologik jihatdan, balki avtomobilning xizmat muddati, motor holati va foydalanish samarasi nuqtayi nazaridan ham ijobiy bo‘ladi.
Xulosa: orqaga emas, oldinga qadam
AI-80dan voz kechish – kechiktirib bo‘lmaydigan islohot. Bu yo‘lda katta qat’iyat, yuksak siyosiy iroda va tizimli rejalashtirish zarur. Narxi oshmasligi, defitsit yuzaga kelmasligi uchun oldindan importni kengaytirish, logistika tizimini qayta ko‘rib chiqish, va eng muhimi, bozorda erkin raqobat muhitini yaratish zarur.
Agar bu ishlar amalga oshirilsa, nafaqat narx barqaror bo‘ladi, balki iste’molchi ham sifatli, ekologik toza va xavfsiz yoqilg‘iga ega bo‘ladi. Bu esa O‘zbekistonda transport sohasidagi islohotlarning yangi bosqichi bo‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar