
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati xalq deputatlari Kengashi sessiyasida viloyat aholisi soni ortib, 4,3 milliondan oshganini ta’kidladi. Viloyatdagi eng yirik hududlardan biri Urgut tumanidir, bu yerda 600 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, Urgut tumani ko‘p yillar davomida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha viloyatda yetakchi bo‘lib kelgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda u sanoat markaziga aylanish jarayonida. Bunga Urgut erkin iqtisodiy zonasining tashkil etilishi katta hissa qo‘shdi.
Ushbu hududda umumiy qiymati 860 million dollar bo‘lgan 74 loyiha amalga oshirildi va bu hududni yirik sanoat maydoniga aylantirdi. Ishlab chiqarishning rivojlanishi savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarining ham o‘sishiga turtki berdi.
Bugungi kunda Urgut tumani viloyatda sanoat bo‘yicha uchinchi, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha esa to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Shuningdek, tumanda bugun yana bir muhim loyiha — 55 kilometr uzunlikdagi temiryo‘l yo‘nalishi ishga tushirildi.
Uning to‘liq elektrlashtirilishi kelasi yilda yakunlanadi. Bu yangi infratuzilma Urgut tumanidagi yashash sharoitlarini yaxshilash bilan birga, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.