Toshkentda 2,3 mln dollarlik aylanmaga ega narkotarmoq fosh etildi

Toshkent shahrida Telegram-bot orqali giyohvand moddalarni sotishni yo‘lga qo‘ygan, to‘lovlarni esa kriptovalyutada anonim qabul qilgan uch nafar erkak qo‘lga olindi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, jinoiy guruhning umumiy aylanmasi qariyb 2,3 mln dollarni tashkil etgan. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Maxsus tadbir Yunusobod tumanida o‘tkazilgan. Gumonlanuvchilar aynan shu hududda kanalni boshqarish, buyurtmalarni qabul qilish va qayta ishlash bilan shug‘ullangani aytilmoqda.
O‘tkazilgan tintuvlar davomida noutbuk va telefonlar, SIM-kartalar hamda bank kartalari, shuningdek, katta miqdordagi giyohvand moddalar musodara qilingan. Gumonlanuvchilardan birining xonadonida sotuvga tayyor holatdagi 550 doza kuchli ta’sir qiluvchi modda aniqlangan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, guruh minglab operatsiyalarni xorijdagi kriptohamyonlar orqali amalga oshirib, daromad manbaini yashirishga uringan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining bir necha moddasi, jumladan giyohvand moddalar noqonuniy muomalasi va jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq bandlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!