21:02 / 02.01.2018
9 331

2018 yilda savdoga ilk uchar mashinalar chiqarilishi mumkin

2018 yilda savdoga ilk uchar mashinalar chiqarilishi mumkin
Yo‘lovchilarni kopterlar va uchar avtomobillarda tashish allaqachon xayolot bo‘lmay qoldi. Dronlar ishlab chiqarishga hattoki an’anaviy avtokonsernlar ham jiddiy kirishgan.

Misol uchun, Germaniyaning Daimler konserni ikki o‘rindiqli elektr parvoz qurilmasi Volokopter’ni ishlab chiqish bilan shug‘ullanayotgan E-Volvo startapining ulushini sotib olib, unga 25 mln yevro investitsiya kiritgan. Yaponiyaning Toyota kompaniyasi esa Cartivator uchar mashinasini yaratish loyihasini moliyalashtirmoqda, Xitoyning Geely kompaniyasi esa 4 o‘rindiqli uchar mashinani loyihalagan Terrafugia kompaniyasini (AQSh) sotib oldi. Rossiyada esa yangi turdagi transportni yaratish bilan Hoversurf kompaniyasi va “Kalashnikov” konserni shug‘ullanmoqda. Hoversurf 2017 yil yozida Scorpion-3 uchar elektr mototsiklini taqdim qilgan.

Yo‘lovchilarni tashish uchun uchuvchisiz parvoz qurilmalarini yaratish loyihalari ustida Boeing va Airbus aviasozlik kompaniyalari ham shug‘ullanmoqda.

Uchar mashinalarni yaratishga investitsiyalar yuz millionlab dollar bilan o‘lchanmoqda, real loyihalar borgan sari ko‘payib bormoqda va barchasi yangi transport turi joriy yildayoq qo‘llana boshlanishi tomon qarab ketmoqda.

Dubayda 2017 yilda uchar taksi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi, Yevropada uchar mashinaning ilk boshqariluvchi sinovini o‘tkazgan Passenger Drone kompaniyasi esa o‘z qurilmalarini 2018 yildayoq sotuvga chiqarishga va’da bergan.

Quyida yaqin 1-2 yil ichida savdoga chiqarilishi mumkin bo‘lgan mashinalar keltirilgan.

2017 yil avgustda Daimler kompaniyasi sarmoya kiritgan, yo‘lovchi kopterni yaratayotgan kompaniya parvoz qurilmalarini 2011 yildayoq loyihalay boshlagan. Hozir uning ikki o‘rindiqli Volocopter 2X qurilmasi 2 ming metr balandlikka ko‘tarilishi, 100 km/soat tezlik bilan uchishi va 30 daqiqa parvoz qila olishi mumkin. Rejalarga ko‘ra, 2020 yilda mashina Dubayda aerotaksi sifatida qo‘llanadi.

Ikki o‘rindiqli dunyodagi ilk gibrid oktokopter AQShning Workhorse kompaniyasi tomondan yaratilgan. Qurilma uglevodorod toladan yasalgan va 500 kg vaznga ega, u batareyalar va 8 ta elektr motor uchun elektr energiya ishlab chiqaruvchi gaz dvigatel bilan jihozlangan. Mashina 113 km/soat tezlik bilan 110 km gacha ucha oladi. Kompaniya barcha zaruriy sertifikatlarni 2019 yilda olishga umid qilmoqda. Mashinaning narxi 200 ming dollarga yaqinni tashkil qiladi.

Lilium nemis kompaniyasi bir quvvatlanishda 300 km gacha va 300 km/soat tezlik bilan ucha oladigan yengil uchar avtomobil yaratish ustida ishlamoqda. Aprelda qurilma sinovdan o‘tkazilgan, 2019 yilga esa mashinaning ilk boshqariluvchi parvozi belgilagan. 2017 yil sentyabrda Lilium loyihani rivojlantirish uchun bir guruh sarmoyachilardan 90 mln dollar olgan.

2017 yil mayda Zee.Aero 10 ta vintli parvoz qurilmasini sinovdan o‘tkazishni boshlagan. Mashinaning texnik ko‘rsatkichlari oshkor qilinmagan. Shuningdek, mashinani yaratayotgan kompaniya va loyihaga 100 mln dollardan ko‘proq mablag‘ kiritgan bosh sarmoyachi ham ma’lum qilinmagan. Biroq Bloomberg Businessweek ma’lumotiga ko‘ra, bu sarmoyachi Google asoschilaridan biri Larri Peyj hisoblanadi.

Peyj Zee.Aero’dan tashqari uchar avtomobillarni yaratish ustida ish olib borayotgan Kitty Hawk startapini ham moliyalashtirmoqda. Bu kompaniyani Google’ning haydovchisiz avtomobillari dasturi muallifi Sebastyan Trun boshqaradi. Kitty Hawk va Zee.Aero bir-biridan alohida ishlaydi. Zee.Aero’da 150 kishi ishlasa, Kitty Hawk esa 10 kishigina bilan faoliyat yuritmoqda.

Toyota kompaniyasi moliyalashtiradigan Cartivator yapon guruhi 2012 yildan beri yo‘lovchi kvadrokopterini yaratish ustida ish olib bormoqda. Vertikal uchib-qo‘na oladigan qurilmaning ilk boshqariluvchi parvozini 2018 yilda amalga oshirish, 2020 yildan esa mashinadan tijoriy foydalanish rejalashtirmoqda. Qurilma uchish holatida 10 metr balandlikda 100 km/soat, avtomobil rejimida esa 150 km/soat tezlikka erishadi.

AQShning Kitty Hawk kompaniyasi Google asoschisi Larri Peyj tomondan moliyalashtirilayotgan, uchar qurilmalar yaratish bilan shug‘ullanuvchi ikkinchi kompaniyadir. Kompaniyaning bir o‘rindiqli uchar qurilmasining sinovi 2017 yil aprelda o‘tgan va u 2018 yilda savdoda paydo bo‘lishi mumkin. Mashina AQShning aviatsiya bo‘yicha federal boshqarmasining o‘ta yengil parvoz qurilmalariga qo‘yiladigan barcha talablariga javob beradi va shu sababli unda parvoz qilish uchun uchuvchi litsenziyasi talab qilinmaydi.

Rossiyalik tadbirkor Aleksandr Atamanovning Hoversurf kompaniyasi 2017 yil yozda o‘zining Scorpion-3 uchar mototsiklini taqdim qilgan. Hozirda qurilma kompaniya saytida 2018 yil iyunida yetkazib berish sharti bilan 59900 dollardan sotilmoqda. Qurilma 70 km/soat bilan ucha oladi. U 20 daqiqa havoda bo‘la oladi va 21 km gacha uchishi mumkin. 2017 yil dekabrda kompaniya 5 o‘rindiqli uchar mashinani yaratish ustida ishlayotgani ma’lum bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, qurilma 320 km/soat tezlik bilan harakatlana olishi va bir quvvatlanishda 450 km gacha ucha olishi mumkin.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » 2018 yilda savdoga ilk uchar mashinalar chiqarilishi mumkin