Strasbur ultralari bannerlar mojarosi ortidan mushtlashib ketdi

Fransiya chempionatining 23-turida «Strasbur» «Lion»ni 3:1 hisobida yenggan o'yin paytida «Stad de la Meno» stadionida tartibsizliklar yuz berdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
L’Equipe xabariga ko'ra, mojaro tribunada o‘ta o‘ng qarashlarni targ‘ib qiluvchi shiorlar yozilgan bannerlar yoyilgani ortidan boshlangan. Ularni mustaqil shaxslar, jumladan sentabr oyida Fransiya hukumati tomonidan tarqatib yuborilgan Offenders guruhi sobiq a'zolari ham ilib qo‘ygan.
Styuardlar bannerlarni tezda olib tashlaganiga qaramay, kelishmovchilik to'xtamadi. Tribunada bunday mazmundagi bannerlar paydo bo'lishiga qarshi chiqadigan UB90 vakillari tartibni buzganlar bilan to‘qnashib ketdi.
Kuzatuv kameralari yozuvlari allaqachon huquq-tartibot idoralariga topshirilgan, holat yuzasidan tekshiruv ketmoqda. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, jabrlanganlar yo'q.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!