Namanganda ijtimoiy tarmoq orqali ayolni shantaj qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kosonsoy tumanida yashovchi erkak o‘z telefoni orqali begona ayolning raqqosalik qilgan videolarini Instagram'da turli talqinda joylashtirgan. Ayol bu holatdan norozi bo‘lib, videolarni o‘chirishni so‘raganida, erkak undan 350 ming so‘m talab qilgan va bank kartasi raqamini yuborgan.
Biroq ayol pulni o‘tkazganidan so‘ng ham videolar tarmoqdan o‘chirilmagan. Aksincha, erkak akkaunt nomini o‘zgartirib, shu tasvirlarni yana qayta joylashtirgan. Ayol ikkinchi marta ham pul to‘lashga majbur bo‘lgan.
Natijada jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. Tezkor harakatlar natijasida shantaj orqali pul undirishga uringan shaxs aniqlanib, ushlangan.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquq-tartibot idoralari fuqarolarni begona shaxslarga shaxsiy ma’lumotlarini ishonib topshirmaslikka va ijtimoiy tarmoqlarda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!