So‘nggi paytlarda internet-manbalar va ijtimoiy tarmoqlarda respublikamizda naqd pul muammosini hal qilishning turli yo‘llari haqida takliflar faol muhokama qilinmoqda. Bu xabarlar orasida “2017 yil oxirigacha 1000 dona bankomat o‘rnatamiz”, “tadbirkorlar uchun terminal ijara haqini kamaytiramiz”, “aholi o‘rtasida elektron pul o‘tkazmalri uchun xizmat haqini kamaytiramiz» kabi takliflarning guvohi bo‘lyapmiz. Mazkur takliflar yuzasidan men ham o‘z fikrlarimni aytib o‘tmoqchi edim.
Muammoning echimini muhokama qilishdan oldin, eng avvalo, muammo nimadan iborat, degan savolga javob topishga urinib ko‘raylik. Ko‘rinib turibdiki, bugungi kunda respublikamizda naqd pulning to‘lov qobiliyati, ya’ni u yoki bu tovar yoki xizmatlarni sotib olish imkoniyati naqd bo‘lmagan (korxonalarning yoki fuqarolarning bankdagi hisobvaraqlaridagi /plastik kartochkalardagi mablag‘lar) pullarga nisbatan yuqoriroq, o‘rta hisobda tafovut 15-30%ni tashkil qiladi. Shunday ekan, har qanday holatda, har qanday savdo munosabatlarida naqd pul naqdsiz pulga nisbatan ustuvorroq, kuchliroq, va demak, ma’qulroq deb qaralmoqda.
Endi shu muammoning sabablariga nazar tashlaylik. Aholining naqd pulga nisbatan moyilligini olib qaraydigan bo‘lsak, bu moyillik quyidagi sabablar tufayli shakllanadi:
1. Turli tovarlar, ayniqsa, maishiy texnika, mebel kabi qimmatbaho tovarlarni sotib olinayotgan vaqtda, naqd pul to‘lash evaziga tovarlarni arzonroq sotib olish mumkin (sababini quyida qarang).
2. Jamg‘armalarni saqlash uchun eng maqbul va deyarli yagona yo‘l – milliy valyutani erkin konvertasiya qilinadigan valyutaga ayirboshlash bo‘lib qolgan, chunki valyutani saqlash oson, hajmi kichik, zarur vaqtida darhol to‘lov uchun foydalansa bo‘ladi va eng asosiysi, valyutalar kursining yildan-yilga, oydan-oyga o‘sib borishi jamg‘armalarni inflyasiyadan qisman bo‘lsada saqlash imkonini beradi. Bank omonatlari, hatto o‘ta yuqori foizli omonatlar ham, yana o‘sha naqdlashtirish muammosining mavjudligi, pulni bankdan qaytarib olayotganda 15-20% yo‘qotish xavfi tufayli, valyutaga nisbatan raqobatga chidamaydi.
Demak, fuqarolar tomonidan naqd pulga ehtiyojni kamaytirish uchun mana shu ikki sababni bartaraf etish lozim, ya’ni:
˗ sotuvchilar tomonidan naqd pulga moyillikni bartaraf qilish orqali savdo munosabatlarida naqd va naqdsiz to‘lovlarning haqiqiy tengligi uchun iqtisodiy asos yaratish (ma’muriy choralar necha yildirki, ish bermayapti)
va
˗ aholi jamg‘armalari uchun chet el valyutasidan boshqa, naqdlashtirish muammosidan xolis yangi instrumentlar yaratish (masalan, qimmatbaho metallar, obligasiyalar va h.k.).
Ho‘sh, endi tadbirkorlarni olib qaraydigan bo‘lsak, savdo munosabatlarida tovarlarning sotuvchilari tomonidan naqd pulga nisbatan bunday kuchli ehtiyoj nega yuzaga keladi? Tadbirkorga naqd pul quyidagi maqsadlar uchun kerak:
1. Turli tovarlar, ayniqsa, xalq iste’moli mollari, shuningdek, xom ashyo, uskunalar, ehtiyot qismlar va boshqa zarur tovarlarni import qilish uchun chet el valyutasini “qora bozordan” sotib olish. Davlat kursidagi chet el valyutasining tanqisligi, bozor kursida esa valyutani sotib olishning qonuniy asoslari yo‘qligi uchun tadbirkorlar valyutani “qora bozordan” faqatgina naqd so‘mga sotib olishga majbur. Shunday ekan nafaqat savdo sohasi, hatto ishlab chiqarish sohasida ham naqd pul tushumlarini tashkil qilishga katta e’tibor qaratiladi. Bu e’tibor, o‘z navbatida, xaridor (vositachilar, do‘konlar va aholi) uchun naqd pul to‘lovi vaqtida qo‘shimcha imtiyozlarni keltirib chiqaradi (yuqorida bu haqda fikr yuritgan edik).
2. Sotilayotgan tovarlarning muayyan miqdorini tegishli soliq va bojxona hisobidan o‘tkazmay, noqonuniy sotish holatlari. Albatta, bunday tovarlar uchun to‘lov faqat naqd ko‘rinishda o‘tkazilishi mumkin.
3. Turli xil tekshiruvchi va boshqa mutasaddi tashkilot vakillari bilan “muomala” qilish uchun.
Demak, tadbirkorlar tomonidan naqd pulga ehtiyojni kamaytirish uchun mana shu uch sababni bartaraf etish lozim, ya’ni:
˗ yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlar uchun chet el valyutasini erkin kursda, bankdan pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib olish imkoniyatini yaratish (bu yo‘nalishda muayyan ishlar boshlangani haqida xabarlar mavjud);
˗ “soyaki iqtisodiyot”, ya’ni hisobga olinmagan tovarlar savdosi hajmini kamaytirish yo‘lida ham ma’muriy, ham iqtisodiy choralar ko‘rish;
˗ korrupsiyaga qarshi kurash, “muomala”larga barham berish (Prezidentimiz bu o‘rinda aniq vazifalar belgilab berdilar).
Mana shu vazifalarni kompleks ravishda hal etmasdan turib, naqd va naqdsiz pullar o‘rtasidagi tafovut, va shu tafovutga asoslangan muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Bank kassasida o‘zi naqd pul bo‘lmasa, bankomat o‘rnatgan bilan nima foyda? Chang bosib turaveradi-da… Tadbirkor terminaldan to‘lov o‘tkazishda manfaatdor bo‘lmasa, terminalni unga tekinga bersangiz ham befoyda, demak, ijara narxini kamaytirgan bilan hech narsa o‘zgarmaydi.
Prezidentimiz o‘z ma’ruzalarida ta’kidlaganlaridek, yangi qonunlar, normativ hujjatlar yaratilayotganda, ularning sifatiga ko‘proq e’tibor berilsa, ya’ni yuzma-yuzaki populistik choralar emas, masalani chuqurroq o‘rganish natijasida muammoning negizini tugatishga intilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Xolis tadqiqotchi
Manba: Diydoraziz.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”