O‘zbekistonda metan zapravkalar qachon va nima sababdan yopilishi mumkin?

O‘zbekistonda metan zapravkalar qachon va nima sababdan yopilishi mumkin?

O‘zbekistonda havo haroratining keskin pasayishi munosabati bilan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari, ya’ni metan zapravkalar faoliyati vaqtincha cheklanishi ehtimoli bor. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik izohiga ko‘ra, sovuq kunlarda tabiiy gaz ta’minotida, birinchi navbatda, aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlariga ustuvorlik beriladi. Jumladan, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa muhim muassasalarning gaz bilan uzluksiz ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Zarurat yuzaga kelgan taqdirda, mavsumiy iste’molchilar qatoriga kiruvchi metan zapravkalar faoliyatiga ham vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi mumkin. Bunda cheklovlar hududiy hokimliklar bilan kelishilgan va tasdiqlangan jadval asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, bunday o‘zgarishlar haqida iste’molchilar oldindan xabardor qilinadi.

Energetika vazirligi va tizim tashkilotlari aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rayotganini ma’lum qildi. Ayni vaqtda Toshkent shahri va mamlakatning boshqa hududlarida isitish mavsumini boshlash ishlari ham davom etmoqda.

Gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda 1104 qisqa raqamiga, gaz bilan bog‘liq avariyaviy holatlarda 104 raqamiga, elektr ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha esa 1154 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

O‘zbekistonda sovuq havo kuzatilishi kutilmoqda

«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, 9–12 noyabr kunlari mamlakat hududiga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi prognoz qilinmoqda. Buning natijasida respublikaning ko‘plab hududlarida yomg‘ir yog‘ishi, shimoliy va tog‘li joylarda esa qor kuzatilishi mumkin.

Harorat ko‘rsatkichlari ham sezilarli darajada pasayishi kutilmoqda. Xususan, shimoliy hududlarda tungi havo harorati 7 daraja sovuqqacha tushishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida esa ayrim joylarda harorat 1–2 daraja sovuqqacha pasayishi prognoz qilingan.

Shu tariqa, havoning sovishi gaz iste’moli ortishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli metan zapravkalar faoliyatiga nisbatan vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi ehtimoli ham mavjud.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar