Final Fantasy XIV qahramon sozlamalari kengaytirilishi kutilmoqda

Final Fantasy XIV loyihasining rejissyor va prodyuseri Naoki “Yoshi-P” Yoshida yaqinda bo‘lib o‘tgan muhokamada jamoa qahramonlarni yanada chuqurroq moslashtirish (kustomizatsiya) bo‘yicha yangi imkoniyatlarni ko‘rib chiqayotganini aytdi. Aniq qaysi parametrlar o‘zgarishi hozircha ochiqlanmadi, biroq u buning uchun zarur texnik poydevor allaqachon tayyor ekanini ta’kidladi. Bu haqda playground.ru xabar beradi.
Yoshidaning so‘zlariga ko‘ra, o‘yinchilar taklif qilgan ayrim yangilanishlar ham kelgusi patchlarda inobatga olingan — xususan, Explorer Mode rejimini yaxshilash rejalari bor. Shuningdek, u 7.5 patchi chiqishiga qadar koreyscha versiya ham global va Xitoy versiyalari qatorida to‘liq mavjud bo‘lishini bildirdi. 7.5 patchi 2026 yil bahoriga mo‘ljallangan: u bilan navbatdagi Ultimate-reyd, “Beastmaster” nomli cheklangan kasb (limited job) va boshqa yangiliklar paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, eski relikt qurollarni sotib olish mumkin bo‘lgan maxsus savdogar qo‘shilishi ham kutilmoqda — bu ko‘pchilikka inventardagi joyni bo‘shatishga yordam berishi kerak.
Biroq Final Fantasy XIV uchun 7.4 yangilanishi server muammolari fonida o‘tdi: Shimoliy Amerikadagi ayrim o‘yinchilar vaqti-vaqti bilan o‘yindan uzilib qolgan. Ishlab chiquvchilar xatolarni tuzatish uchun Rojdestvo patchini chiqargan bo‘lsa-da, Aether, Primal, Crystal va Dynamics data-markazlariga taalluqli uzilishlar hamjamiyat uchun hanuz dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq Yoshida Final Fantasy XIV’ning Nintendo Switch 1/2 uchun versiyasi bo‘lishi mumkinligiga ham ishora qilgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!