
Nyu-York shahri meri Erik Adams delegatsiya boshlig‘i sifatida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Ushbu markaz prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan.
Mehmonlarga markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, uning ilmiy-ma’rifiy missiyasi va boy tarixiy merosi, jumladan qadimiy qo‘lyozmalar, noyob artefaktlar hamda zamonaviy interaktiv ekspozitsiyalar haqida ma’lumot berildi. "Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, islom dinining asl mohiyatini – tinchlik, insonparvarlik va ulug‘ sivilizatsiyaning boy tarixiy merosini yanada chuqurroq angladim.
Bu yerga kelgan har bir inson islomning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini obyektiv ravishda ko‘rish va qayta kashf etish imkoniyatiga ega bo‘ladi", – dedi Erik Adams.
Uning so‘zlariga ko‘ra, video kontent, interaktiv texnologiyalar va sun’iy intellekt asosidagi ko‘rgazmalar orqali taqdim etilgan materiallar kuchli taassurot qoldiradi va ekspozitsiyalarni barcha yoshdagi mehmonlar uchun tushunarli qiladi.
Tashrif davomida Nyu-York meri islomgacha bo‘lgan davr va Birinchi Uyg‘onish davriga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar bilan tanishdi. Shuningdek, Qur’oni karim zali hamda boshqa bo‘limlarga tashrif buyurdi.
Birinchi Uyg‘onish – bu ilm-fan, madaniyat va falsafaning IX–XII asrlarda, asosan, Buxoro, Samarqand, Xorazm va mintaqaning boshqa shaharlarida rivojlangan davrini ifodalovchi ilmiy termin hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.