Bugun, 21-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb yozdi president.uz.
Yig‘ilish avvalida davlat rahbari sun’iy intellekt insoniyatni yangi sivilizatsiya bosqichiga olib kirishini ta’kidladi.
«Bugun butun dunyo sun’iy intellekt asriga kirdi. Bu texnologiyalar iqtisodiyotdan tortib ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqaruv tizimlarigacha chuqur kirib bormoqda. Kim izlansa va natija bersa — shu g‘olib bo‘ladi», dedi Prezident.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilga borib dunyoda sun’iy intellekt bozori hajmi 20 trillion dollardan oshib ketishi kutilmoqda. O‘zbekiston ham bu sohada izchil harakat qilmoqda: sohani rivojlantirish bo‘yicha maxsus qaror qabul qilindi, huquqiy asoslar yaratildi.
Qisqa vaqt ichida davlat xizmatlari, bank va moliya, xavfsizlik hamda transport yo‘nalishlarida 30 dan ziyod pilot loyihalar amalga oshirildi. Shu bilan birga, 2030-yilga qadar sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan edi, ammo xalqaro ekspertlar mamlakat salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda.
Prezident vazirlik va hokimliklar rahbarlariga haftasiga kamida bir kunni sun’iy intellekt sohasini rivojlantirishga bag‘ishlashni topshirdi.
«Har bir rahbar chet elda bu texnologiyalar qanday foyda berayotganini ko‘ryapti. Bizda ham shunday tizimni joriy qilish mumkin — faqat intilish kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda ayniqsa iqtisodiy samaradorlik misollar keltirildi. Ko‘plab korxonalar raqamlashtirish hisobiga xarajatlarni 10 foizgacha kamaytirgan. Agar sun’iy intellekt qo‘shilsa, bu raqam yanada oshishi ta’kidlandi.
Ayrim sohalarda sun’iy intellekt amalda samara bermoqda: adliya va soliq idoralari onlayn maslahat tizimini yo‘lga qo‘ygan, bojxona xavflarni boshqarish tizimini avtomatlashtirgan, geologiya sohasida esa videotahlil orqali rudalardagi metall hosildorligini 1–2 foizga oshirish loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Bu faqat geologik yo‘nalishining o‘zida yiliga 20 million dollarlik qo‘shimcha daromad berishi mumkinligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida davlat rahbari sun’iy intellektni joriy etish nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki mamlakatning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish garovi ekanini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!