date

Shavkat Mirziyoyev Bryusselda Yevropa kompaniyalari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev Bryusselda Yevropa kompaniyalari bilan uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Bryusselda bo‘lib turibdi. Davlat rahbarining mazkur safari Yevropadagi muhim siyosiy va iqtisodiy muloqotlar bilan to‘liq qamrab olingan, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Tashrif doirasidagi asosiy tadbirlar 24-oktyabr kuniga belgilangan bo‘lib, kunning birinchi yarmida Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan ochiq muloqot shaklida davra suhbati o‘tkazdi.

Uchrashuvda “Vandewiele”, “Linde”, “Rhenus Logistics”, “Ahlers Logistics”, “Lasselsberger Group”, “Pietro Fiorentini”, “NextChem”, “Meridiam”, “SUEZ”, “FMO”, “European Investment Bank”, “Commerzbank”, “KfW”, “Textima”, “Chimcomplex”, “Metso” kabi yirik kompaniyalar va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi.

Prezident ishtirokchilarga murojaat qilib, bu darajadagi muloqot va yevropalik sheriklarning faol ishtiroki o‘zaro ishonchning yuqori darajasi hamda uzoq muddatli hamkorlikka bo‘lgan qat’iy intilishni namoyon etayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni belgilaydigan muhim hujjat — Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarda yangi davr boshlanishini ifoda etayotgani qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, keyingi yetti yil ichida O‘zbekiston va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi savdo aylanmasi ikki barobarga oshgan. Shu davrda Yevropa sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni mingtadan oshib, mamlakat iqtisodiyotidagi islohotlarga bo‘lgan ishonchning o‘sishiga yaqqol misol bo‘ldi.

Yevropalik sheriklar mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish, korporativ boshqaruv va innovatsion ishlab chiqarishni rivojlantirishdagi qo‘llab-quvvatlovi uchun minnatdorlik bilan tilga olindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev inson kapitali rivojiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. U ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyatlari kengaydi, xorijiy universitetlar filiallari ochildi, Yevropa oliygohlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda.

Davra suhbati chog‘ida davlat rahbari hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning to‘rt asosiy yo‘nalishini belgilab berdi. Birinchi yo‘nalish — strategik xomashyo va mineral resurslarni o‘zlashtirish hamda ularni qayta ishlab, yuqori qiymatli mahsulot ishlab chiqarish loyihalarini birgalikda amalga oshirishdir.

Ikkinchi yo‘nalish “yashil iqtisodiyot” va kimyo sanoatiga tegishli. O‘zbekiston bu sohada faol qadamlar tashlamoqda — qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish, energiya tejash va ekologik kimyo loyihalarida Yevropa kompaniyalarini ishtirok etishga chorladi.

Uchinchi yo‘nalish sifatida infratuzilma va logistika tizimini rivojlantirish masalasi ko‘rsatildi. Mamlakatda avtomobil va temiryo‘llar, aeroportlar hamda transport koridorlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezident bu borada Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan zamonaviy logistika markazlarini yaratish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

To‘rtinchi muhim yo‘nalish — raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohasi. O‘zbekiston bu sohada ham Yevropaning ilg‘or tajribasini jalb etish, raqamli xizmatlar, elektron boshqaruv va startap ekotizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Yevropa ishbilarmon doiralari O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, kelgusidagi qo‘shma loyihalar va investitsion hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirishdi.

Bryusseldagi bu muloqot, tahlilchilar fikricha, O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi, amaliy bosqichini boshlab berishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Bryusselda Yevropa kompaniyalari bilan uchrashuv o‘tkazdi