O‘zbekiston–2030: murojaatlar, sud islohoti va kiberjinoyatga yangi zarba

“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida xalq bilan muloqotni yanada kuchaytirish, odamlarning dardini joyida eshitish va muammoni tez hal qilish tizimini samaraliroq qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Eng muhim maqsadlardan biri — murojaatlarning kamida 80 foizini aynan mahalliy darajada qanoatlantirish. Ya’ni fuqaro muammosi “yuqoriga chiqib ketmasdan”, joyning o‘zida yechim topishi kerak.
Loyihada fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash masalasi ham alohida qayd etilgan. O‘zbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha habga aylantirish maqsadi qo‘yilmoqda. Shu yo‘nalishda davlat dasturlarida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari sonini kamida 80 taga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa jamoatchilik tashabbuslari, ijtimoiy loyihalar va aholiga yordam beruvchi mexanizmlar ko‘payishi degani.
Sud-huquq sohasida esa tamoyil aniq: Konstitutsiya va qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasi islohotlarning bosh mezoniga aylanishi kerak. Xususan, ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash amaliyotini 30 foizdan 20 foizga tushirish rejasi ko‘zda tutilmoqda. Bu — jazo berishda ham mutanosiblik, ham adolat mezonlarini kuchaytirishga qaratilgan muhim signal.
Yana bir yangilik — sudlar va tergov organlari ishlarida ayrim protsessual harakatlarni masofadan turib amalga oshirish imkoniyatlarini kamida 50 foizga oshirish maqsadi. Bu amaliyot kengaysa, ortiqcha qog‘ozbozlik kamayadi, fuqarolarning vaqti tejaladi, ish yuritishda tezlik va ochiqlik oshib boradi.
Jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha ham aniq ko‘rsatkichlar belgilangan. Strategiya loyihasida kiberjinoyatlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushini 43 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan. Shuningdek, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarni kamida 4 foizga, ayollar tomonidan sodir etilayotgan oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarni esa kamida 5 foizga qisqartirish rejalashtirilmoqda.
Umumiy manzara shunday: “O‘zbekiston–2030” loyihasi “muammoni eshitdik” degan gap bilan cheklanmasdan, uni joyida hal qilish, sudda adolat va inson huquqlarini mustahkamlash, zamonaviy xavf — kiberjinoyatlarga qarshi aniq natija beruvchi choralarni kuchaytirishga yo‘naltirilgan. Endi asosiysi — raqamlar qog‘ozda qolib ketmasin, mahallada ham, sudda ham, raqamli maydonda ham odamlar bu o‘zgarishni hayotda his qilsin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!